O‘zbekiston | 12:00 / 05.07.2021
118634
2 daqiqa o‘qiladi

Issiq harorat hafta oxirigacha saqlanib qoladi - «O‘zgidromet»

Haftaning katta qismi davomida havo harorati yuqoriligicha qoladi. Juma kunidan boshlab respublika hududiga salqin havo massalari kirib keladi va issiq asta-sekin pasayishni boshlaydi.

Haftaning katta qismi davomida O‘zbekistonga Eron hududlaridan quruq va issiq havo kirib kelishi davom etadi.  Bu haqda «O‘zgidromet» matbuot xizmati xabar bermoqda.

Havo harorati kechalari +25...+27 daraja, kunduz kunlari +41...+43 daraja, shimolda, janubda va cho‘l hududlarida +44...+46 darajagacha bo‘ladi, bu o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan +5...+8 darajaga yuqoridir.

Juma kunidan boshlab respublika hududiga Volga bo‘yi hududlaridan deyarli salqin havo massalari kirib kelishi boshlanadi va issiq asta-sekin pasayishni boshlaydi. Juma kuni kunduzgi harorat +37...+40 darajagacha pasayadi va faqat janubiy hududlar bo‘yicha +42...+44 darajani tashkil etadi.

Qoraqalpog‘iston hududi bo‘yicha harorat payshanba kunidan pasayishni boshlaydi va juma kuni havo harorati +32...+37 darajani tashkil etadi.

Dam olish kunlari O‘zbekistonning barcha hududlarida harorat pasayishi davom etadi.

«Haftaning boshida va oxirida O‘zbekistonning ayrim tog‘ oldi va tog‘li hududlarida momaqaldiroq bilan mahalliy yomg‘ir yog‘ishi ehtimoldan xoli emas, seshanba kuni kechga tomon esa Toshkent viloyatining tekislik hududlari bo‘yicha biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin», deyiladi xabarda.

Hafta davomida respublika bo‘yicha ba'zi joylarda shamol 15-20 m/s.gacha kuchayishi kutilmoqda.

  • Bundan avvalroq O‘zbekistonda havo harorati 48 darajagacha chiqishi mumkinligi haqidagi xabar ortidan mamlakat hukumati shoshilinch choralar ko‘rishga kirishgani xabar qilingandi.
  • Shuningdek, SSV quyosh urganda birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Issiqdan saqlanish uchun havoni yaxshi o‘tkazib, quyosh nurini qaytaradigan, tanaga yopishmaydigan kiyimlarni kiyish kerakligi aytildi.

Mavzuga oid