O‘zbekiston | 01:00 / 23.01.2018
20715
3 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida tekshirish o‘tkazishga ikki yillik moratoriy e'lon qilinadi - Prezident farmoni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha harakat strategiyasini amalga oshirishga oid «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»dagi Davlat dasturi to‘g‘risida»gi Farmoni imzolandi.

Prezident farmonining 2-bandiga ko‘ra, ishbilarmonlik sub'yektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatida tekshirish o‘tkazishga ikki yillik moratoriy e'lon qilinmoqda. (Yuridik shaxslarning tugatilishi va jinoyat ishlari doirasidagi tekshirishlar bundan mustasno).

2018 yilning 1 aprelidan boshlab:

  • Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi tugatiladi, bunda davlat soliq xizmatining ozod bo‘layotgan 228ta shtat birligi prokuratura organlariga o‘tkaziladi;
  • Kichik biznes sub'yektlari, xususiy tadbirkorlik, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyaga ega korxonalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha adliya organlarining biri birini takrorlovchi funksiyalari va vakolatlari bekor qilinadi;
  • Jinoyat ishlari doirasidagi moliya-xo‘jalik faoliyati tekshiruvi (reviziya) bir oydan oshiq vaqtni tashkil etmasligi kerak, faqatgina alohida hollarda tekshirish muddati O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosari tomonidan 1 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga cho‘zdirilishi mumkin;
  • Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida yuzaga kelgan huquqbuzarliklar bilan bog‘liq faktlarga ko‘ra jinoyat ishlarini qo‘zg‘atish faqatgina Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar roziligi bilan amalga oshiriladi;
  • Ishbilarmonlik sub'yektlari faoliyatidagi qoidabuzarliklar, o‘tkazilgan tekshirishlar va monitoring haqida ma'lumotlar (asos, tekshirish va monitoringlar o‘tkazilgan vaqt, xodimlar, uni o‘tkazganlar va boshqalar) va aniqlangan qoida buzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha choralar majburiy tarzda prokuratura organlarining maxsus elektron axborot tizimiga kiritiladi.
Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов

Mavzuga oid