Jahon | 13:58 / 20.09.2023
14834
17 daqiqa o‘qiladi

Ikki marta yopilgan Ikarus kompaniyasi – Yevropadagi avtobus ishlab chiqaruvchi eng yirik korxona nega bankrot bo‘lgandi?

O‘tgan asrning 70-90 yillari oralig‘ida dunyodagi eng mashhur yo‘lovchi transporti Ikarus avtobuslari edi. Vengriyada ishlab chiqarilgan bu avtobuslarning asosiy xaridori sovetlar bo‘lgan. SSSR parchalanib ketgach Ikarus kompaniyasi ham bankrot bo‘ladi va 2003 yilda yopiladi. 2007 yilda kompaniya qayta ish boshlaganda boshqa raqobatchilar ildamlab ketgandi. Shu sababli Ikarus eski mavqeiga qayta olmaydi.

Fotokollaj: Kun.uz

1980-yillarda Vengriyada ishlab chiqarilgan Ikarus avtobuslari juda ommabop edi. O‘sha paytlarda Yevropada ishlab chiqarilgan avtobuslarning yarmidan ko‘prog‘ini Ikarus’lar tashkil etardi.

Har yili o‘rtacha 12 ming dona avtobus ishlab chiqarilardi va uning asosiy qismi SSSRga eksport qilinardi. Shu sababli sobiq ittifoqda, jumladan O‘zbekistonda shahar va shaharlararo yo‘nalishlarda asosan Ikarus avtobuslari xizmat qilardi.

Biroq 1990-yillar boshiga kelib SSSR tarqab ketdi va korxona eng yirik xaridordan ayrildi. Shuningdek, Sharqiy Yevropadagi davlatlarga nemislarning sifat jihatdan ancha ustun bo‘lgan avtobuslari kirib kela boshladi.

Oqibatda avvaliga Ikarus kompaniyasida ishlab chiqarish hajmi keskin qisqarib ketdi. So‘ng kompaniya butunlay bankrot bo‘ldi.

Shaharlararo qatnovchi Ikarus avtobusi
Foto: autogaleria.hu

Ikarus tarixi

Ikarus avtobuslarining tarixi 1895 yilga borib taqaladi. Shu yili Imre Uri ism-sharifli shaxs Vengriyaning Pesht shahrida kareta (odam tashuvchi arava) tuzatish ustaxonasini ochadi.

(O‘sha paytlarda Dunay daryosining ikki tomonida joylashgan Buda va Pesht alohida shaharlar edi. Keyinchalik ular birlashib Budapesht nomini oladi.)

1920-yillardan boshlab ustaxona avtobus kuzovlari ishlab chiqaruvchi korxonaga aylanadi. 1927 yilda Uri yirik buyurtma oladi. O‘sha paytlarda avtobus kuzovlari asosan yog‘ochdan ishlab chiqarilar va ustiga metall qoplanar edi.

Ko‘p o‘tmay Urining o‘zi ham avtobus ishlab chiqarishni boshlaydi. Avvaliga u AQShning Ford kompaniyasida ishlab chiqarilgan eski yuk mashinalarini avtobuslarga aylantiradi. Ko‘p o‘tmay nemislarning Mercedes-Benz yuk avtomobillari shassisidan foydalana boshlaydi.

1930-yillar boshida Uri kompaniya boshqaruvini o‘g‘illariga topshiradi. Shundan so‘ng 1933 yilda kompaniyaga «Aka-uka Urilar» deb nom beriladi. 1939 yilda kompaniya minginchi avtobusni ishlab chiqaradi.

«Aka-uka Urilar» kompaniyasi ishlab chiqargan avtobus
Foto: gplauti.blogspot.com

Kompaniyaning Ikarus nomini olishi

Ikkinchi jahon urushi boshlangach Germaniya Vengriyani bosib oladi va «Aka-uka Urilar» kompaniyasi nemislar armiyasi uchun samolyotlar ishlab chiqaradi. Shuningdek, turli transport vositalarini ta’mirlab beradi.

1944 yil yozda sovet armiyasi Vengriyaning katta qismini va poytaxt Budapeshtni egallaydi. Shundan so‘ng «Aka-uka Urilar» sovetlar uchun turli texnikalar ishlab chiqarishga o‘tadi.

1947 yilda kompaniya milliylashtirish bahonasida egalaridan tortib olinadi va Vengriya og‘ir sanoat markazi tasarrufiga o‘tkaziladi.

Markaz korxonani «Ikarus Gep es Femgyár Rt» («Mashina va metall buyumlar ishlab chiqaruvchi Ikarus hissadorlik jamiyati) bilan qo‘shib yuboradi.

Shu tariqa ikkita zavodning qo‘shilishi ortidan Ikarus kompaniyasi tashkil etiladi. Shundan so‘ng bu yerda ishlab chiqariladigan avtobuslarga Ikarus yorlig‘i qo‘yila boshlanadi.

O‘sha paytda «Aka-uka Urilar» kompaniyasiga qo‘shib yuborilgan Ikarus o‘z nomini qadimgi grek afsonasidagi o‘ziga qanot yasab samoga parvoz qilmoqchi bo‘lgan Ikar nomidan olgandi.

Kompaniyaga Ikarus deb nom qo‘yilishiga yana bir sabab, o‘sha paytda Serbiyada Ikarbus kompaniyasi bor edi. Vengrlar o‘z kompaniyalarining nomi serblarnikidan farq qilishi uchun b harfini tushirib qoldirishadi.

1951 yilda Ikarus o‘zining minginchi avtobusini ishlab chiqaradi. 1953 yilda kompaniya shaharlararo qatnovga mo‘ljallangan Ikarus-55 modelini chiqara boshlaydi. 31 o‘rinli bu avtobus o‘z davrida eng zamonaviy avtobuslardan bo‘lib, unga dunyoning juda ko‘p davlatlaridan buyurtmalar tushadi.

Ikarus-55 avtobusi
Foto: itbusiness.hu

1962 yilda Ikarus kompaniyasiga Sekeshfexarvar shahridagi mexanika zavodi qo‘shib beriladi. Maqsad avtobus ishlab chiqarishni yiliga 10 ming donaga yetkazish edi. Vengerlar buni uddalashadi.

Mazkur avtobus Ikarus’ning dunyo bo‘ylab mashhurlashishiga sabab bo‘ladi va undan har yili o‘rtacha 10 ming dona ishlab chiqarilib, sotiladi. Ikarus-55 1972 yilgacha ishlab chiqariladi.

Hatto G‘arbning rivojlangan davlatlari, AQSh, Kanada, Germaniya federativ respublikasi kabi davlatlari ham Ikarus-55 avtobuslariga ko‘plab buyurtmalar berishadi.

Qo‘shib berilgan zavodda avtobuslar uchun turli ehtiyot qismlar ishlab chiqarila boshlanadi va bu ishlab chiqarish hajmini sezilarli oshiradi.

1970 yilda Ikarus zavodidan yuz minginchi avtobus chiqariladi. 1984 yilda esa ikki yuz minginchi avtobus konveyerdan chiqadi. Bu ko‘rsatkichlar Yevropadagi o‘rtamiyona bo‘lgan Vengriya uchun juda katta ko‘rsatkich edi.

1967 yilda Ikarus o‘z davrida eng yaxshi shaharlararo avtobuslardan biri bo‘lgan Ikarus-250 rusumini ishlab chiqara boshlaydi. Keyinchalik bu rusumga o‘zgartirishlar kiritiladi va zamonaviylashtirib boriladi.

Ikarus-250 avtobusi
Foto: commons.wikimedia.org

Ikarus-250 avtobusining xarakteristikasi

  • Ishlab chiqarilgan davri – 1967-1996 yillar;
  • Ishlab chiqarilgan soni – Qariyb 150 ming dona;
  • Maksimal tezligi – soatiga 120 km;
  • O‘rindiqlar soni – 40 tadan 60 tagacha;
  • Yo‘lovchi sig‘imi – 60 kishi;
  • Uzunligi – 12 metr;
  • Yoqilg‘i turi – Dizelda harakatlangan;
  • Dvigatel quvvati – 192dan 280 ot kuchigacha chiqarilgan;
  • Yoqilg‘i sarfi – 100 kilometrga 30-40 litr;
  • Uzatish qutisi – mexanik, 5-6 ta;
  • Yoqilg‘i sig‘imi – 250 litr;
  • Dvigatel – Raba-MAN D2156HM6U (T), D2156MT6U, Raba-MAN D2356HM6U (T) i Raba D10 (UTS/UTSLL/UTLL) (155/160/180/190/206)

Ikarus avtobuslarining muvaffaqiyat qozonishiga uning dvigatellari ham sababchi bo‘lgan. O‘sha paytda vengerlar sovetlarning sifatsiz dvigatelini rad etib, GFRning MAN kompaniyasida ishlab chiqarilgan dvigatellarini o‘rnatishadi.

Ikarus rusumlari

Ikarus kompaniyasi nafaqat shaharlararo, balki shahar ichida harakatlanadigan avtobuslar ham ishlab chiqargan.

Bundan tashqari, kompaniya tomonidan trolleybus, maxsus avtobuslar ham chiqarilgan. Kompaniyaning eng mashhur va ko‘p sotilgan modellari qo‘yidagilar edi:

Ikarus-260 – Bu avtobus shahar yo‘nalishida harakatlanuvchi hisoblanadi va undan 1972-2003 yillar oralig‘ida qariyb 75 ming dona chiqarilgan.

Avtobusning uzunligi 11 metr bo‘lib, unda 22 ta o‘rindiq bo‘lgan. Tik turib ketuvchilar hisobidan avtobusga 100 dan oshiq yo‘lovchi joylasha olgan.

Shahar yo‘nalishida qatnovchi Ikarus-260
Foto: ru.autowp.ru

Ikarus-256 – Bu avtobusdan 1977-2002 yillar oralig‘ida 23 ming donadan oshiqroq ishlab chiqarilgan. Ikarus-256 shaharlararo qatnovga mo‘ljallangan bo‘lib, unda 45ta o‘rindiq bo‘lgan.

Ikarus-255 – Bu avtobus Ikarus-256 bilan qariyb bir xil bo‘lib, farqi bir eshikli edi. Undan 1971-1983 yillar oralig‘ida qariyb 25 ming dona ishlab chiqarilgan.

Ikarus-256
Foto: pikabu.ru

Ikarus-55 – Bu kompaniyaning ilk avtobuslaridan biri hisoblanadi. Undan 1953-1972 yillar mobaynida qariyb 10 ming dona ishlab chiqarilgan. Avtobus shaharlararo qatnovga mo‘ljallangan.

Ikarus-66 – Ushbu model ham Ikarus kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan ilk avtobuslardan biri hisoblanadi. 1955-1973 yillar davomida undan qariyb 10 ming dona tayyorlangan. Bu avtobus ham shaharlararo yo‘nalishlarda yurishga mo‘ljallangan.

Ikarus-250 – Ikarus kompaniyasining eng mashhur avtobuslaridan biri hisoblanadi. Shaharlararo qatnovga mo‘ljallangan ushbu avtobusdan 1969-1996 yillar oralig‘ida qariyb 20 ming dona ishlab chiqarilgan.

Avtobus bir necha rusumda chiqarilgan bo‘lib, ularda 37 nafardan 60 nafargacha yo‘lovchi o‘rni bo‘lgan.

Ikarus-435 – Ushbu avtobus shahar yo‘nalishida foydalanish uchun chiqarilgan bo‘lib, u «garmoshka» deb ataluvchi rusumda edi. Ya’ni, avtobus 18 metrli bo‘lib, uning 12 metri asosiy korpus, orqa tomondagi 6 metrlik korpus esa unga tirkama shaklida taqilgan.

Ushbu avtobus ilk marta 1985 yilda chiqarilgan bo‘lib, keyinchalik bir necha marta modernizatsiya qilingan. SSSRdagi yirik shaharlarda minglab bunday avtobuslar yo‘lovchi tashigan. Eng ko‘p Moskva shahri uchun olingan. 2007 yilga kelib ular foydalanishdan chiqarilgan.

Ikarus-435
Foto: wikimedia.org

Ikarus-415 – Shahar yo‘nalishida xizmat qilgan ushbu avtobus 1986 yildan boshlab chiqarilgan. Avtobus uch eshikli bo‘lib, unda 25 ta o‘rindiq bo‘lgan. Tik turgan holda unga 90-100 kishi joylasha olgan. Bu avtobus ham sobiq ittifoqning yirik shaharlarida yo‘lovchi tashigan.

Ikarus-365 – Ushbu model ancha ixcham bo‘lib, undan asosan sayyohlarni olib yurishda foydalanishgan. Avtobusning uzunligi 11 metr bo‘lib, unda 46 yo‘lovchi o‘rni bo‘lgan.

Ushbu avtobus 1977 yildan ishlab chiqarilgan va uning ham asosiy xaridori SSSR bo‘lgan.

Ikarus-263 – 1985 yildan 2002 yilgacha shahar yo‘nalishi uchun mo‘ljallangan bu avtobusdan 1 600 donadan oshiq chiqarilgan. Uning asosiy qismi SSSRga, 1991 yildan keyin Rossiyaga sotilgan.

Avtobusning uzunligi 12 metr bo‘lib, unga 24 tadan 36 tagacha o‘rindiq joylashtirilgan. Tik turib ketuvchilar hisobidan 122 nafargacha yo‘lovchi joylasha olgan.

Ikarus-263
Foto: en.autowp.ru

Ikarus-283 – Bu avtobus ham «garmoshka» rusumli bo‘lib, uzunligi 18 metrni tashkil etgan. Avtobusda to‘rtta eshik bo‘lib, unda 29 ta o‘rindiq joylashtirilgan. Tik turib ketuvchilar hisobidan avtobusga 200 nafardan oshiq yo‘lovchi sig‘gan.

Kompaniya bu avtobusdan 1988-2002 yillar oralig‘ida qariyb 600 dona ishlab chiqargan. Ularning asosiy qismi 1991 yilgacha tayyorlangan.

Ikarus avtobuslari SSSRda

Ikkinchi jahon urushidan keyin Vengriya Moskva ta’sir doirasiga tushib qoladi. Shundan so‘ng SSSRda bo‘lgani kabi bu yerda ham boylar va o‘rtahollar qatag‘on qilinadi.

Zamindorlardan yerlar, boylardan xususiy korxonalar tortib olinadi. SSSRda bo‘lgani kabi qishloq xo‘jaligida jamoa xo‘jaliklari tashkil etiladi. Xususiy korxonalar davlat hisobiga o‘tkazib yuboriladi.

Vengerlar sotsialistik tuzum joriy qilgan bunday qonun-qoidalarni hazm qila olishmaydi va 1956 yilda Budapeshtda kommunistik tuzumga qarshi isyon ko‘tarishadi. Isyon sovet armiyasi tomonidan ayovsiz bostiriladi. Shundan so‘ng sovetlar Vengriyada nazoratni kuchaytirishadi.

O‘sha paytlarda bu davlatda tayyorlanadigan turli mahsulotlar eng avval SSSRga jo‘natilar, ortgani boshqalarga sotilardi. Ikarus avtobuslari bilan ham shu hol takrorlanadi.

Ikarus-55 ishlab chiqarila boshlangandan so‘ng tuzukroq avtobus zavodi bo‘lmagan SSSR undan ko‘p miqdorda sotib ola boshlaydi.

Keyinroq boshqa modellar ishlab chiqarilganda ham ular asosan sovetlar uchun jo‘natib turilgan. Umumiy hisobda sovetlar Vengriyadan har yili o‘rtacha 7-8 mingta avtobus sotib olishgan.

SSSR ko‘chalarida yurgan Ikarus
Foto: en.autowp.ru

O‘sha paytlarda sobiq ittifoqning barcha respublikalarida, yirik shaharlar orasida faqat Ikarus avtobuslari qatnardi. SSSRning o‘zida tayyorlangan LAZ (Lvov avtomobil zavodi) avtobuslari qisqa masofalarda yurar, uzoq masofalarning barchasiga Ikarus’lar xizmat ko‘rsatar edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1971-1976 yillar oralig‘ida besh yil davomida SSSRga 25 ming dona avtobus jo‘natilgan. Umumiy hisobda esa 1966-1990 yillar oralig‘ida SSSR 150 mingdan oshiq Ikarus avtobuslarini xarid qilgan.

1966 yildan avval sotib olinganlarini qo‘shib hisoblaganda sovetlar sotib olgan avtobuslar soni qariyb 200 ming donaga yetgan.

Ikarus avtobuslari SSSRning o‘zida tayyorlangan nisbatan sifatsizroq LAZ va LiAZ avtobuslaridan bir necha barobar qimmat bo‘lgan. Biroq avtobus narxiga mos ravishda sifatli va yo‘lovchilar uchun juda qulay bo‘lgan. Dvigateli nemislarniki bo‘lgani uchun uzoqroq xizmat qilgan.

Kompaniyaning bankrot bo‘lishi

1980-yillar oxiriga kelib vaziyat birdan keskin o‘zgaradi. Ikarus avtobuslarining eng yirik xaridori bo‘lgan SSSRda iqtisodiy inqiroz yuz beradi.

So‘ng ittifoqdosh respublikalarda mustaqillik uchun harakatlar boshlanadi. Ko‘p o‘tmay, 1991 yil avgust oyida bu davlat parchalanib ketadi. Mustaqil bo‘lgan respublikalarda iqtisodiy qiyinchiliklar yuz beradi. Shu tariqa kompaniya asosiy xaridoridan ayriladi.

Ma’lumot uchun, umumiy hisobda Ikarus kompaniyasi ishlab chiqargan avtobuslarning 90 foizi SSSRga eksport qilingan. 1991 yilda SSSR parchalangach Vengriyadan avtobus kelishi keskin kamaygan.

Masalan, 1988 yilda 1258 dona, 1989 yilda 751 dona, 1990 yilda 886 dona, 1991 yilda esa bor-yo‘g‘i 61 dona Ikarus-250 olingan. Ko‘p o‘tmay avtobus umuman kelmay qo‘yadi.

SSSRda sayyohlarga xizmat qilgan usti ochiq kabriolet Ikarus
Foto: dzen.ru

Buning ustiga Sharqiy Yevropadagi davlatlar ham sotsialistik tuzumdan voz kechishadi. Ular erkin bozor munosabatlariga asoslangan davlat qurishadi va Ikarus avtobuslarining o‘rniga Germaniyadan zamonaviy avtobuslar ola boshlashadi.

Bu paytga kelib, bir paytlar Vengriyadan avtobus xarid qilgan Germaniyada ko‘plab turda zamonaviy avtobuslar ishlab chiqariladi. Ana shunday sharoitda SSSR parchalanib ketgach kompaniya raqobatda nemis kompaniyalariga yutqaza boshlaydi.

Oqibatda Vengriya kompaniyasining savdo ko‘rsatkichi tushib ketadi va shunga qarab ishlab chiqarish ham pasayadi. Ko‘p o‘tmay kompaniya umuman avtobuslarini sota olmay qoladi va bankrotlik holatiga kelib qoladi.

Kompaniya o‘z tarixida ilk bor 2003 yil oktyabr oyida yopiladi. 2007 yilda uning faoliyatini qayta tiklashga urinishadi. Zavod egaligi Auto Rad Controlle Kft kompaniyasiga o‘tadi.

Shundan so‘ng Ikarus C80, Ikarus C83 modellarini ishlab chiqara boshlashadi. Biroq bu paytga kelib Yevropadagi boshqa avtobus ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ancha ildamlab ketgan va bozor to‘liq egallangan edi.

Ikarus C83
Foto: busztipusok

Shu sababli Ikarus kompaniyasining yangi egalari ishlab chiqarilayotgan avtobuslarni sotishda muammolarga duch kelishadi. Oxir-oqibat, bir necha oy faoliyat ko‘rsatgan kompaniya ikkinchi marta yopiladi.

Kompaniya faoliyatini qayta tiklashga urinishlar

1990-yillar boshida iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan kompaniya 1994 yilda Ikarus-405 avtobusini chiqara boshlaydi. Ikki eshikli bu ixcham avtobusda 16 ta o‘rindiq bo‘lib, tik turgan holda unga 30dan 46 nafargacha yo‘lovchi joylashishi mumkin edi.

Avtobus shahar yo‘nalishi uchun chiqarilgan bo‘lib, u SSSR tarqab ketgandan so‘ng yaxshi sotilgan model hisoblanadi. Ikarus-405 bor-yo‘g‘i uch yil chiqarilgan bo‘lsa ham undan anchagina tayyorlanadi va Sharqiy Yevropa davlatlariga sotiladi.

2003 yilda zavod yopiladi va o‘n yildan oshiq vaqt bo‘sh turadi. Faqat 2014 yilga kelib yangi dizayndagi Ikarus avtobusi ishlab chiqariladi. Biroq u ham ommalashmaydi.

2019 yilda Vengriyaning Sekeshfexervar shahri ko‘chalarida yangi elektrobuslar paydo bo‘ladi. Ularni Ikarus va Xitoyning CRRC Urban Traffic kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan Electrobus Europe Zrt Vengriya-Xitoy qo‘shma korxonasi tayyorlagan edi.

Ikarus-CityPioneer 2019
Foto: charter97.org

Yangi Ikarus-CityPioneer 2019 elektrobusi past polli bo‘lib, uning uzunligi 12 metrni tashkil etadi. Avtobusga o‘rnatilgan litiy-ionli akkumulyatorlar bir marta to‘ldirilganda 200-260 km masofani bosib o‘ta oladi.

So‘nggi yillarda xitoyliklar Ikarus kompaniyasi bilan avtobuslar chiqarayotgan bo‘lsa-da, ishlab chiqarish va savdo hajmi maqtagulik emas. Qo‘shma korxona amallab jon saqlab turibdi.

Yiliga 12-15 mingta avtobus ishlab chiqargan afsonaviy Ikarus tarixda qoldi va endi uni avvalgi holiga qaytarish juda mushkul.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid