Jahon | 12:07 / 27.09.2022
41748
25 daqiqa o‘qiladi

Putin haqiqatan ham yadro qurolidan foydalanishi mumkinmi? Uni to‘xtatishning iloji bormi?

Ukrainada urush boshlanganidan beri Vladimir Putin, shuningdek, ko‘plab rossiyalik rasmiylar, siyosatchilar va targ‘ibotchilar G‘arbga muntazam ravishda yadro quroli bilan tahdid qilmoqda. Ba’zan ular bu haqda to‘g‘ridan to‘g‘ri, ba’zan esa kinoya bilan gapirishyapti.

Fransuz atom bombasi portlashi, 1971 yil. Galerie Bilderwelt / Getty Images

Putin bu tahdidni 21 sentabr kuni Rossiyadagi «qisman safarbarlik» haqidagi bayonotida yana bir bor aytib o‘tdi.

«Meduza» nashri Rossiya yadro siyosati bo‘yicha ekspert, Kanadadagi Kuins universiteti Xalqaro va mudofaa siyosati markazi ilmiy xodimi Maksim Starchak bilan Putin haqiqatan ham yadroviy zarba berishga qaror qilishi mumkinmi va buning oqibatlari qanday bo‘lishi haqida suhbatlashdi.

— Yadro qurollari tajovuzkor va yon bosishga tayyor bo‘lmagan odamlar qo‘liga tushib qolsa, dunyoda ularni tiyib turish va qandaydir nazorat qilishga qaratilgan tizim bormi? Prinsipial jihatdan bunday tizimni yaratish mumkinmi?

— Yo‘q, degan bo‘lardim. Nazariy jihatdan, Putin deyarli hamma narsani qila oladi. Yadroviy davlat maqomi harbiylarning jazosiz qolish imkoniyatini ochib beradi.

Kafolatlangan tarzda bir-birini yo‘q qilish doktrinasi bor. Unga ko‘ra, tomonlardan biri boshqasiga nisbatan yadro qurolini qo‘llasa, ulardagi yadro kallaklari soni o‘xshash bo‘lsa, javob zarbasiga, ya’ni hujumchining ham, himoyachining ham butunlay yo‘q qilinishiga olib keladi.

SSSR va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar shu asosda qurilgan va endi u Rossiya Federatsiyasi va AQSh o‘rtasidagi harbiy xavfsizlikning asosi hisoblanadi. Agar tomonlar yadroviy salohiyati bo‘yicha teng bo‘lmasa ham, javob zarbasini berish tahdidi yadroviy mamlakatga qarshi tajovuzning oldini oladi. Misol tariqasida AQSh va KXDR munosabatlarini keltirish mumkin.

Ammo bu yadroviy qurolga ega davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda shunday. Agar yadroviy davlat yadro quroliga ega bo‘lmagan davlatga yadroviy hujum uyushtirmoqchi bo‘lsa, buni to‘siqsiz amalga oshirishi mumkin. Ha, bunday xatti-harakat xalqaro miqyosda qoralanadi, lekin amalda hech qanday to‘siq yo‘q.

Shu bilan birga, yadro quroliga ega bo‘lmagan NATO davlatlari alyans nizomining 5-moddasi bilan himoyalangan (biriga hujum – hammaga hujum). Boshqa mamlakatlar ikki tomonlama kanallar orqali yordamga umid qilishi mumkin. Xususan, Qo‘shma Shtatlarning Yaponiya va Janubiy Koreya bilan o‘zaro mudofaa bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvi bor. Rossiya KXShT a’zosi bo‘lgan davlatlarning ham xavfsizligini ta’minlashi kerak.

Boshqa hollarda hech narsa yuz bermaydi. Har tomonlama diplomatik bosim o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Aftidan, Putinga nafaqat G‘arb, balki Hindiston va Xitoy, ShHTga a’zo boshqa davlatlar ham bosim o‘tkazmoqda, buni Samarqanddagi sammit ko‘rsatdi. Agar bir betayin rahbar yadro urushini boshlashi mumkinmi degan savolni o‘rtaga tashlasak, albatta boshlashi mumkin, ammo qiyin.

Amerikada yadroviy raketalarni uchirishga faqat prezident buyruq berishi mumkin. Ammo qandaydir bebosh prezident yakka holda bunday qarorga kela olmaydi. Agar prezident sog‘lom bo‘lmasa, vitse-prezident hukumatning boshqa a’zolari ko‘magida boshqaruvni qo‘liga olishi mumkin.

Har qanday holatda, prezident (yoki uning vazifasini bajaruvchi) kodlar almashinuvi orqali shaxsini identifikatsiya qilish jarayonidan o‘tishi, uning buyrug‘i mudofaa vaziri tomonidan tasdiqlanishi kerak. Keyin Shtab boshliqlarining qo‘shma qo‘mitasi raisi bilan bog‘laniladi, u o‘z navbatida, Milliy harbiy qo‘mondonlik markazi va AQSh strategik qo‘mondonligi shtab-kvartirasiga yadroviy raketalarni uchirish buyrug‘ini beradi.

Tramp davrida bu masala dolzarb edi. O‘sha paytda strategik qo‘mondonlik boshlig‘i, agar buyruqni qonunga xilof deb hisoblasa, uni bajarmasligini aytdi. Agar birinchi yadro zarbasi AQSh tomonidan berilayotgan bo‘lsa, buyruqning qonuniyligi tekshiriladi. Buning uchun dastlab AQSh Kongressi biror davlatga urush e’lon qilgan bo‘lishi kerak.

Rossiyada prezident yadroviy qurolni qo‘llash uchun maxsus kod signalini yuborishi va shu orqali undan foydalanishga ruxsat berishi kerak. Bu signal «yadro jomadoni» portativ boshqaruv tizimi orqali uzatiladi. Mudofaa vaziri va Bosh shtab boshlig‘ida ham shunday qurilma bor. Agar ruxsat uchta qurilmadan yuborilsa, yadroviy zarba berish imkoni paydo bo‘ladi.

Keyin signal Bosh shtabning maxsus xizmatiga boradi, o‘z navbatida u yadro kuchlari joylashgan maxsus qo‘mondonlikka buyruq beradi. So‘ngra, buyruq qo‘mondonlik tomonidan yadro qurolini ishga tushirishga mas’ul bo‘lgan ofitserga uzatiladi. Ta’kidlash joizki, «yadro jomadoni»ga mas’ul bo‘lgan ofitserlar guruhi har doim prezident bilan birga bo‘ladi.

Zanjir yetarlicha uzun, shu tufayli, yadro quroli «tasodifan qo‘llanishidan» ishonchli himoya bordek tuyulmoqda. Lekin, masalan, agar prezident va mudofaa vaziri bilan aloqa uzilgan bo‘lsa, Bosh shtab boshlig‘i yadro zarbasi haqidagi qarorni mustaqil ravishda qabul qilishi mumkin.

Strategik bo‘lmagan (taktik) yadro qurollariga kelsak, u yerda zanjir yanada uzunroq. Qo‘shinlarda taktik jangovar kallak yo‘q. Uni markazlashtirilgan ombordan olish, yuklash, tashish, harbiylarga yo‘riqnoma berishga to‘g‘ri keladi. Bu uzoq zanjir va har bir bosqichda uni qo‘llashning maqsadga muvofiqligi haqidagi shubhalar paydo bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, hammasi kuzatib boriladi, AQSh va NATO razvedkasi bunday harakatlarni tezda aniqlaydi.

— Putinning buyrug‘iga bo‘ysunmaslik mumkinmi? Yoki bu fantastik ssenariymi?

— Bunday ssenariylar bo‘lishi, hatto har xil bo‘lishi mumkin. Aytganimdek, buyruqdan ijroga qadar zanjir uzun. Qo‘mondonlik darajasida ham, yadro qurolini ishga tushiradigan ofitserlar darajasida ham. Bir voqeani aytib bermoqchiman. 1962 yildagi «Karib inqirozi» paytida B-59 sovet suvosti kemasi AQSh samolyotlari tomonidan bombardimon qilinadi. Oliy harbiy qo‘mondonlik bilan tezkor aloqaga ega bo‘lmagan suvosti kemasida yadroviy zarba berish to‘g‘risida mustaqil qaror qabul qilish huquqi bor edi. Lekin buning uchun kapitan va yana ikki ofitserning roziligi kerak edi. Bombalar ostida qolgan kema kapitani yadro urushi boshlandi deb o‘yladi va o‘rinbosarining roziligi bilan o‘t ochishga buyruq bermoqchi bo‘ldi. Ammo uchinchi ofitser bu qarorga qo‘shilmadi.

Shunday ekan, yadroviy zarba berish haqidagi qaror hamon inson xohishiga bog‘liq. Men sovuqqonlik hissiyotlar ustidan g‘alaba qozonishiga ishonishni xohlayman.

— AQSh va SSSR (keyin Rossiya Federatsiyasi) strategik va hujum qurollarini cheklash to‘g‘risida bir qator shartnomalar imzolagan. Hozirgi holatdan kelib chiqadigan bo‘lsak, ular qanchalik samarali?

— Umuman olganda, qurol-yarog‘ni nazorat qilish bo‘yicha har qanday kelishuvni ne’mat sifatida ko‘rish mumkin. Albatta, agar barcha tomonlar unga amal qilsa.

Masalan, SHQ-3 shartnomasi har ikkala tomonning jangovar kallaklari sonini 2500 tadan 1550 tagacha kamaytirish imkonini berdi. Yadro qurollarining jangovar tashuvchilarini qisqartirish sal kamroq samarali bo‘ldi. Amerikadagi yadroviy qurol tashuvchilari 882 tadan 686 taga qisqardi. Rossiyada bu raqam deyarli o‘zgarmadi – chunki u qurollarni modernizatsiya qilmoqda va eskirganlarini almashtirish uchun yangi tashuvchilarni ishlab chiqmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya 526 ta tashuvchiga ega, ammo shartnoma 700 tagacha ruxsat beradi.

10 yillik shartnoma (yana 5 yilga uzaytirish sharti bilan) 2011 yilda kuchga kirgan. 2021 yil fevral oyida u 2026 yilgacha uzaytirildi. AQSh yangi shartnoma tuzmoqchi edi. Hatto hozirgi sharoitda ham Qo‘shma Shtatlar strategik qurollar bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlash istagini bildiruvchi signallarni yubormoqda.

Biroq, tomonlar boshlang‘ich pozitsiyalaridan juda uzoqda. AQSh muzokaralarga yadroviy qurollarning barcha arsenalini kiritmoqchi. Rossiya o‘zining strategik bo‘lmagan (taktik) yadro qurollari haqida gapirishga tayyor emas, buning uchun AQShdan Yevropadagi yadroviy qurollarini o‘z milliy hududiga olib ketishni talab qilmoqda. Yevropadagi yadro qurollari NATOga yadroviy maqom beradi va AQSh ularni olib ketishni, ayniqsa, Moskvaning hozirgi tajovuzkor tashqi siyosati sharoitida istamayapti va istamaydi ham.

Kelajakda qurollarni nazorat qilish bo‘yicha kelishuvga to‘sqinlik qiladigan boshqa bir qator muammoli masalalar ham bor. Umuman olganda, qurollarni nazorat qilish katta inqirozda. SQV-3 shartnomasidan tashqari, qurol nazorati sohasida muhim kelishuvlar yo‘q. Bularning barchasi katta muzokaralar jarayonini talab qiladi, 2021 yilda ular boshlanishi kerak edi. Biroq, Ukrainadagi urush tufayli to‘xtatildi.

Endi Ukraina konteksti uzoq vaqt davomida kelishuvlar imkoniyatiga ta’sir qiladi. Moskva bilan tuziladigan har qanday kelishuv, hatto ularning ehtimoli ham, endi AQSh siyosiy va harbiy doiralarida qarshilikka uchraydi. Muzokaralar stoliga o‘tirish imkoniyatiga ham erishish qiyin bo‘ladi. Urushdan oldin ham tomonlar o‘rtasida ishonch bo‘lmagan, hozir ham yo‘q. Bu juda uzoq vaqt davom etishi mumkin.

— Vladimir Putin uchun yadro quroli bilan tahdid qilish oddiy holga aylandi. Eng yangi tarixda bunday holatlar bo‘lganmi? Undan qanday qilib chiqib ketilgan?

— Hatto sovuq urush davrida ham yadroviy quroldan foydalanish ehtimoliga qaratilgan bunday ritorika bo‘lmagan. O‘sha paytda yadro quroli borligi va undan foydalanish mumkinligini hamma tushunardi. Bir tomonning yadroviy zarbasi javob zarbasiga olib kelishi va bu o‘zaro halokatga sabab bo‘lishi haqida jiddiy tushuncha bor edi. Va hech kim buni tinmasdan eslatib turishni istamasdi.

Putinning yadroviy ritorikasi uzoq vaqtdan beri G‘arb va Sharq davlatlarini lol qoldiryapti. Ammo bunga qarshi hech narsa qilib bo‘lmayapti. Balki dunyo Rossiya bilan munosabatlari o‘zi xohlagandek rivojlanmayotganidan umidsizlikka tushib qolgandir... Bu xorijlik yetakchilar hafsalasini pir qilmoqda, biroq, allaqachon Putinning dahshatli tabiati sifatida qabul qilinmoqda. Bu borada yangilik yo‘q.

— Agar Putin, masalan, Kiyevga zarba bersa nima bo‘ladi? Boshqa davlatlar bunga qanday munosabatda bo‘lishadi? Agar Rossiya yadroviy quroldan foydalansa, bu boshqa mamlakatlarning yadroviy javobiga olib keladimi? Rossiyaga kim zarba beradi – faqat AQShmi yoki yadro quroliga ega barcha davlatlar?

— Agar shu paytgacha Kiyev va undagi hukumat obektlari sezilarli darajada raketa zarbalariga uchramagan bo‘lsa, unda Kiyevning yadro quroli bilan yo‘q qilinishini kutish g‘alati. Menimcha, agar Kiyevga zarba berilsa ham, bu yuqori aniqlikdagi (yadroviy bo‘lmagan) qurol bilan amalga oshiriladi.

AQSh ham, NATO ham Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvni xohlamaydi va yadroviy qurol ishlatilmasligiga umid qiladi. Ammo, hujum sodir bo‘lsa, harbiy reaksiya bildiriladi. G‘arb jamoatchiligi yadro qurolidan foydalanish jazosiz qolmasligini kutmoqda. Rossiyani jazolash haqidagi talablar yangraydi.

Qo‘shma Shtatlar, ehtimol, voqealarning bunday rivojlanishiga javob berish variantlarini ishlab chiqayotgandir. Ular bir nechta bo‘lishi mumkin. NATO kuchlarining Ukrainaga kirishi, Ukrainadagi rus qo‘shinlariga yadroviy bo‘lmagan qurollar bilan zarba berish, rus qo‘shinlariga AQSh taktik yadro qurollari bilan zarba berish va hokazo. Menimcha, bunday ssenariylar allaqachon Putinga yetkazilgan va ular birinchi navbatda yadroviy zarbadan tiyib turuvchi omil bo‘lishi kerak.

Ha, Tramp davrida AQSh yadro strategiyasi mojaroga barham berish yoki strategik barqarorlikni tiklash uchun cheklangan yadroviy zarba berishni ham nazarda tutar edi. Ammo hozir, ayniqsa, boshqa yadroviy davlatga nisbatan bunday bo‘lmaydi. Hech kim yadroviy urushni xohlamaydi va haqiqiy harbiy javob ehtiyotkorona va cheklangan bo‘ladi.

— Ya’ni yadro qurolidan foydalanilgan taqdirda ham uchinchi jahon urushining boshlanishi dargumon?

— Bu Putinning yadro zarbasiga qanday va nima bilan javob qaytarilishiga bog‘liq. Bunga NATO ham jalb qilinadi, uning bevosita ishtirokisiz buni amalga oshirib bo‘lmaydi. Umid qilamanki, NATO cheklangan harbiy javob bergan taqdirda ham, bu jahon urushiga aylanmaydi. Ammo bu ssenariyda voqealar qanday rivojlanishini oldindan aytish mushkul.

— Yadro qurolidan foydalanish, shubhasiz, ancha jiddiy eskalatsiya. Undan oldin nazariy jihatdan qanday qadamlar tashlanishi kerak?

— Menimcha, safarbarlikni tanlash – yadroviy zarbadan tiyilishning bir turi. Safarbarlikni e’lon qilgan Putin Ukraina masalasini tirik kuch bilan hal qilishini aytayotganga o‘xshayapti. Agar shartli 300 ming askar yordam bermasa, keyingi qadam safarbarlikning ikkinchi bosqichi yoki to‘liq safarbarlik bo‘lishi mumkin. Rossiya ko‘p millionlik safarbarlik zaxirasiga ega – Ukrainaga qarshi bu yetarli bo‘lishi mumkin. Menimcha, Ukraina masalasini yadroviy zarba orqali hal qilish jiddiy ko‘rib chiqilmaydi. Yadro qurolidan tashqari Putinning Ukrainaga nisbatan yana bir afzalligi bor – 140 millionlik aholi.

Agar mamlakatni yer bilan yakson qilish maqsadi qo‘yilsa, tezda g‘alaba qozonish uchun elektr stansiyalarini yo‘q qilish kifoya. Elektrsiz har qanday harbiy, sanoat va insoniy faoliyatni amalga oshirish ilojsiz. Ammo Ikkinchi jahon urushi paytida ham nemis qo‘shinlari elektr stansiyalarini yo‘q qilmagan, chunki ishg‘ol qilingan hududlarda ulardan foydalanishni rejalashtirishgan. Ehtimol, Rossiya ham hududlarni tortib olib, keyinchalik ulardan foydalanishni maqsad qilgan.

Yadro qurolini qo‘llashdan oldingi (navbatdagi) daraja – bu yadroviy (strategik) bo‘lmagan va unga muqobil hisoblangan yuqori aniqlikdagi qurollardan foydalanish hisoblanadi. U allaqachon Rossiya tomonidan ishlatilmoqda, ammo miqdor va sifat yetishmasligidan aziyat chekmoqda.

Rossiya yadro qurolini qo‘llashdan oldin Kiyev va hukumat obektlariga hujum qilishi mumkin. Ammo ishonchim komil, bunday ssenariy Ukraina tomonidan inobatga olingan va harbiy vaziyatga katta ta’sir ko‘rsatmaydi. Kiyevni o‘qqa tutishda qurollardan foydalanish orqali ularni Donbass, Xerson va Zaporijjyadagi harbiy harakatlarda ishlatish imkoniyati yo‘qotiladi. Bunday harakatlarning samaradorligi shubhali. Kiyevni ko‘p sonli raketalarsiz ishg‘ol qilish mumkin emas va buning frontdagi umumiy vaziyatga ta’siri ham shubhali.

Shuningdek, Rossiya Ukrainaning ta’minot liniyalariga, g‘arb qurollarini tashish nuqtalariga hujum qilishi, bu esa NATO xodimlarining o‘ldirilishiga olib kelishi, alyansning to‘g‘ridan to‘g‘ri javobi uchun yetarli bo‘lishi mumkin. Bunda eskalatsiya darajasi oshadi. Ammo, agar NATO kuchlarining yagona javobidan keyin Rossiyaning javobi bo‘lmasa, vaziyat barqaror darajada qolishi ham mumkin. Agar NATO o‘z harbiylarini Ukrainaga yuborish orqali javob berishni istasa, Rossiya qurol tashish nuqtalariga hujumdan tiyiladi. NATOni mojaroga jalb qilish xavfi Moskvaga bu ssenariy bo‘yicha harakat qilishga imkon bermaydi.

Agar NATO Ukraina tomonidan urushga kirsa, eskalatsiya darajasi yanada oshadi. Ammo NATOning bevosita aralashuvi tahdidi Moskvani ham, Vashingtonni ham dahshatga soladi. Bir tomondan, yadro qurolidan foydalanish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri sabab yo‘q, boshqa tomondan, Rossiya va NATO o‘rtasida hali to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy to‘qnashuv bo‘lmagan. Yadroviy kuchlar bunday mojaroda yadro qurolidan foydalanishdan o‘zini tiya oladimi yoki yo‘qmi, noma’lum. Hech kim buni bilishni xohlamaydi.

Ko‘rinishidan, Moskvaning asosiy tashvishi – NATO yoki AQShning Ukraina tarafida Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy amaliyotlarga kirishishiga yo‘l qo‘ymaslik. Urushdan oldin yadroviy mashqlarni o‘tkazish, tiyib turuvchi kuchlarni maxsus ogohlantirish rejimiga o‘tkazish. Bularning barchasi NATO va Qo‘shma Shtatlarning aralashuviga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan tiyib turuvchi siyosatdir.

Shu sababli, Kiyevga va Ukraina qurolli kuchlari uchun qurol-yarog‘ yetkazib berish punktlariga zarba berilmayapti, garchi, ikkalasi uchun ham tahdid bor edi. Umuman olganda, Ukrainaga yetkazib berilayotgan NATO qurollariga nisbatan ham tahdidlar bo‘ldi, bu qizil chiziq bo‘lishi kerak edi. Ammo hech qanday reaksiya bo‘lmagani va tahdidlar e’tiborga olinmagani sababli, Moskva ushbu mojaroga NATOni jalb qilishni istamadi. Ehtimol, NATO kuchlarining ishtirok etish tahdidi hatto tinchlikni ta’minlash omiliga aylanishi mumkin edi. Ammo tomonlar bir-biridan qo‘rqishadi. Masalan, NATO Putinning tahdidlarini qabul qilib, Ukraina osmonini yopmadi. Ya’ni tomonlar NATOning to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashuvini qabul qilib bo‘lmaydigan va imkonsiz ekanligini anglab olishdi. Rasmiy ravishda yadro quroli haqida gap bo‘lmasa-da, tomonlar tavakkal qilishdan qo‘rqishadi.

Putin safarbarlikka bag‘ishlangan nutqida mamlakat hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun barcha mavjud vositalarni ishga solishga tayyorligini bildirdi. Bu NATO va AQShni tiyib turishga qaratilgan, atayin noaniq bayonot. Rossiyaning yadroviy doktrinasi oddiy qurollardan foydalangan holda unga qarshi tajovuz sodir bo‘lsa, davlatning mavjudligi tahdid ostida qolsa, yadroviy quroldan foydalanish imkoniyatini nazarda tutadi.

Ukrainaga qarshi urushda bunday ssenariy ilojsiz. Ammo Putin «davlatning mavjudligi» tushunchasini sun’iy ravishda kengaytirmoqda va shu bilan birga, aynan yadro quroli haqida gapirmayapti. U o‘z nutqida birinchi navbatda Rossiyaning yadro quroliga egaligi va NATO yadroviy tajovuz qilsa, ulardan foydalanishga tayyorligiga e’tibor qaratadi. Uning so‘zlarida birinchi bo‘lib yadro zarbasini berishga tayyorligi sezilmaydi.

Agar Ukraina «Rossiya hududlarini bosib olsa», Putin eskalatsiyaning navbatdagi darajasiga borishi va Rossiya o‘zining hududiy yaxlitligini tiklash uchun yadro qurolidan foydalanishi mumkinligi haqida ochiqroq bayonot berishi mumkin. Albatta, bu bayonot real ssenariy emas, balki tiyib turuvchi xususiyatga ega bo‘ladi. Lekin hech kim uni tekshirib ko‘rishni istamaydi. Moskva va Kiyevga muzokaralar olib borish uchun bosim kuchayadi. Ehtimol, Putin shunga umid qilayotgandir.

— Strategik bo‘lmagan yadro qurollarini qo‘llash eskalatsiya uchun zarur bo‘lgan imkoniyatlar majmuasidir. Rossiya aynan nima qilishi mumkin?

— Rossiya harbiy nazariyasida yadroviy eskalatsiyaning birinchi qadami – cho‘l hududlari yoki suv akvatoriyalariga, ikkinchi darajali harbiy obektlarga (ehtimol, xodimlarsiz) namoyishkorona yagona zarba berish.

Nazariy jihatdan, buni Shimoliy Muz okeani ustida amalga oshirish mumkin – kimsasiz hudud, o‘z qo‘shinlari va har qanday davlat fuqarolari uchun katta xavf tug‘dirmaydi. Yadro portlashi hududdan qat’i nazar va aholini radiatsiyaga duchor qilmasdan turib, psixologik ta’sir ko‘rsatadi. Ammo keyin nima bo‘ladi? Bu Ukraina qarshiligiga ta’sir qiladi deb o‘ylamayman. Ammo, ehtimol, Moskvaga ham, Kiyevga ham diplomatik bosim kuchayishi mumkin.

Agar bu ta’sir qilmasa, keyingi qadam Ukrainadagi biror harbiy obektga yadroviy zarba berish orqali o‘z qudratini namoyish etish – qo‘rqitish bo‘ladi. Ammo bu qanday obekt bo‘lishi aniq emas. Nazariy jihatdan, u istehkomlarga va infratuzilma obektlariga yoki dushmanning muhim kuchlariga qarshi qo‘llanadi. Ukrainada taktik yadro kallagidan foydalanish samaradorligi yuqori bo‘lishi uchun oldin bunday inshootlarni topish kerak. Ha, bunday zarba orqali shaharni butunlay vayron qilishi mumkin, ammo bu ham Ukraina armiyasining qulashiga olib kelmaydi.

Taktik yadro qurolidan foydalanish mutlaq g‘alabani anglatmaydi. Bu hududning radioaktiv ifloslanishiga olib keladi, oqibatda Rossiya bu hududdan o‘z maqsadlari uchun foydalana olmaydi. Shu tufayli, Ukraina hududida yadro qurolidan foydalanish harbiy qiymatga ega bo‘lishi dargumon.

«Agar Ukraina meniki bo‘lmasa, unda hech kimniki emas» tamoyili bilan bunday tentaklikka yo‘l qo‘yilishi mumkin. Ammo yana bir bor ta’kidlayman, har qanday yadroviy zarba NATO yoki Qo‘shma Shtatlarni mojaroga jalb qilish xavfini tug‘diradi. O‘z sog‘lig‘i haqida qayg‘uradigan, abadiy yoshlikka erishish amaliyotiga qiziqadigan va u bilan uchrashishni istaganlarni karantindan o‘tishini kutayotgan odam uchun juda xavfli.

— Ya’ni taktik yadro qurollar faqat sof psixologik ta’sir ko‘rsatadimi?

— Taktik yadro qurollari Moskvaga bosib olingan hududlarni himoya qilishda yordam bermaydi. Bu Ukrainani ham to‘xtatmaydi. Hozirgi urush sharoitida undan foydalanish samarasiz. Bu Ukrainadan ko‘ra NATO mamlakatlariga ko‘proq ta’sir qiladi. Shuning uchun ham uni ishlatish ehtimoli juda past.

— Agar zarba rejalashtirilayotgan bo‘lsa, hech bo‘lmaganda o‘z xavfsizligimiz uchun biror narsa qilish mumkinmi?

— Yadroviy zarba hududida bo‘lmang! Yadro zarbasi paytida sizga besh omil ta’sir qiladi.

  • Agar yadro quroli havoda portlatilsa, zarba to‘lqini o‘z yo‘lidagi hamma narsani yo‘q qiladi: binolar, texnikalar, odamlar va hayvonlarni. Agar yer ustida portlatilsa, seysmik zarba to‘lqinlariga olib keladi, bu ham halokatli ta’sirga ega.
  • Nurlanish yonuvchan narsalarning olovlanishiga sabab bo‘ladi, shuningdek, turli darajadagi kuyishlarga olib keladi.
  • Radiatsiya nurlanish kasalligini keltirib chiqaradi. Undan to‘liq himoyalanishning iloji yo‘q. Lekin agar maxsus bomba boshpanalarida yashirinsangiz, zararli ta’sirni sezilarli darajada kamaytirish mumkin.
  • Yer, tuproq, havo, turli obektlar va texnikalar radioaktiv ifloslanadi, o‘nlab yillar davomida ulardan foydalanish imkonsiz bo‘ladi.
  • Yadro portlashi oqibatida kelib chiqadigan elektromagnit impuls barcha elektron va radio qurilmalar, uskunalar va aloqalarni ishdan chiqaradi.

Agar siz maxsus bunkerda bo‘lsangiz va uni radiatsion himoya kiyimida tark etsangiz, omon qolishingiz mumkin. Agar himoya vositalari bo‘lmasa, hamma narsa portlash kuchiga, episentrdan uzoqlikka va vaqtga bog‘liq.

Odamlar birinchi navbatda portlash oqibatida nobud bo‘ladi. Shundan so‘ng, keyingi bir necha oy ichida portlash oqibatlaridan (radioaktiv zararlanishdan) vafot etishadi. Keyingi yillarda qurbonlar soni bir necha baravar ko‘payadi – saraton va boshqa kasalliklar tufayli. O‘zingizni asrang.

Mavzuga oid