Jahon | 22:53 / 27.02.2026
9684
5 daqiqa o‘qiladi

«Men hech narsani ko‘rmadim, yomon ish qilmadim» - Bill Klinton Epshteyn ishi bo‘yicha bayonot berdi

Klinton, shuningdek, rafiqasi Hillarining Epshteyn bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini va hatto u bilan uchrashgan-uchrashmaganini ham eslay olmasligini ta’kidladi.

Bill Klinton va Jyeffri Epshteyn

AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton 27 fevral kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasining Nazorat qo‘mitasiga ko‘rsatmaga berish uchun bordi. U marhum moliyachi va sudlangan pedofil Jyeffri Epshteyn bilan aloqalari haqida gapirdi. Uning rafiqasi Hillari Klinton bilan bo‘lgani kabi, qo‘mita yig‘ilishi yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tdi. BBC xabariga ko‘ra, eshituvlar boshlanishi bilan bir vaqtda Klinton ijtimoiy tarmoqda kirish bayonotini e’lon qildi.

«Garchi Epshteyn bilan qisqa muddatli tanishuvimiz uning jinoyatlari ma’lum bo‘lishidan bir necha yil oldin to‘xtagan bo‘lsa-da va bizning cheklangan muloqotimiz davomida aslida sodir bo‘lgan voqealarning hech birini ko‘rmagan bo‘lsam-da, men bu yerga o‘zim bilgan ba’zi narsalarni aytib berish uchun keldim», dedi Bill Klinton.

«Men Epshteyn tomonidan sodir etilgan jinoyatlar haqida hech qanday tasavvurga ega emasdim. <...> Men nimani ko‘rganimni bilaman, eng muhimi - nimani ko‘rmaganimni. Men nima qilganimni bilaman, undan ham muhimi - nima qilmaganimni. Men hech narsani ko‘rmadim va hech qanday yomon ish qilmadim», deb qo‘shimcha qildi Klinton.

Klinton, shuningdek, rafiqasi Hillarining Epshteyn bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini va hatto u bilan uchrashgan-uchrashmaganini ham eslay olmasligini ta’kidladi.

Hillari Klinton va Bill Klinton

AQSh sobiq prezidenti 1983 yildan beri birinchi marta Kongress qo‘mitasi oldida ko‘rsatma berdi (o‘sha paytda buni Jyerald Ford qilgan).

«Klintonlar bu yerga kelishi uchun yetti oy kerak bo‘ldi. Ammo ular shu yerda va biz ularga ko‘plab savollar berishni intiqlik bilan kutmoqdamiz», dedi Nazorat qo‘mitasi raisi, respublikachi Jyeyms Komer.

Ammo qo‘mita a’zosi, demokrat Suxas Subramanyam bunga e’tiroz bildirdi: «Rostini aytaylik, biz boshqa prezident bilan gaplashyapmiz».

Bill Klintonning rafiqasi Xillari bir kun avval, 26 fevral kuni Kongressda ko‘rsatma berdi. U kirish so‘zida qo‘mitani shaffoflik yo‘qligi uchun tanqid qildi, uni noxolislikda aybladi, shuningdek, Donald Trampni ko‘rsatma berish uchun chaqirishni talab qildi.

Bill va Hillari Klinton uzoq vaqt davomida Kongressda Epshteyn ishi bo‘yicha ko‘rsatma berishdan bosh tortib, jarayonni siyosiy deb atab kelgan. Biroq, Kongressga hurmatsizlik uchun javobgarlikka tortilish tahdididan so‘ng, ular qo‘mita oldida nutq so‘zlashga rozi bo‘ldi.

Er-xotin Klintonlar eshituvlar ochiq bo‘lishi va televideniye orqali namoyish etilishini talab qildi, ammo bunga erisha olmadi.

Shu bilan birga, Jyeyms Komer shu kuni yoki 28 fevral kuni Kongress Hillari Klintonning ko‘rsatmalarini e’lon qilishini aytdi.

Bill Klintonning Jyeffri Epshteyn bilan aloqalari ko‘p yillardan beri ma’lum. Sobiq prezidentning aytishicha, Oq uyni tark etganidan keyin moliyachi bilan xayriya faoliyatida hamkorlik qilgan.

AQSh Adliya vazirligi tomonidan 2025 yil oxiri va 2026 yil boshida e’lon qilingan Epshteyn ishi bo‘yicha hujjatlar moliyachi va sobiq prezident o‘rtasidagi munosabatlar tarixini yoritib beradi. E’lon qilingan fayllardan ma’lum bo‘lishicha, Epshteyn va Klinton 2000-yillar boshida tanishgan va ikkinchisi 2002-2003 yillarda moliyachining samolyotida bir necha bor uchgan.

Biroq 2006 yilga kelib, Epshteyn birinchi marta fohishalikka undashda ayblanganida, Klinton allaqachon u bilan aloqa qilishni to‘xtatganini ta’kidlamoqda. Bill Klintonning aytishicha, u marhum moliyachining jinoyatlari haqida bilmagan. Hillari Klintonning ta’kidlashicha, u hech qachon Epshteyn bilan shaxsan uchrashmagan.

Na Hillari, na Bill Klintonga Epshteyn ishi bo‘yicha hech qanday ayblov qo‘yilmagan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid