Hikikomori – Yaponiya va Janubiy Koreyada minglab odamlar uzlatda yashashni tanlamoqda
Yaponiyada hikikomori atamasi mavjud bo‘lib, u jamiyat bilan butunlay aloqalarini uzib, o‘z dunyosida yopilib yashaydigan odamlarni anglatadi. Mamlakatda milliondan oshiq odam shunday uzlatda yashashni tanlagan. Janubiy Koreyada ham yuz minglab odamlar boshqalarga qo‘shilmasdan yashashadi. Hukumat ular ko‘chaga chiqishi uchun pul to‘lashga tayyor.
Janubiy Koreyada ham hikikomori atamasi ko‘p tilga olinmoqda. Bu atama jamiyatga yopilib, faqat o‘z dunyosi bilan yashaydigan kishilar uchun ishlatiladi. Unga oid ijtimoiy jumboq 2021 yil aprel oyida Seuldagi kvartirasida yosh yigitning jasadi topilgach, yuzaga qalqib chiqadi.
O‘shanda 16 kv metrlik ijara uyda yashaydigan yigit to‘lovni vaqtida qilmagani sabab uy egasi kvartiraga borishga majbur bo‘ladi. Biroq ijarachining ancha oldin vafot etgandi. Ijara uyi tartibsiz holatda edi. Yigitning o‘limi bilan bog‘liq holat o‘rganilganda uning oylab jamiyatdan uzilgan sharoitda yashagani aniq bo‘ladi. O‘shanda u pandemiya sabab ishidan bo‘shagan, uyiga hatto gaz borishi ham to‘xtab qolgandi.
Hikikomori nima degani?
Hikikomori asli yapon tilidan olingan atama. Unga ko‘ra, yoshi katta bo‘lmagan odamlar ham jamiyatdagi muammolar va oilaviy kutuvlarga dosh bera olmagani uchun uzlatga chekinishadi. Pandemiya davrida esa odamlar yakka bo‘lish muammosi ko‘proq kuchayadi.
2022 yilgi statistikaga ko‘ra, Janubiy Koreyada 19 yoshdan 39 yoshgacha bo‘lgan 338 ming yoshlar jamiyatdan uzilgan holda yolg‘izlikda yashashni tanlagan. Ular jamiyatdan butunlay uzilgan, oylab, ba’zan undan ham uzoq vaqt davomida o‘qishga, ishga borishmaydi.
Janubiy Koreya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, jamiyatdan ajralgan holda yashashni tanlagan yoshlarning aksari kambag‘al oilalardan. Ular bu tanlovni biror shaxsiy travma, maktabda sodir bo‘lgan bulling, akademik qiyinchiliklar, oilaviy nizolar yoki ota-onasidan yetarli e’tibor ko‘rishmagani sabab qilishadi.
Uzlatni tanlagan odamlar asosiy vaqtini yopiq binoda o‘tkazadi, o‘z ehtiyojlari uchun zarurat bo‘lganda texnologiyalar orqali ishlarini bitirishadi. Ularning bu tanlovi jamiyat bosimi, ichki xavotirlari, ishidan qoniqmaslik yoki boshqa bir oilaviy muammo sabab ham bo‘lishi mumkin.
Ularning bu tanlovi natijasida jismoniy va ruhiy salomatligida muammolar paydo bo‘lishi xavfi tug‘iladi. Hikikomori muammosining oldini olish uchun unga sabab bo‘lgan muammoni topish, bu holatga tushganlarga ijtimoiy va ruhiy ko‘mak berish kerak bo‘ladi. Sababi bu dunyo ichida yashayotgan odamlar jamiyatni rad etadi, ko‘proq virtual reallikda yashashadi.
2023 yilda koreys hukumati qamalib olgan yoshlarni jamiyatga qo‘shish maqsadida ular uchun oyiga 500 dollarlik nafaqa taklif qilgan. Bu pulni 9 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlar olishi mumkin. Bu pulni oladiganlar o‘qishga yoki ishga qaytishi talab etiladi.
Yaponiyadagi vaziyat
Jamiyatga yopilib olish muammosi Yaponiyada ham bor va bu davlatda vaziyat ko‘lami kengroq.
2022 yil noyabr oyida hukumat tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, Yaponiyada qariyb 1,5 million kishi o‘z uylarida kamida olti oy izolyatsiyada yolg‘iz holatda yashagan. 2023 yilgi hisobotda esa 15 yoshdan 64 yoshgacha bo‘lgan har 50 kishidan biri hikikomori turmush tarzini tanlagan. 1980 yillarda ilk marta tilga olina boshlagan bu atama koronavirus pandemiyasidan keyin jiddiy xavotir uyg‘ota boshlagan. Sababi ayni pandemiya paytida yolg‘izlikni xush ko‘ruvchilar ko‘payadi.
Hikikomori turmush tarzini tanlaydigan odamlarning ko‘payishi Yaponiya iqtisodiyotida turg‘unlikka sabab bo‘lishi mumkin. Aholining qarishi va tug‘ilish darajasi pasayishi kabi xavflar ham bor.
Yaponiyada hikikomori odamlari o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, ularning uzlatda yashashlariga internet ham qisman aybdor bo‘lishi mumkin. Sababi ular virtual tarzda munosabatlarga kirishgani uchun biror holatda hissiy tarzda odamlarga yaqin bo‘lishga qiziqishmaydi.
Bu turmush tarzida yashayotgan odamlar o‘zlarining jamiyatdan uzilganini o‘ylashgani sari o‘zlariga kamchiliklari ko‘proq ko‘rina boshlaydi. Natijada, uydan qaytib chiqish ular uchun dahshatli tuyula boshlaydi.
Nega Yaponiyada odamlarning yopilib olishi ko‘proq kuzatiladi
Yaponiya turmush tarzi jihatdan ijtimoiy uyg‘unlikka o‘ta qat’iy amal qiluvchi davlat hisoblanadi. Odamlar nima kiyishi, soch turmagini qanday qilishigacha bo‘lgan mayda qarorlarini ham jamiyat talablariga mos bo‘lishiga o‘rganishgan. Oqibatda, salgina o‘zgachalik ham qoralanadigan kayfiyat paydo bo‘lishi osonlashadi va jamiyatdan biroz boshqacha bo‘lish ota-ona, ustozlarning tanqidiga sabab bo‘lishi, maktabda bullingga uchrashga olib kelishi mumkin. Bunday holatda esa hikikomori xavfi kattaroq.
Yaponiyada hikikomori muhitiga tushib qolgan odamlarga yordam berish uchun g‘alati usuldagi terapiya mavjud. “Ijaraga olingan opa-singil” deb nomlanuvchi bu usul uchun hikikomori turmush tarzidagi odamga yordam berishga oila a’zolari to‘lov qilishi kerak bo‘ladi. Boshida faqatgina xat yuborish orqali aloqa o‘rnatilgach, keyinroq telefon qo‘ng‘iroqlari orqali yolg‘izlikdagi odam bilan gaplashish imkoni paydo bo‘ladi. So‘ng esa eshik yonida gaplashish, oxirida hikikomori odam o‘zini xavfsiz his qila boshlagandan so‘ng ko‘chaga chiqishiga yordam beriladi.
Mavzuga oid
21:47 / 17.11.2024
Yaponiya qirg‘oqlarida 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi
18:48 / 14.11.2024
Subaru kosmik teleskopi noyob halqasimon galaktikani aniqladi
21:18 / 13.11.2024
Yaponiyada seysmik yoriqlar tufayli yadroviy reaktorni qayta ishga tushirishga ruxsat berilmadi
02:35 / 12.11.2024