Jahon | 13:38 / 17.05.2024
8640
9 daqiqa o‘qiladi

Isroil hukumatidagi bo‘linish, mudofaaga tayyor emas ukrain armiyasi va Moldovada referendum sanasi - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y berayotgan muhim voqea va hodisalar sharhi bilan odatdagidek tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil harbiy havo kuchlari G‘azoda falastinliklar to‘planib turgan joyga zarba bergan. Eksklav shimolidagi Al-Jala’a chorrahasida mobil internet signalini tutish uchun to‘planib turgan falastinliklar ustiga tashlab yuborilgan bomba bir necha kishining o‘limi va o‘nlab insonlarning yaralanishi bilan yakun topgan.

Isroil qo‘shinlari hujumi oqibatida G‘azoda halok bo‘lganlar soni 35 ming 272 kishiga yetgan.

G‘azo sektorida 7 oy davom etgan janglar yana qaytadan kuchaya boshlagan. So‘nggi ikki hafta davomida halok bo‘lganlar soni keskin oshgan. Bugunga kelib yaradorlarning umumiy soni 79 ming 205 nafarga yetgan.

7 oktyabrdan buyon davom etayotgan vayronkor urush natijasida 10 mingdan ziyod falastinliklar bedarak yo‘qolgan. Ularning ko‘pchilik qismini bolalar tashkil etadi va ular vayronalar ostida qolib ketgan bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Isroil G‘azodagi falastinliklarga qarshi kurashishda ochlikdan qurol sifatida foydalanmoqda. Huquqbonlar ochlik qamal qilingan G‘azoda Isroil bombalaridan ham ko‘proq insonning hayotiga zomin bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Isroil armiyasi va hukumatdagi rasmiylarni qo‘ya turing, oddiy isroilliklar G‘azoga yo‘l olgan insonparvarlik karvonlariga hujum qilishmoqda. Bu o‘rinda Falastin yerlariga noqonuniy uy tiklab yashayotgan yahudiylar ayniqsa jonbozlik ko‘rsatishmoqda. Avvalroq BMT insonparvarlik yuklari ortilgan yuk mashinalariga hujum qilishdan qaytargan bo‘lsa-da, isroilliklar bu chaqiriqlarni nazar-pisand qilmayapti.

Hattoki Isroilning BMTdagi vakili Gilad Erdan ham tashkilotni «terrorchilik tashkiloti», deb atagan.

«Birlashgan Millatlar Tashkilotining o‘zi terrorchilik tashkilotiga aylanib bo‘lgan. Biz G‘azoni tark etganimizdan so‘ng BMT HAMAS bilan hamkorlik qilib, himoya qilib keladi, BMT bosh kotibi esa har bir muammoda Isroilni ayblaydi», — degan Gilad Erdan.

G‘azoda olib borilayotgan adolatsiz urush Isroil hukumatida ham bo‘linish yuzaga keltirmoqda.

Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant bosh vazir Binyamin Netanyahuning G‘azodagi vaziyat bo‘yicha aniq-ravshan strategiyasi yo‘qligini tanqid ostiga oldi. Galant G‘azo sektorida harbiy boshqaruv joriy etilishiga qarshi chiqadi va vazirlar mahkamasida bo‘linishga sabab bo‘ldi.

Galantning pozitsiyasini harbiy kabinetdagi markazchilar — Beni Gans va Gadi Eyzenkot qo‘llab-quvvatlagan, falastinliklarning beshikdagi chaqaloqlarigacha qirishga chorlab keladigan ultramillatchi fashistlar Betsalel Smotrich va Itamar Ben-Gvir qarshi chiqqan.

Avvalroq Netanyahu Falastinning HAMAS harakatini uzil-kesil yo‘q qilish to‘g‘risida bayonotlar bergan, biroq urush tugaganidan so‘ng G‘azoda boshqaruvni kim o‘z qo‘liga olishini tushuntirmagan. 

Aksilisroil namoyishlar

Amerika va Yevropaning ko‘pgina davlatlaridagi oliygohlarda aksilisroil namoyishlar davom etmoqda. Kaliforniyadagi Irvayn universitetida Falastinni qo‘llab-quvvatlab tikilgan chodirlardan iborat lagerga politsiya hujum qilgan va tarqatishga uringan. Qarshilik ko‘rsatgan O‘nlab insonlar hibsga olingan.

Shuningdek, politsiya falastin tarafdorlari bo‘lgan namoyishchilar universitet kampuslaridan birini egallaganidan so‘ng oliygoh rahbariyatini chaqirgan.

Bir qator Amerika universitetlarining o‘qituvchilari Nyu Yorkdagi bosh vokzalga norozilik bildirib namoyishga chiqishgan. Ular G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilib transparantlar ko‘tarib chiqishgan.

Bu orada Falastinni rasman davlat sifatida tan olishga tayyor mamlakatlar soni bittaga ko‘paygan. May oyining oxirigacha Irlandiya ham Falastinni tan oladi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Maykl Martin e’lon qilgan. 

Ukrainadagi vaziyat

Ukraina Rossiya armiyasining Xarkiv oblastiga bostirib kirishiga umuman tayyor emasligi ayon bo‘ldi. Rus qo‘shinlari Rossiya-Ukraina chegarasidan 4 km masofadagi Vovchansk shahriga kirdi va boshqa yo‘nalishda — oblast markazidan shimolda joylashgan Lipsi qishlog‘i tomon oldinga siljishga harakat qilmoqda. Ayni paytda Rossiya yangi yo‘nalishda Ukrainaning 278 kilometr kvadrat hududlarini bosib olgan.

Belgorod oblasti orqali Xarkiv tomon boshlangan yurish davomida chegara hududidagi o‘ndan ortiq qishloq egallab olingan, Ukraina qurolli kuchlari chegaradan bir necha kilometr ortga chekinishga majbur bo‘lgan. Ukraina rahbariyati vaziyatni barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘linganini aytmoqda.

Xarkiv oblastida vaziyat keskinlashgani munosabati bilan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘zi ishtirokidagi barcha xalqaro tadbirlarni keyinga qoldirishga topshiriq bergan.

Vovchanskda vaziyat og‘ir, dushman shahardagi ko‘chalarni egallamoqda, faol janglar davom etmoqda, deb xabar bergan ukrain telegram-kanallari politsiyaga tayanib.

Ukrainaning harbiy va siyosiy rahbariyati vaziyatni barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘lingani, raqibning yurishi esa sekinlashganiga ishontirmoqda. Ammo rossiyaliklar nima uchun Ukraina qurolli kuchlarining birinchi mudofaa chizig‘ini bu qadar tez ortda qoldirgani va bu chiziq raqib hujumini to‘xtatishga qanchalik tayyorlangani borasidagi savollar javobsiz qolmoqda.

Ukrainaning ushbu yo‘nalishda jang qilayotgan razvedka rotasi komandiri Denis Yaroslavskiyning so‘zlari katta rezonans keltirib chiqardi, u Vovchansk atrofidagi birinchi mudofaa chizig‘i «shunchaki bo‘lmagani» va rossiyaliklar «yurib kirib kelgani» haqida aytgandi.

Qayd etilishicha, bu yo‘nalishda minalangan maydonlar bor, ammo ular shunday joylashtirilganki, dushmanning faqat zirhli texnikalariga to‘sqinlik qiladi, piyoda harakatlanadigan bo‘linmalariga esa yo‘q.

Ammo Rossiya armiyasi Xarkiv viloyatida strategik muvaffaqiyatga erishish uchun yetarli kuchga ega emas, degan NATO ittifoqdosh qurolli kuchlarining Yevropadagi bosh qo‘mondoni, general Kristofer Kavoli. Bunga sabab qo‘shinlar soni yetarli emas va ukrainaliklar G‘arbning harbiy yordamini hisobga olgan holda Xarkiv oblastida mudofaa chizig‘ini ushlab tura oladi. 

Ukrainaga yordam

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Kiyevga tashrifi chog‘ida yangi harbiy yordam paketini ham e’lon qilgan. Blinkenga ko‘ra,  Ukrainaga beriladigan 2 milliard dollarlik harbiy yordam paketi Ukrainani zudlik bilan qurol-yarog‘ bilan ta’minlash, Kiyevga boshqa davlatlardan qurol sotib olishga yordam berish va Ukraina infratuzilmasiga sarmoya kiritish uchun mo‘ljallangan.

Shu bilan birga, davlat kotibi Ukrainaga kelajakda o‘z hududidagi hujumlarni qaytarish, Ukraina xalqining o‘z kelajagini mustaqil belgilash huquqini amalga oshirish imkonini beradigan sharoit yaratish muhimligini ta’kidladi.

AQSh Kongressi bir necha oylik kechikishdan keyin Kiyevga 61 milliard dollar miqdorida harbiy yordam ajratishni ma’qullaganidan so‘ng, Blinkenning Ukraina poytaxtiga birinchi tashrifi bo‘ldi.

Bu orada Daniya ham Ukrainaga 750 mln yevrolik yangi harbiy yordam paketini e’lon qildi. Bu haqda Daniyaning tashqi ishlar vaziri Lars Lekke Rasmussen o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozgan. 

Moldovada referendum belgilandi

Moldova 20 oktyabr kuni Yevropa ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha referendum o‘tkazadi. Referendum natijalariga ko‘ra, Moldova konstitutsiyasi Yevropa integratsiyasiga oid bo‘lim bilan to‘ldiriladi.

Umumxalq ovoz berish jarayoni prezidentlik saylovi bilan bir kunda bo‘lib o‘tadi. Davlat rahbari lavozimini 2020 yil dekabridan beri Mayya Sandu egallab kelmoqda. U ikkinchi muddatga prezidentlikka nomzodini qo‘yish niyatida.

Moldova prezidenti 2022 yilning mart oyida mamlakatning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi arizasini imzoladi. Bir necha oy o‘tgach, respublika YeI a’zoligiga nomzod maqomiga ega bo‘ldi. 2023 yil 14 dekabrda ikki kunlik sammitdan so‘ng Yevropa kengashi Kishinyov bilan Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga qaror qildi.

O‘sha oyda Sandu Moldovaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha referendumni tan olinmagan Dnestrbo‘yida o‘tkazish mumkin emasligini aytdi, chunki bu mintaqa Moldova hukumati tomonidan nazorat qilinmaydi. Sandu Moldova 2030 yilgacha Dnestrbo‘yi bilan birga Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi mumkinligini tan oldi, garchi bu mintaqa hozirda Kishinyov tomonidan nazorat qilinmasa ham. Bryussel a’zolik Dnestrbo‘yisiz amalga oshishi mumkinligini istisno etmagan.

Mavzuga oid