O‘zbekiston | 11:00 / 05.02.2021
10895
2 daqiqa o‘qiladi

Senatorlar Feruza Eshmatovani Ombudsman lavozimiga sayladi

Senat yalpi majlisida Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsman saylandi

Foto: Senat matbuot xizmati

Oliy Majlis Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilini (ombudsmanni) saylash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Feruza Farhodovna Eshmatovani O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) etib saylash to‘g‘risida Oliy Majlis Senatining qarori qabul qilindi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod etildi.

O‘z navbatida, Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi etib Malika Akbarovna Qodirxonova saylandi.

 Malika Qodirxonova 

U shu kunga qadar Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasida faoliyat yuritayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 15 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Qonunchilik palatasining yig‘ilishida deputatlar ham Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) lavozimiga Feruza Eshmatova nomzodini ma'qullagan edi.

Feruza Eshmatova 1979 yil Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. 2000 yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan. Yuridik fanlar doktori.

2002-2015 yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida faoliyat yuritgan. 2015-2020 yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati bo‘lgan. 2020 yildan hozirga qadar Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi sifatida ishlab kelgan.

2015 yildan buyon Oliy Majlis inson huquqlari bo‘yicha vakili lavozimida Ulug‘bek Muhammadiyev ishlab kelayotgandi. U 1995 yildan buyon Ombudsman bo‘lgan Sayyora Rashidovaning o‘rnini egallagandi.

Mavzuga oid