O‘zbekiston | 18:13 / 22.02.2022
9519
3 daqiqa o‘qiladi

Ko‘p kvartirali uylarda o‘zboshimchalik bilan qurilish qilganlik uchun 8 mln so‘mgacha jarima belgilanadi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 22 fevraldagi majlisida bir qator qonun hujjatlari ko‘rib chiqildi.

Foto: Kun.uz

Xususan, Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qonun loyihasiga ko‘ra, Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga aniqlangan noqonuniy qurilmalarni majburiy tartibda bartaraf etishga oid sudlarga arizalar taqdim etishda davlat boji to‘lovidan ozod etish nazarda tutilmoqda.

Qayd etilishicha, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda Inspeksiya davlat boji to‘lovidan ozod etilmagani bois ushbu mazmundagi materiallarni sudlarga taqdim etishda qator qiyinchiliklarga duch kelingan.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi.

Loyihaga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risidagi qoidalarni buzish mansabdor shaxslarga BHMning 15 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, ko‘p kvartirali tayanch va to‘siq konstruksiyalarini qonunchilik hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni buzgan holda o‘zgartirish yoki rekonstruksiya qilish, shu jumladan, ko‘p kvartirali uylarda va tutash yer uchastkasida o‘zboshimchalik bilan qurilmalar qurish fuqarolarga BHMning 20 baravari (5 mln 400 ming so‘m)dan 30 baravari (8 mln 100 ming so‘m)gacha, mansabdor shaxslarga qirq baravaridan ellik baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi.

Loyihada agarda huquqbuzarlik birinchi marta sodir etilgan bo‘lsa va o‘zboshimcha qurilma bartaraf etilsa, fuqaro javobgarlikdan ozod etilishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, loyiha bilan shartnoma intizomini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik bekor qilinmoqda.

Jumladan, MJTK 175-moddasidan debitorlik va kreditorlik qarzi muddatlarini o‘tkazib yuborish hamda korxonalarning hisobvaraqlarida tegishli mablag‘lar bo‘lgan holda to‘lovlarni amalga oshirishning belgilangan muddatlarini buzish uchun belgilangan ma’muriy javobgarlik masalasini chiqarib tashlash taklif qilinmoqda.

Shuningdek, fuqarolik-huquqiy munosabatlar buzilishi oqibatida MJTKning 176-1-moddasidan shartnoma intizomini buzganlik uchun ham ma’muriy javobgarlik chiqarib tashlanmoqda.

Qo‘shimcha qilinishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi ortidan shartnomaviy-huquqiy munosabatlar sub’yektlarining bitta harakati uchun ikki marta javobgarlikka, ya’ni ham fuqarolik-huquqiy, ham ma’muriy javobgarlikka tortilishining oldi olinadi.

Mazkur qonun loyihasi ham deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Mavzuga oid