Jamiyat | 16:21 / 06.06.2024
6449
7 daqiqa o‘qiladi

Lojuvard dengiz, oppoq uylar, toza havo va chamanzor - yetti mo‘jizadan biri joylashgan Bodrum manzaralari

Asialuxe Travel bilan o‘tayotgan sayohatning navbatdagi manzili Bodrum bo‘ldi. Turkiyaning janubiy g‘arbida joylashgan mo‘’jaz Bodrum o‘zbekistonliklar uchun hali unchalik tanish bo‘lmagan so‘lim maskanlardan biridir. Bu yerdagi toza havo va tiniq lojuvard dengiz maroqli dam olishingizda doimo hamroh bo‘ladi.

Bodrumga yetib borish qiyin emas. Uzbekistan Airways shanba kunlari Milas-Bodrum aeroportiga to‘g‘ridan to‘g‘ri mavsumiy charterlarni amalga oshirmoqda. Bu — Egey dengizi bo‘ylab sayr qilish uchun ajoyib imkoniyat.

Turkiyaning boshqa shaharlaridan farqli o‘laroq Bodrum yarimorolida qarag‘ayli o‘rmonzorlarni ko‘rmaysiz, qoyali va serdaraxtli kichik tog‘lar o‘zimizning Samarqand va Shahrisabz o‘rtasidagi Taxtiqoracha dovonini eslatib yuboradi. Shahar yashillik va gullarga burkangan. Gul o‘stirishga bo‘lgan hafsala va e’tibordan lol qolasiz.

Havosi juda mayin va mo‘’tadil, doim yengil shabada esib turadi. Ayni kunlarda havo harorati +30...+32, dengizda esa +24 daraja, bemalol, maza qilib cho‘milsa bo‘ladi. Turkiyaning O‘rta Yer dengizi bo‘yida joylashgan boshqa shaharlaridagi singari dimlik va namlik yo‘q. Bemalol, oilaviy dam olish uchun ajoyib maskan.

Egey dengizining Kefaluka Resort hotelidan ko‘rinishi

Bodrum Turkiyaning qizil tomli boshqa shaharlaridan o‘z arxitekturasi bilan ham butkul farqlanadi. Bu yerda barcha uylarning tomi cherepitsa yoki boshqa tomyopmalar bilan yopilmagan, uylarning maksimal ruxsat etilgan balandligi 3 qavat, uylar asosan 2 qavatli va eng asosiysi — ularning barchasi oq rangda. Bu ham shaharga qandaydir o‘ziga xos mahobat va orastalik baxsh etadi.

Uylar ma’lum bir arxitektura bilan quriladi va bu standartga shaharda qat’iy rioya qilinishi shart ekan. Qolaversa, Bodrum qarshisida Gretsiyaning Kos oroli joylashgan. Bir paytlar bu yerda yunonlar yashagan. Shu sababmi, bilmadim, turk arxitekturasidan ko‘ra yunon arxitekturasining nuqsi har qadamda bilinib turadi.

Gretsiyaning Kos oroli Bodrumdan ko‘rinishi.

Bodrum antik dunyoning yetti mo‘jizasidan biri — Halikarnas maqbarasi joylashgan maskan ham hisoblanadi. Hozir 45 metrli mavzoleyning vayronalari qolgan xolos. U 1402 yilda vayron qilingan. Bu inshoot qadimiy yunon shohi Mavzol sharafiga eramizdan avvalgi 360 yilda hozirgi Bodrumda barpo etilgan. (Darvoqe, mavzoley so‘zi mana shu insonning otidan kelib chiqqan ekan).

Halikarnas mavzoleyi vayronalari. Foto: wikipedia

Bodrumda bundan tashqari qadimgi yunonlar tomonidan barpo etilgan shamol tegirmonlari, Bodrum qal’asi kabi qadimiy osori-atiqalar bor. Bodrum qal’asi kirish darvozalarining bir qismi restavratsiya qilingan. Uni o‘rab turgan chohning ham bir qismi saqlanib qolgan.

Bodrum havosi nihoyatda toza. Dengizi esa tiniq. Kuydiruvchi issiq yo‘q, kunduzi ham bemalol ko‘chalarda sayr qilsa bo‘ladi. Turistik mavsumda esa chang tarqalmasligi uchun shaharda qurilish ishlari to‘xtatiladi, hattoki ko‘chalarda qurilish ashyolari ortib yuruvchi yuk mashinalarining harakatlari taqiqlanadi. Barchasi havoga chang va g‘ubor tarqalmasligi, ko‘chalarda tirbandlik hosil bo‘lmasligi uchun qilingan. Shuningdek, Bodrumda tabiatni asrash, o‘rmon yong‘inlarining oldini olish uchun ochiq tabiatda piknik qilish ham taqiqlangan.

Qizig‘i, issiq fasllarda dengizda cho‘milish mavsumini bolalar boshlab berar ekan. Bolakaylar plyajda suvning haroratidan cho‘chimasdan dengizga tushdimi — mavsum ochiq deb e’lon qilinadi. Bu yil bu mavsum 5 maydan boshlangan. Oktyabr oyining o‘rtalarigacha turistik mavsum davom etar ekan. Qishki mavsumda havo harorati pasayadi. Shunda ham +15 darajadan pastga tushmas ekan.

 

Bu yerga turistlar asosan Yevropa davlatlaridan kelishadi. Kelganda ham oilaviy kelishadi — bola-chaqalari bilan. Qariyalar emas, ko‘proq yosh oilalar, shuningdek, yoshlar kelishadi. Ayniqsa, britaniyaliklar va skandinaviyaliklar ko‘p. Turkiyaliklarning o‘zi ham Bodrumda dam olishni yoqtirishadi. Umuman, Turkiya boylarining barchasida Bodrumda o‘z uyi bor ekan. Ko‘proq qishni shu sokin va so‘lim go‘shada o‘tkazishar ekan.

Endi MDH davlatlari, jumladan, Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekistondan ham turistlar kelishi ko‘paymoqda.

Bodrum o‘zining shishadek tiniq ko‘rfazlari bilan mashhur. Yaxta sayrida Bodrum yarimorolining shuningdek, shahar ro‘parasida turgan Karaada (Qora orol)dagi shunday ko‘rfazlarga olib boriladi. Bu yerdagi tiniq va iliq suvda cho‘milish mumkin.

Bodrum ko‘chalari va shaharidagi sohil bo‘yida sayr qilish ham kishiga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Charmdan qo‘l mehnati bilan yasaladigan mashhur Bodrum sandallari (shippaklari), mahalliy shirinliklar va taomlar, taqinchoqlar savdosi qizg‘in.

Bodrumliklar azaldan tadbirkor. O‘z uyidan mo‘’jazgina oshxona ochgan va bir necha yillardan beri xizmat qilib dong taratgan oilalar bor.

Bodrumliklar futbolni ham sevishadi. Mahalliy Bodruspor birinchi ligadagi o‘tish o‘yinlarida muvaffaqiyat qozonib, Superligaga yo‘l olibdi. Butun butun shahar nishonlagan shekilli, har qadamda klub bayroqlari osilgan. Endi bu shaharga «Galatasaray», «Beshiktosh», «Trabzonspor» kabi gigant klublar mehmonga keladi.

Bodrumda aylanish uchun yana ikkita maskanni tavsiya etgan bo‘lardim. Ulardan biri Gumushluk (Kumushlik) posyolkasi. Bu yerda avloddan avlodga o‘tib kelayotgan taom pishuvchi oshxonalar bor. Suvenir do‘konlari ham boshqa joylardagidan arzonroq. Sohil bo‘yidagi chiroyli manzarada o‘tirib dam olish, taomlanish huzur bag‘ishlaydi.

Yaliqavaq buxtasi esa o‘zining marinasi (yaxtalar bandargohi) bilan mashhur. Bu yerda xususiy qimmatbaho yaxtalarni tomosha qilish, shuningdek, arzonroq yaxtalarni ijaraga olib dengizda sayr qilish mumkin. Shaharda dunyoga dong‘i taralgan qimmatbaho brendlar mahsulotlar do‘koni va brend oshxonalar ham bor. Turk estradasi yulduzlarining konsertlari ham tez-tez tashkillashtirib turilar ekan.

 

 

Muxtasar qilib aytganda, Bodrum yozda oilaviy maroqli hordiq chiqarish uchun munosib maskan. Siz unutilmas taassurotlar bilan qaytasiz. Muhimi, sarflamoqchi bo‘lgan pulingizga qarab Bodrumda har qanday sifatdagi mehmonxonalar topish mumkin. Asialuxe Travel maroqli hordiq chiqarish uchun sizga mos variantni, albatta, taqdim etadi.

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid