O‘zbekiston | 19:59 / 04.04.2017
29150
2 daqiqa o‘qiladi

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarinirag‘batlantirish to‘g‘risida»gi farmoni e'lon qilindi.

9 may umumxalq bayrami – Xotira va Qadrlash kuni o‘tkazilishi, shuningdek, 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 72 yilligi nishonlanishi munosabati bilan hamda urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida:

1. 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 2 000 000 (ikki million) so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilansin.

2. Mazkur Farmonni bajarish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi byudjyeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Moliya vazirligi va Markaziy bank bilan birgalikda 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga ushbu pul mukofotining tantanali va bayramona vaziyatda topshirilishi ta'minlasin.

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar 
va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Kamolot» O‘zbekiston yoshlar ijtimoiy harakati, Badiiy akademiya, Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazi, «Nuroniy» jamg‘armasi va «Mahalla» xayriya jamoat fondi, boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birgalikda vatanimiz ozodligi va sha'ni-sharafi himoyachilariga bag‘ishlangan maxsus uchrashuvlar va ma'rifiy-badiiy kechalar o‘tkazsin.

5. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Mavzuga oid