Sport | 22:59 / 20.01.2016
2264
2 daqiqa o‘qiladi

Tennischi Novak Jokovich Parijdagi musobaqada o‘yinni yutqazib bergani haqidagi ma'lumotni rad etdi

Jahon tennisining birinchi raqamli tennischisi, serbiyalik Novak Jokovich u 2007 yilda Parijdagi “Masters” seriyasi turnirida fransiyalik Fabris Santoroga o‘yinni yutqazib bergani haqidagi ma'lumotni rad etdi. Bu haqda The Daily Mail nashri ma'lum qildi.

“Bu yolg‘on. Yana nima deyish mumkin? Men o‘sha uchrashuvni yutqazganman. Istalgan odam mohir tennischi istalgan musobaqaning ilk davrasida yutqazgan o‘yini haqida shunday gapni aytishi mumkin. Shuning uchun bu be'mani gapdir. Istalgan musobaqada istalgan shunday o‘yinni olib, uni kelishilgan deb aytish mumkin”, deb aytdi Jokovich.

O‘sha musobaqaning birinchi davrasida o‘sha vaqtda jahonning 3-raqamli tennischisi bo‘lgan Jokovich 39-raqamli tennischi Fabris Santoroga 3:6, 2:6 hisobida o‘yinni yutqazgan edi.

18 yanvarda Jokovich unga 2007 yilda Sankt-Peterburgdagi musobaqada yutqazib berishi uchun pora taklif qilinganini aytib o‘tdi.

Ayni vaqtda serbiyalik “Katta dubulg‘a” seriyasining birinchi musobaqasi Australian Open’da ishtirok etmoqda. Musobaqaning amaldagi chempioni bo‘lgan serbiyalik 20 yanvarda musobaqaning ikkinchi davrasida fransiyalik tennischi Kenten Alisni 6:1, 6:2, 7:6 hisobida yutdi. Jokovich uchinchi davrada italiyalik Andreas Seppi bilan bellashadi.