O‘zbekiston | 21:26 / 30.10.2019
8431
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik avtomexaniklar Yaponiyadagi xalqaro tanlovda ishtirok etdi

30 oktabr kuni Yaponiyaning Fujisava shahrida an'anaviy «I-1 Grand-Prix Isuzu» xalqaro texnika tanlovi bo‘lib o‘tdi.

14-marotaba o‘tkazilgan tanlovda O‘zbekiston jamoasi 7-marta qatnashdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi

Kun.uz muxbirining Fujisavadan xabar berishicha, bu gal o‘zbekistonlik texniklar «B» kategoriyada 22 jamoa orasidan 14-o‘rinni egalladi.

Musobaqada O‘zbekiston sharafini «SamAuto» MChJ mutaxassisi Alisher Hojiyev (jamoa sardori), «Imagine» MChJ dilerlik markazi avtomexaniklari Elmurod Mahmudov va Bahrom Toshpo‘latov himoya qildi.

Chapdan o‘ngga - Bahrom Toshpo‘latov, Elmurod Mahmudov, Alisher Hojiyev

Tanlovda dunyoning 32 davlatidan jami yuzga yaqin avtoustalar qatnashdi. Isuzu`ning global dilerlik tarmog‘i vakillari bo‘lgan bu mutaxassislar amaliy topshiriqlar orqali avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mahorati, yozma testlarda esa avtomobilsozlikka oid bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar.

«Samavto» servis xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Timur Ladinning so‘zlariga ko‘ra, amaliy topshiriqlar uch bosqichdan iborat.

«Birinchi bosqichda mashinani to‘liq texnik ko‘rikdan o‘tkazish, bunda aniqlangan nosozliklarni ikkinchi bosqichda tuzatish kerak. So‘nggi shartda esa alohida olingan agregatdagi nosozlik bartaraf qilinishi talab etiladi. Jamoada jarayonlarni sardor boshqarib boradi», – deydi «Samavto» vakili.

Bahrom Toshpo‘lov

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston avtomexaniklari mazkur musobaqadagi eng yaxshi ko‘rsatkichini 2014 yilda qayd etgan, o‘shanda jamoa 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.

Qayd etish joiz, O‘zbekiston avtosanoati Yaponiyaning Isuzu Motors kompaniyasi bilan 2007 yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Samarqand avtomobil zavodida Isuzu modelidagi avtobuslar, yuk va maxsus avtomobillarning 30dan ortiq turlari ishlab chiqarilmoqda.

Tanlov ishtirokchilari orasida ayol texniklar ham bor.

Mavzuga oid