Jahon | 14:58 / 22.09.2018
57881
6 daqiqa o‘qiladi

Xitoydagi millionlab uyg‘urlar saqlanadigan konslager – uydirmami yoki haqiqat?

9 sentabr kuni Human Rights Watch Xitoyning Sintszyan viloyatida musulmon aholi ta'qibga uchrayotgani haqidagi ma'ruzasini e'lon qildi: tashkilot ma'lumotlariga ko‘ra, bu yerda keyingi yillarda uyg‘urlar ommaviy va ko‘pincha asossiz ravishda ushlanmoqda hamda qamoq va tarbiya lagerlariga tashlanmoqda; millionlab kishilar ustidan muntazam videokuzatuv tashkil etilgan bo‘lib, ularning ijtimoiy ahvoli va taqdiri «ijtimoiy kredit» tizimida to‘plangan ballarga bog‘liq. Human Rights Watch’ning bildirishicha, Xitoyda bunday miqyosdagi qatag‘onlar Madaniy inqilob davridan buyon kuzatilmagan.

«Meduza» Sintszyanda bo‘lgan jurnalist va sayyohning maqolasini e'lon qildi.

Muallifning yozishicha, Sintszyanda WhatsApp va Facebook bloklangan bo‘lib, ularni o‘rnatganlik uchun qamoq kutadi.

Foto: Getty Images

«2017 yil aprelidan dinga qattiq berilish, paranji o‘rash, o‘ta milliy kiyinish, Qur'onni omma oldida o‘qish va hatto farzandiga arabcha ism qo‘yish ham qatag‘on qilish uchun bahonaga aylandi. Norozilar «tarbiyalash lagerlariga» — sahrodagi zirhlangan darvozalar, qalin devorlar, tikanli simlar va ko‘p sonli soqchilar bilan qurshalgan hududga jo‘natiladi», deb yozadi u.

Uning ta'kidlashicha, Sintszyanda musulmonlarni kuzatish uchun ularning telefonlariga JingWang Weishi maxsus ilovasi o‘rnatiladi. JingWang politsiyaga qurilmaning identifikatsiya raqamini, uning modeli va egasining telefon raqamini uzatadi, telefondagi axborotlarni monitoring qiladi hamda egasiga davlat nuqtai nazaridan xavfli sanaladigan ma'lumotlardan ogohlantiradi.

«Ilk yadroviy portlashlar sinab ko‘rilgan Sintszyan yana tajriba maydoniga aylandi —mamlakatda ishlayotgan 20 millionta videokameraning katta qismi shu yerda o‘rnatilgan. Ularning soni naqadar ko‘pligini rasmiy manbalar ham tasdiqlaydi — 2016 yilda Xitoyning ichki xavfsizlik xarajatlari mudofaa xarajatlaridan 13 foizga ko‘proq bo‘lgan. 2014 va 2016 yillar oralig‘ida Sintszyan kuzatuv uchun boshqa hududlarga nisbatan ikki baravar, 2017 yilda uch baravar ko‘p mablag‘ sarflagan», deb yozadi u.

Foto: Getty Images

Uning yozishicha, har bir ko‘chada tikanli sim bilan o‘ralgan politsiya posti o‘rnatilgan. Uylarning tomlari, devorlar va maxsus ustunlarda kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Uyg‘ur millatiga mansub har bir fuqaro bir kvartaldan ikkinchisiga o‘tish uchun plastik ID kartasini ko‘rsatishi, sumkasini tekshirtirishi, ko‘zini skaner qildirishi, ayrim hollarda esa telefonini tekshirishlari uchun politsiyaga taqdim etishi shart. Banklar, kasalxona, supermarket va yerosti yo‘llarida ham ularni ana shunday jarayon kutadi. Ko‘chalar zirhli texnika, maxsus harbiylar va ko‘ngillilar guruhlari tomonidan nazorat qilinadi.

Foto: Getty Images

«Masjidlar eshiklariga qulf osilgan. Oddiy oshxona pichog‘i sotib olinganida ham uyg‘urlar lazer orqali pichoq tig‘iga uning egasini aniqlaydigan QR-kod qo‘ydirishlari shart, Oqsuv shahridagi restoranlarda pichoqlar zanjir bilan devorga mahkamlangan», deb yozadi u.

Muallifning qayd etishicha, Sintszyadagi uyg‘urlarning xonadonlariga vaqti-vaqti bilan maxsus guruh kirib turli savollar beradi. Uyda taqiqlangan buyum yoki kitoblar bor-yo‘qligini tekshiradi. Bunday tekshiruvlar bir necha soat yoki bir necha kun davom etishi mumkin. 

Foto: Getty Images

Bu yerda fuqarolar balli reyting tizimi asosida baholanadi. Bankdan qarzdorlik, yo‘l harakati qoidasini buzganlik uchun jarima, jamoat joylarida chekish reytingning pasayishiga sabab bo‘ladi. Qon topshirish, xayriya loyihasida ishtirok etish orqali ballarni oshirish mumkin.

«Ammo uzoq vaqt videoo‘yin o‘ynash, masjidga tez-tez qatnash, notinch hududlarga borish va shubhali shaxslar bilan muloqot qilganligi videokamerada qayd etilishi ballarning pasayishiga olib keladi», deb yozadi u.

Muallifning yozishicha, yuqori ball mehmonxonada depozitsiz joylashish, kommunal xizmatlar uchun chegirma olish va bankdan foizi kam kredit olish imkoniyatini beradi. Past ball bilan ish va kvartira topish qiyinlashadi. Ball pasaygani sari muammo jiddiylashib boradi: erkin yurish imkoniyati cheklanadi, yaxshi do‘konlarga kirish va hattoki tanishuv saytlarida ro‘yxatdan o‘tishga to‘siq qo‘yiladi.

«Sintszyanda ma'lumotlarni qayta ishlaydigan sun'iy ong jamiyatni «xavfsiz», «me'yordagi» va «xavfli» fuqarolarga ajratadi. Ularning yoshi, e'tiqodi, sudlanganl igi va xorijliklar bilan aloqalari hisobga olinadi», deb yozadi muallif.

Uning yozishicha, bu yerda pasport olayotgan shaxs DNK namunasi topshirishga majbur.

Muallifning ta'kidlashicha, Sintszyanda ko‘psonli «tarbiya lagerlari» bo‘lib, ularda yuz minglab mahbuslar saqlanadi.

Foto: Getty Images

Uning «Butunjahon uyg‘urlar kongressi» bosh kotibi Dolkun Aysaga tayanib yozishicha, lagerlarda uch millionga yaqin mahbus bor.

Maqolada keltirilgan faktlar haqiqatga qay darajada mos keladi, bunisi aniq emas, «Meduza» nashri «muallifning xavfsizligi nuqtai nazaridan» uning ism-sharifini e'lon qilmagan.

Foto: Getty Images

Mavzuga oid