O‘zbekiston | 20:29 / 16.04.2026
5700
3 daqiqa o‘qiladi

Urush qatnashchilariga 30 mln so‘mdan bir martalik mukofot puli beriladi

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari 30 mln so‘m miqdorida mukofotlanadi, Mudofaa vazirligi ofitserlari oylik ustama miqdori ikki baravarga oshiriladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti, qurolli kuchlar oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevga harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, rezerv va zaxiradagi ofitserlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, 9 may – Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan axborot berildi.

Joriy yilda bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofotini to‘lash taklif qilindi.

Shuningdek, bu kunda urush qatnashchilari, front orti mehnat faxriylari, keksalar va ustozlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, yolg‘iz va kam ta’minlangan faxriylarning turar joylarini obodonlashtirish, turli xotira va qadrlash tadbirlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan Vatan fidoyilarining xotirasi ham ulug‘lanadi. Ularning oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatiladi.

Mudofaa vazirligi ofitserlariga xizmat yillari uchun to‘lanadigan har oylik ustama miqdori ikki baravarga oshiriladi, kontrakt bo‘yicha xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlarning oylik pul ta’minotini 10 foizga ko‘paytiriladi.

Hozirgi kunda 4 ta oliy ta’lim va 2 ta oliy harbiy ta’lim muassasasining harbiy tayyorgarlik o‘quv markazlari va fakultetlarida 42 ta mutaxassislik bo‘yicha rezerv va zaxiradagi ofitserlar tayyorlanmoqda. Bunga qo‘shimcha ravishda Urganch, Termiz, Andijon davlat universitetlari, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda Andijon davlat tibbiyot institutida yana 5 ta harbiy tayyorgarlik o‘quv markazini tashkil etiladi.

Shuningdek, davlat oliy ta’lim muassasalarida qo‘shimcha ravishda «Chaqiriqqacha harbiy ta’lim» yo‘nalishi bo‘yicha 3 yillik bakalavriat ta’limi asosida rezerv va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Harbiy tibbiyot institutida esa ilk bor klinik ordinatura va magistraturaga qabul qilingan hamda harbiy tayyorgarlikdan o‘tish istagini bildirgan talabalar to‘lov-kontrakt asosida o‘qitiladi. Bunday imkoniyat nodavlat oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun ham yaratiladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid