O‘zbekiston | 09:23 / 01.12.2020
7139
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi bilan memorandum imzoladi

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi (London School of Economics and Political Science) o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandumga muvofiq, TDIU va LSE akademik rahbarligi asosida London universiteti (University of London) bilan xalqaro qo‘shma ta'lim dasturini ochish rejalashtirilgan.

Shuningdek, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab, quyidagi bakalavriat ta'lim yo‘nalishlarida bakalavr darajasini beruvchi qo‘shma ta'lim dasturini ishga tushirish mo‘ljallanmoqda:

  • Buxgalteriya hisobi va moliya (Accounting and finance);
  • Iqtisodiyot (Economics);
  • Bank ishi va moliya (Banking and finance);
  • Menejment va raqamli innovatsiya (Management and Digital Innovation)

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining xorijiy maslahatchisi va eksperti – London School of Economics (LSE) o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritayotgan, ACA, ACCA Hamid Irgashevning so‘zlariga ko‘ra, nufuzli London iqtisodiyot universitetining ilmiy salohiyati TDIUda ta'lim sifatini oshirish imkonini beradi.

«London iqtisodiyot universiteti QS reytingida ijtimoiy fanlar va menejment bo‘yicha dunyoda 2-o‘rin va buxgalteriya va moliya yo‘nalishida dunyoda 4-o‘rinni egallab turibdi.

Mazkur kelishuvga ko‘ra, kelajakda London universiteti (University of London) va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamkorligidagi ikki tomonlama diplom beruvchi xalqaro qo‘shma ta'lim dasturi asosida bakalavriat yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash ham rejalashtirilgan.

Butun o‘qitish jarayoni to‘liq ingliz tilida bo‘lib, har bir fan, o‘quv materiali va imtihon London iqtisodiyot universiteti (London School of Economics) tomonidan tayyorlanadi va ta'lim sifati ular tomonidan tashqi imtihon orqali nazorat qilinadi», – dedi Hamid Irgashev.

Qayd etilishicha, London iqtisodiyot universitetining boshqa universitetlar bilan qo‘shma dasturlari mavjud emas. Shu sababli LSE o‘zining tashqi dasturlarini London universiteti federatsiyasi a'zosi sifatida amalga oshiradi.

Qo‘shma ta'lim dasturiga tayyorgarlik uch bosqichdan iborat:

  • Birinchi bosqichda TDIUning moddiy-texnik bazasi, professor-o‘qituvchilar salohiyati va boshqa talablar London iqtisodiyot universiteti (London School of Economics) tomonidan o‘rganib chiqiladi.
  • Ikkinchi bosqichda London universiteti (University of London) rahbariyati barcha taqdim qilingan hujjatlarni tekshirib, o‘z xulosasini beradi.
  • Uchinchi bosqichda, London universiteti (University of London) tarkibidagi 17 ta yirik universitet rahbarlari qo‘shma ta'lim dasturini ma'qullab, ijobiy xulosa berishi lozim.

Bu bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tish maqsadida TDIU rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipov va o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Mansur Eshov boshchiligida universitetning 20dan ortiq eng salohiyatli mutaxassislari jalb etilgan.

Ma'lumot uchun:

London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi (London School of Economics and Political Science) – 1895 yil asos solingan, iqtisodiyot sohasidagi yetakchi ta'lim muassasalaridan biri. OTMlarning dunyo reytingida 27-o‘rinda turadi va iqtisodiyot sohasida ko‘plab «Nobel» mukofoti sohiblarini yetishtirgan.

London universiteti (University of London) – 1836 yilda tashkil topgan, unda 50 mingga yaqin talaba tahsil oladi. Universitet federatsiya sifatida faoliyat ko‘rsatib, o‘z tarkibiga Angliyaning 17 ta yirik universitetini qamrab olgan. Shu jumladan, London iqtisodiyot universiteti (LSE) ham shu federatsiya tarkibiga kiradi.

Mavzuga oid