Jahon | 14:12 / 17.04.2026
2120
8 daqiqa o‘qiladi

Otashkesimga kelishgan Isroil va Livan, Indoneziyada vertolyot halokati va Ho‘rmuzdagi missiya muhokamalari – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Isroil va Livan o‘t ochishni to‘xtatishga kelishdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil va Livan yetakchilari 10 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimini boshlashga kelishib olganini ma’lum qildi.

Kecha respublikachi prezident Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu va Livan prezidenti Jozef Aun bilan «ajoyib suhbatlar» o‘tkazganini yozdi. Ikkinchi postida esa u ikki davlat o‘rtasida «mazmunli muzokaralar» o‘tkazish uchun yetakchilarni Oq uyga taklif qildi. «Har ikki tomon TINChLIKNI xohlamoqda va ishonamanki, bu tez orada amalga oshadi!» dedi u.

Keyinroq AQSh Davlat departamenti Isroil va Livan sulhi payshanba kuni kechki vaqtdan kuchga kirishi va 10 kunlik muddati o‘zaro kelishuvga ko‘ra uzaytirilishi mumkinligini bildirdi.

Kelishuv matniga ko‘ra, sulh kuchga kirishi bilan Livan hukumati «Hizbulloh» va o‘z hududidagi boshqa qurolli guruhlarning Isroilga qarshi hujumlar uyushtirishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘radi.

Isroil esa sulh davrida rejalashtirilgan, muqarrar yoki davom etayotgan hujumlarga qarshi o‘zini himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘rishi mumkin. Biroq u ham o‘n kun davomida Livanda hech qanday hujumkor harbiy operatsiyalar o‘tkazmaslikka rozi bo‘ldi.

Kelishuvga ko‘ra, ikki davlat barcha hal qilinmagan masalalarni, jumladan, xalqaro quruqlik chegaralarini demarkatsiya qilish uchun AQShdan muzokaralarga ko‘maklashishni so‘ragan.

Isroilning Livandagi harbiy kampaniyasi AQSh–Eron o‘rtasidagi tinchlik bitimiga asosiy to‘siqlardan biri edi. Endi hafta oxirida Pokistonda AQSh–Eron muzokaralarining ikkinchi bosqichi davom etishi kutilmoqda.

Rossiya–Ukraina urushi

Rossiyaning Ukrainaga hujumlaridan so‘ng qurbonlar soni 18 nafarga yetgani ma’lum bo‘ldi. Xususan, Rossiya bir kechaning o‘zida bir necha to‘lqinli hujumda 700 dan ortiq dron va raketalarni uchirgan.

Rasmiylarning ma’lum qilishicha, hujumlar oqibatida Ukraina janubidagi Odessa port shahrida to‘qqiz kishi, markaziy Dnepr shahrida besh kishi va poytaxt Kiyevda to‘rt kishi hayotdan ko‘z yumgan.

Rossiya janubidagi Krasnodar o‘lkasida esa Ukrainaning dron hujumi natijasida ikki kishi, jumladan, bir bola halok bo‘lgan.

Ushbu hujumlar o‘tgan hafta oxirida Pasxa bayrami munosabati bilan e’lon qilingan qisqa muddatli sulhdan so‘ng yuz bermoqda.

Ukraina harbiy-havo kuchlarining ma’lum qilishicha, so‘nggi 24 soat ichida Rossiya 659 ta dron hamda 44 ta qanotli va ballistik raketa uchirgan. Shulardan 636 ta dron va 31 ta raketa urib tushirilgan, biroq 26 ta nuqtaga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba berilgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy hafta boshida ular ballistik raketalarni tutib oluvchi «Patriot» raketalarining o‘tkir taqchilligiga duch kelayotganini aytgandi.

Ukrainadagi urush hozirda beshinchi yiliga kirdi. AQSh vositachiligida bir necha marta tinchlik muzokaralari o‘tkazilgan bo‘lsa-da, prezident Donald Tramp o‘z e’tiborini Yaqin Sharqqa qaratganidan beri jarayon to‘xtab qoldi. Ukraina birinchi qadam sifatida to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qilmoqda, biroq Moskva avval hududiy masalalarni hal qilib, tinchlik bitimini imzolashni talab qilmoqda.

Turkiya maktablaridagi qotillik

Turkiya politsiyasi shu haftada sodir bo‘lgan maktablardagi mudhish otishma haqida internetda munozarali kontent joylashtirgan 95 kishini hibsga oldi.

Turkiya adliya vaziri Akin Gurlekning ma’lum qilishicha, ular efirga uzatish taqiqlanganiga qaramay, hujumga oid kadrlarni tarqatish, vahima uyg‘otishi mumkin bo‘lgan kontentni ulashishda ayblanmoqda. Shuningdek, ularga huquqbuzarlikka undash, noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatish ayblovlari ham qo‘yilgan.

BBC nashrining yozishicha, yana 67 kishi boshqa maktablarda ham hujumlar amalga oshirilishiga ishora qiluvchi postlarni ulashgani uchun hibsga olingan. Vazirga ko‘ra, ushbu qotilliklar ortidan ijtimoiy tarmoqlardagi 1100 dan ortiq profil va hisoblarga cheklov qo‘yilgan.

Turkiyani larzaga solgan qotillik 15 aprel kuni Qahramonmarash hududidagi Ayser Chalik o‘rta maktabida sodir bo‘ldi. 14 yoshli o‘quvchi kamida to‘qqiz kishini, jumladan, sakkiz nafar maktabdoshi va bir o‘qituvchini otib o‘ldirdi. Shuningdek 13 kishi yaralangan, ularning olti nafari og‘ir ahvolda.

Keyinroq mahalliy prokuratura gumonlanuvchi hujumni oldindan rejalashtirganini ma’lum qildi: gumonlanuvchining kompyuteridan 2026 yil 11 aprel sanasi bilan qayd etilgan. U yaqin kelajakda yirik operatsiya o‘tkazish niyatida ekanini ko‘rsatuvchi dalillar topilgan.

Shuningdek, gumonlanuvchi o‘zining WhatsApp profilidagi suratida amerikalik ommaviy qotil Elliot Rodjyerga ishora qilgan.

Payshanba kuni hujumchining politsiyada ishlaydigan otasi va onasi ham hibsga olingan. Ular o‘g‘lining ruhiyatidagi buzilishlar va uning qurolga qiziqib qolgani haqida aytib berdi.

Indoneziyada vertolyot halokati

Indoneziyaning G‘arbiy Kalimantan provinsiyasida vertolyot halokatga uchradi. Rasmiylarga ko‘ra, oqibatda bortdagi barcha sakkiz kishi halok bo‘lgan. Hozirda qidiruv guruhlari jasadlarni va vertolyot qoldiqlarini olib chiqishga harakat qilmoqda.

Indoneziya qutqaruv agentligi rahbariga ko‘ra, Airbus H130 vertolyoti payshanba tongida havoga ko‘tarilganidan besh daqiqa o‘tib — zich o‘rmon va tepaliklar hududida aloqani uzgan. Qutqaruvchilar aloqa uzilgan nuqtadan taxminan 3 km g‘arbda vertolyotning dumi deb taxmin qilinayotgan bo‘laklarni topgan.

Halokat sabablari hozircha noma’lumligicha qolmoqda. Mahalliy qutqaruv agentligi bortdagi olti yo‘lovchi va ikki nafar ekipaj a’zosi halok bo‘lganini tasdiqladi.

Harbiylar va politsiya xodimlaridan iborat qutqaruv guruhi o‘sha kunning o‘zida halokat joyiga yetib borgan. Biroq noqulay relef va ko‘rish darajasining pastligi evakuatsiya ishlarini qiyinlashtirmoqda.

Germaniya Ho‘rmuzdagi missiyada qatnashadi, faqat...

Germaniya Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalarning erkin harakatini ta’minlash bo‘yicha ehtimoliy xalqaro missiyada ishtirok etishga tayyor. Bu haqda xabar bergan manbalarga ko‘ra, Germaniya bunday operatsiyani harbiy rejalashtirish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etadi. Xususan, kansler Fridrix Mers juma kuni Parijda ushbu mavzudagi uchrashuvda qatnashadi.

GFRning hissasi – harbiy harakatlar yakunlangach hamda huquqiy asos va Bundestag mandati mavjud bo‘lgan taqdirda qurolli kuchlarini joylashtirishni o‘z ichiga olishi mumkin. Bunda gap suv yo‘lini minalardan tozalash yoki dengiz razvedkasi haqida bormoqda.

Germaniya harbiy-dengiz kuchlari minalarni qidirish, yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan o‘nta ixtisoslashgan kemaga va Jibutida joylashgan harbiy-dengiz logistika bazasiga ega.

Shu bilan birga kansler – harbiy harakatlarning to‘xtatilishi, dastlabki sulh va xalqaro mandatni hisobga olib, «bularning barchasidan hali juda uzoqmiz» deb ta’kidladi.

Bugun Parijda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning taklifiga binoan yetakchilar Fors ko‘rfazidagi ehtimoliy missiyani muhokama qilishi kutilmoqda.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid