Tatimagan tekin muzqaymoq, Ashxoboddagi janjal va noodatiy mega tirbandlik, – 1 iyun Toshkentda qanday o‘tdi?
Xalqaro bolalar kunida poytaxtda noodatiy "xaos" kuzatildi. Ashxobod bog‘idagi bepul muzqaymoq sabab o‘n minglab odamlar shu bog‘ga yog‘ildi. Natijada tartibsizlik va odamlar o‘rtasida o‘zaro janjal yuzaga keldi. Ayrim ko‘chalarda avtomobillarning yirik tirbandligi kuzatilgan bo‘lsa, ma’lum vaqt metrolarga odam sig‘may qoldi.
Yo‘llar va metrodagi “odamlar oqimi”
1 iyun Xalqaro bolalar kuni munosabati bilan barcha kabi Toshkent shahar aholisi ham o‘z farzandlarini sayr qildirish, bayramni nishonlash maqsadida manzillariga otlanishdi. Buning natijasida tushdan keyin poytaxt ko‘chalarida 10 balli tirbandliklar kuzatila boshlandi. Buni tarmoqlarda tarqalgan videolarda ham ko‘rish mumkin.
Ayniqsa holat Abdulla Qodiriy hamda Maxtumquli ko‘chalari, aniqrog‘i Ashxobod istirohat bog‘iga ketaverishda yaqqol ko‘zga tashlandi. Xavfli bo‘lishiga qaramay, odamlar avtomobilini tashlab, farzandlari bilan bog‘ orqasidagi temiryo‘l oralab kelishgacha bordi. Hatto, videolardan birida odamlar oqimi yuzaga kelgan joyda poyezd o‘tgani ham ma’lum.
Qolaversa, nafaqat ko‘chalarimiz, balki jamoat transporti, xususan metro ham yo‘lovchilar bilan to‘ldi, yuklamasi yuqori bo‘lgan liniyalarda doimgidan ko‘proq bosim yuzaga keldi.
“Tekinga narsa tarqatish” aksiyasi, o‘yinchoqlar o‘g‘riligi va janjal
Bayram kunining asosiy rezonansli voqeasi Ashxobod bog‘i bilan bog‘lanadi. Tarmoqlarda birin-ketin tarqalgan videolarga ko‘ra, bog‘da dastlab odamlarga bepul muzqaymoq tarqatilgan. Bu vaqt davomida katta tartibsizlik yuzaga kelgan.
Keyingi holatda esa fuqarolar kichik o‘yingohda yutuqqa qo‘yilgan o‘yinchoqlarni o‘marishga uringani aytilmoqda. Videolavhalarda ham shunday harakatlar eks etganini ko‘rish mumkin.
So‘nggi vaziyatda Ashxobodga borgan ayollar o‘zaro janjallashgani kuzatildi. Suratga olingan lavhalarda ular bir-birining sochini yulishgani, bir-biriga haqoratomuz so‘zlar ishlatgani, orada bolalar ham bo‘lgani aks etgan.
IIO vaziyatni nazoratga oldi
Jamoat joylaridagi bunday tartibsizliklardan so‘ng dastlab Toshkent shahar IIBB YHXB rasmiy munosabat bildirdi. Boshqarma harakat xavfsizligini ishonchli ta’minlash, tirbandliklarning oldini olish maqsadida fuqarolardan sayilgohlar hamda bog‘larga tashrif buyurishda imkon qadar jamoat transportidan foydalanishni, qolaversa, shaxsiy transport vositasini atrofdagilarga xalal beradigan joylarda, yo‘l harakati qoidalariga zid ravishda to‘xtatmaslik, qoldirib ketmaslikni so‘radi.
Yo‘llarda, tadbirlar bo‘lib o‘tayotgan sayilgohlar atrofida harakat xavfsizligini ta’minlash uchun YPX xodimlari xizmatga jalb etildi.
“Asosiy maqsadimiz, bugungi bayram tadbirlarining ko‘tarinki kayfiyatda va xavfsiz o‘tishini ta’minlashdir!” – deyiladi YHXB xabarida.
So‘ng IIV tartibsiz vaziyatlar to‘liq nazoratga olingani hamda tiqilinchlar va yo‘llardagi tirbandliklarni bartaraf etish ishlari jadal amalga oshirilayotganini ma’lum qildi. Yuzaga kelgan holatda jarohatlanganlar aniqlanmagani, tobi qochganlar haqida ma’lumot kelib tushmagani ham ochiqlandi.
Shuningdek, poytaxtdagi jamoat joylarida bayram munosabati bilan tashkil etilishi rejalashtirilgan turli “Tekinga narsa tarqatish” kabi aksiyalar to‘xtatildi.
Mavzuga oid
21:50 / 10.10.2024
Shavkat Mirziyoyev Ashxobodga yetib bordi
11:00 / 26.09.2024
Bishkekda davlat xizmatchilariga shaxsiy avtomobilda ishga borish cheklandi
16:57 / 17.09.2024
Toshkent metrosida poyezdning nosoz holati sabab mega tirbandlik yuzaga keldi
12:18 / 02.06.2024