O‘zbekiston | 15:15 / 19.08.2020
29507
5 daqiqa o‘qiladi

«Bu iltimos emas, talab» – Xushnudbek Xudoyberdiyev oliy ta'lim muassasalari xarajatlari ochiq bo‘lishi kerakligi haqida

Bugun, 19 avgust kuni Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining oliy ta'lim tizimidagi muammolar muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda Respublika oliy ta'lim kengashi a'zosi, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev tizimdagi bir qator muammolar va ularni keltirib chiqargan sabablar haqida gapirdi.

Foto: Senat matbuot xizmati

«Uzoq yillar davomida amal qilgan tizim bizni botqoqqa botirib qo‘ygan. Bu bor narsa. Bundan chiqishga shunchalar qiynalyapmizki, bir necha 10 yillar davomida ishdan chiqqan tizim bizni 20-30 yil orqaga uloqtirib yuborgan. Biz hali zamonaviy dunyoga yetib olishimizga ancha bor.

Davlat uzoq yillar xususiy oliy ta'limga qarshi bo‘lib kelgan. Hamma narsani davlat o‘z nazoratiga oladi, hammasini davlat o‘qitadi, deyilgan. Xususiy oliy ta'limga dushmandek qaralgan. Davlat na o‘zi eplay olgan, na talabalar kontraktini xarajatlarni qoplaydigan darajada belgilashga ruxsat bergan, na yetmayotgan summani o‘zi oshig‘i bilan to‘lab bergan, na o‘zim o‘qitaman, bozor sharoitida zo‘r sifat qilaman degan tadbirkorga ruxsat bergan.

Bundan tashqari, kirish imtihonlari qanaqa o‘tganini hammamiz bilamiz. Maktab o‘z joyiga borib qolgan, undan keladigan o‘quvchilarni Kembrijda o‘qitsangiz ham nari borsa 30 foizi yaxshi kadr bo‘ladi. Bularning hammasi o‘tdi. Endi nima qilamiz?

Pandemiya tufayli ko‘p narsa tezlashib ketdi. Ta'limning tepasida qo‘rqoqlar bo‘masligi kerak. Bunaqa odamlar amalda o‘tirmasligi kerak. Qo‘rqib qancha ko‘p vaqtni o‘tkazsak – oliy ta'lim tayyor emas, talaba tayyor emas, o‘qituvchilar tayyor emas, deb yashayversak, har bir kun uchun kamida 1-2 oyga orqada qolib ketyapmiz. Onlayn qabul, masofaviy ta'lim qanchadan beri aytib kelingan. Biz tayyor emasmiz deyishdi. Oqibatda nima bo‘ldi? Onlayn ta'limga o‘tdikmi?! 1,5 mln hujjat qabul qildik, eplasa bo‘lar ekan-ku!

Masofaviy ta'limga o‘tishni sal avvalroq boshlaganimizda – 5-10ta oliy ta'lim muassasasida boshlaganimizda ham, ular bazaviy sifatli ta'limni bera olgan bo‘lardi. Biz umuman ruxsat bermadik. Hamma noldan, emaklashdan boshladi. Natijada talaba ham sifatdan norozi bo‘ldi», dedi u davra suhbatida.

Huquqshunos talabalarda turli savol va e'tirozlarga o‘rin qolmasligi uchun oliy ta'lim muassasalari o‘z xarajat hisobotlarini ochiq e'lon qilishi lozimligini ta'kidladi.

«Moliyaviy masala haqida gap ketar ekan, moliyaviy shaffoflikni ta'minlash kerak. Talaba to‘layotgan kontrakt ta'lim xarajatlarining 68 foizini qoplashi aytilyapti. Bu raqamni juda ko‘p eshitdik, lekin buning tagi qani? Barcha oliy ta'lim muassasalarida ham bunday emas. 68 foiz bu – o‘rtacha raqam. Qaysi biridadir bu ko‘rsatkich 30 foiz, qaysidadir 90 foiz bo‘lishi mumkin. Nega rektorlar o‘zining oliy ta'lim muassasasida mana shunaqa moliyaviy hisobotlarni e'lon qilmaydi? 1 yilda 100 mlrd pul tushirdik, xarajatimiz 200 mlrd bo‘ldi, pulni mana bularga sarfladik, deb aytmaydi? Nega moliyaviy shaffoflik yo‘q?

Faqat vazirlik 100dan ortiq muassasa uchun javob beradi. U barcha ma'lumotlarni umumlashtirib bitta raqam aytadi, lekin bu raqam faqat savolni ko‘paytiradi, javob bermayapti. Har bir rektor o‘z talabalari bilan gaplashib javob bersa bo‘lmaydimi? Axir bu soliqchilarning, talabalarning puli, rektorning cho‘ntagidagi pul emas.

Har bir rektor o‘zining oliy ta'lim muassasasi bo‘yicha xarajatlarni e'lon qilsin. Shunda javoblar olinadi, oz bo‘lsa ham norozilik pasayadi. Keyingina sifat masalasi bo‘ladi.

Bu iltimos yoki imkoniyat bo‘lsa qilinadigan ish emas. Talab qilishimiz kerak. Marhamat, o‘zining hisobotlarini ochiq va shaffof e'lon qilsin. Biz bilaylik va keyingi strategiyalarni shundan kelib chiqib belgilaylik», deya Xushnudbek Xudoyberdiyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid