O‘zbekiston | 09:31 / 17.02.2026
3076
2 daqiqa o‘qiladi

YHXX fuqarolardan tarovih namozlariga jamoat transportida kelishni so‘radi

18 fevraldan boshlab tarovih namozlari o‘qiladigan masjidlar atrofida harakat xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlash choralari kuchaytiriladi. Shu munosabat bilan YHXX fuqarolarni jamoat transportidan foydalanish va yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya etishga chaqirdi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati 18 fevraldan boshlab tarovih namozi o‘qiladigan masjidlarda harakat xavfsizligini ta’minlash hamda jamoat tartibini saqlash maqsadida kuchaytirilgan tartibda xizmat olib borilishini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, bu tadbirlar mamlakat bo‘ylab barcha huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Shu munosabat bilan YHXX masjidlarga tashrif buyuradigan fuqarolarga bir qator tavsiyalar berdi:

  • Masjidlarga jamoat transportlaridan foydalangan holda kelish;
  • Piyodalardan faqatgina piyodalar o‘tish joyidan yurish;
  • Velosiped haydovchilaridan tungi vaqtda nur qaytaruvchi nimchalardan foydalangan holda harakatlanish;
  • Avtomashina haydovchilaridan tezlikni me’yoridan oshirmasdan, ayniqsa piyodalar o‘tish joyiga yaqinlashganda yanada e’tiborli bo‘lish;
  • Barchadan yo‘l harakati qoidalariga, YPX xodimlarining ishoralariga so‘zsiz amal qilish.

Shuningdek, haydovchilardan tarovihga kelganda mashinalarni harakatga xalaqit bermaydigan joylarga qo‘yish so‘ralgan.

YHXX fuqarolarni beparvolik qilmaslikka chaqirib, xavfsizlik har bir inson uchun muhim ekanini ta’kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid