O‘zbekiston | 18:42 / 03.10.2021
9220
3 daqiqa o‘qiladi

Aholi o‘z ixtiyori bilan paxta terib qo‘shimcha daromad olmoqda

Fermer xo‘jaligimizda ko‘p yillardan buyon paxta va g‘alla yetishtirib kelamiz. Ayni paytda fermer xo‘jaligimiz dalalarida paxta terimi qizg‘in davom etmoqda.

Ozodlik radiosining ijtimoiy tarmoqlarida “Paxta, klaster va selektor” nomli maqolasini o‘qib qoldim. Maqolada adolatga to‘g‘ri kelmaydigan ma'lumotlar ifodalangan   ekan. Men bu maqolaga o‘z munosabatimni bildirishni xohladim.

Bugungi kunda fermerlar uchun paxtani sotish narxi va terimchilarga ham paxta terib olishda to‘lanadigan narxi oshdi. Endilikda fermerlar va klasterlar paxta yetishtirishdan foyda olmoqda. Sababi, klasterlar tashkil etilmasdan oldin, yerga kerakli bo‘lgan o‘g‘itlar o‘z vaqtida yetkazib berilmagan. Yetkazib berilgan bo‘lsa ham ustida “shapka”si bilan kelgan. Hozirgi kunda-chi, yerlarimizga o‘g‘itlar o‘z vaqtida, me'yorida yetkazib berilmoqda. Shu sababli paxta va g‘alla hosillarini yetishtirishda yildan yilga sentner, tonnalarimiz yuqorilab boryapti.

2021 yilda bizning Yozyovon tumanida birinchi terimning o‘zidayoq 50 sentnergacha paxta yetishtirgan fermerlar bor. Baraka topsin shunday fermerlarimiz.

Biz davlatimiz rahbarlari tomonidan tizimli yaratilgan ko‘rsatmalariga asosan, shunday yutuqlarga erishyapmiz deb o‘ylayman. Biz ham fermer xo‘jaligimiz daromadidan hozirgi kunda tumanimiz aholisi ehtiyojlarini qondirish, bozor munosabatlarini, ya'ni narxlarni mo‘'tadil saqlash maqsadida, un zavodi qurganmiz. Hozirgi kunda donni qayta ishlab tumanimiz aholisiga un mahsulotlarini yetkazib bermoqdamiz.

Yana shuni aytib o‘tish lozimki, mahallamiz aholisi o‘z ixtiyori bilan paxta terib, qo‘shimcha daromad olmoqda. Terim pullari terimchilarga o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda.

Fermerlarga yig‘ilish masalasiga kelsak, hech qanday yig‘ilishbozlik yoki boshqa majlisbozliklar bo‘layotgani yo‘q.

Paxta hosillarini umuman yerda qoldirmaymiz, chunki paxta biz fermerlarning “oltin”imizdir. Shu sababli Ozodlikda yozilgan maqola asossiz deb hisoblayman.

Olimov Mirzohid, Farg‘ona viloyati, Yozyovon tumanidagi “Bahrombek” fermer xo‘jaligi rahbari. 

Mavzuga oid