Iqtisodiyot | 13:11 / 24.02.2026
3025
2 daqiqa o‘qiladi

«Kelajak tadbirkori» dasturi ishga tushiriladi

Joriy yildan «Kelajak tadbirkori» dasturi ishga tushirilib, yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatgacha 15 foizli mablag‘ ajratish boshlanadi. Shuningdek, oliygoh bitiruvchilari uchun «Mening birinchi kasbim» stajirovka dasturi va hududlarda «Yoshlar biznes inkubatori» markazlarini tashkil etish belgilandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, joriy yildan «Kelajak tadbirkori» dasturi doirasida yosh tadbirkorlarga 7 yilgacha 15 foizli mablag‘lar ajratiladi. Xususan, o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga garovsiz 20 million so‘mgacha kredit berilishi aytildi. Tadbirkorlik ko‘nikmasiga ega bo‘lib, o‘z biznesini boshlayotgan yoshlarga 300 million so‘mgacha, faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lgan yosh tadbirkorlarga 2 milliard so‘mgacha kredit ajratiladi. Kamida 5 nafar bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga esa 10 milliard so‘mgacha kredit berish nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda «Mening birinchi kasbim» dasturini ishga tushirish topshirildi. Unga ko‘ra, stajirovka asosida oliygoh bitiruvchilari o‘rtasida tanlov o‘tkazilib, g‘oliblarga oyiga 2 million so‘mgacha stipendiya to‘lash yo‘lga qo‘yiladi.

Uchrashuvda tadbirkorlikni endi boshlayotgan yoshlarning 30 foizi biznes ko‘nikmasi yetishmagani sababli qiyinchilikka uchrayotgani qayd etildi. Shu bois har bir hududda tadbirkorlikka o‘qitish, g‘oyani biznesga aylantirish, buxgalteriya, bank, marketing, ichki va tashqi bozorlarga chiqish bo‘yicha kompleks xizmatlar ko‘rsatadigan «Yoshlar biznes inkubatori» ishga tushiriladi.

Mutasaddilarga yoshlar uchun qulay joylarni belgilab, bu yil Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Namangan, Surxondaryo, Xorazm va Toshkent shahrida, kelgusi yilda esa qolgan hududlarda bunday markazlarni tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid