O‘zbekiston | 17:16 / 10.05.2016
22627
2 daqiqa o‘qiladi

Termizda yangi Xotira va qadrlash maydoni ochildi

Termiz shahrida yangi barpo etilgan Xotira va qadrlash maydonining ochilish marosimi bo‘ldi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Xotira va qadrlash maydonini barpo etish uchun 6 milliard 200 million so‘m mablag‘ sarflandi. Ikki gektar joyni egallagan zamonaviy maydonda Motamsaro ona haykali qad rostladi. Maydonda zamonaviy arxitektura va me'morlik an'analarini mujassam etgan keng ayvon barpo etilib, alyuminiydan tayyorlangan maxsus kitoblar o‘rnatildi. Ushbu kitoblarga Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan surxondaryoliklarning ism-familiyasi zarhal harflar bilan bitilgan.

Avvalgi Xotira maydonida Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan 20 mingdan ortiq surxondaryolik askarning ism-familiyasi yozib qo‘yilgan edi. So‘nggi yillarda aniqlangan yana 4 mingga yaqin yurtdoshimizning ism-familiyasi bu ro‘yxatga kiritildi, ziyoratchilar uchun barcha qulaylik yaratildi.

Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahallalar faollari, urush va mehnat faxriylari, yoshlar Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.

Mavzuga oid