O‘zbekiston | 15:13 / 16.09.2021
12532
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Tojikistonga yetib bordi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Dushanbe shahriga keldi.

Davlat rahbarini Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzoda va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

17 sentabr kuni bu yerda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotining asoschi davlatlaridan biri. 2001 yilda tuzilgan mazkur tashkilotga bugungi kunda sakkizta mamlakat – Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston a'zo.

O‘tgan 20 yilda tashkilot xalqaro doirada nufuzli tuzilmaga aylandi. Bugun ShHT makoni dunyo aholisining qariyb yarmini birlashtirgan, boy tabiiy resurslar, ilg‘or texnologiyalar va ulkan iste'mol bozoriga ega.

O‘zbekiston ShHTga savdo-iqtisodiyot, transport va madaniy-gumanitar sohalarda ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, mintaqaviy xavf-xatarlar va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashishning muhim vositasi sifatida qaraydi.  

Mamlakat tashkilot doirasidagi hamkorlikda faol ishtirok etib kelmoqda. Davlat rahbarining tashabbuslari hamkorlik ko‘lamini kengaytirish va natijadorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.

Prezident bugunning o‘zida Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Eron prezidenti Ibrohim Raisiy va Pokiston bosh vaziri Imron Xon bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

Mavzuga oid