Jahon | 13:48 / 13.09.2024
7551
10 daqiqa o‘qiladi

G‘azodagi BMT maktabiga zarba, Putinning navbatdagi dag‘dag‘asi va fransuz politsiyasi bilan hamkorlik qilayotgan Telegram - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

BMT bosh kotibi Falastinlik qochqinlarga yordam berish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi — UNRWA'ning maktabiga Isroil hujumi natijasida BMTning 6 nafar xodimi halok bo‘lganini xabar qildi.

Mazkur maktab G‘azoning markaziy qismidagi Nusayrat qochqinlar lagerida joylashgan.

Guterrishning ta’kidlashicha, G‘azoda sodir bo‘layotgan voqealarga mutlaqo toqat qilib bo‘lmaydi. Isroil 12 ming kishi jon saqlayotgan maktabga havodan zarba bergan.

Guterrish xalqaro humanitar huquqni bunday dahshatli tarzda toptashga zudlik bilan chek qo‘yish zaruriyatini ta’kidladi.

G‘azo sektori fuqarolik mudofaasi xizmati «Al-Jauniy» maktabiga hujum natijasida yana 18 kishi halok bo‘lgani, 20 ga yaqin odamlar jarohatlangani, ularning aksariyatini yosh bolalar va ayollar tashkil etganini xabar qilgan.

Isroil armiyasi G‘azo sektori janubidagi Rafah shahrida joylashgan HAMAS brigadasini tor-mor etdi va uning 2308 nafar jangchisini yo‘q qildi. Bu haqda Times of Israel xabar berdi.

«Rafah brigadasi mag‘lub etildi. Uning to‘rtta batalyoni yo‘q qilindi va biz shahar hududini nazorat qilish operatsiyasini yakunladik», degan general Itsik Koen.

Harbiylar bir-biriga bog‘langan 203 ta yerosti tunnelini ham aniqlagan. Ular Misrdan Filadelfiya koridorigacha cho‘zilgan. Harbiylar o‘tish yo‘laklarining ko‘pini vayron qilgan.

Isroil tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, HAMAS birinchi navbatda Filadelfiya koridoridagi tunnellardan qurol olib o‘tish uchun emas, balki uzoq masofaga uchuvchi raketalarni saqlash uchun foydalangan.

G‘azodagi qirg‘inbarot bosqinning 342-kuniga kelib, eksklavda qurbon bo‘lganlar soni 41 ming 118 kishiga yetdi. Yaradorlar soni 95 ming 125 nafar.

So‘nggi sutka ichida Isroil armiyasining hujumlaridan 34 kishi halok bo‘lgan, 96 kishi yaralangan.

Borreldan xafa Isroil

Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel o‘zining Isroilga rejalashtirilgan tashrifini bekor qildi. Ayni paytda Borrel mintaqa bo‘ylab safar qilmoqda va uning doirasida Misr va Livanda bo‘ldi.

U Isroilning G‘azo sektorida olib borayotgan qirg‘inbarot urushi ortidan mintaqada kelib chiqqan taranglikni yo‘qotish uchun muzokaralarda ishtirok etmoqda.

Yuqori martabali yevropalik diplomat Isroilning Yevropa Ittifoqidagi elchisi Haim Regevga ma’lum qilishicha, Isroilga mo‘ljallangan tashrifning bekor qilinishiga sabab Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kats davlat tashrifi bilan bormoqchi bo‘lgan Borrelni qabul qilishni istamagan, deb yozadi Isroilning Yedioth Ahronoth nashri.

Jozep Borrel G‘azodagi urush to‘g‘risidagi fikrlari, shuningdek, falastinliklarga nisbatan nafratga yo‘g‘rilgan gaplarni mudom takrorlab turuvchi Isroilning ultrao‘ng natsist vazirlari Itamar ben Gvir va Betsalel Smotrichga nisbatan sanksiyalar joriy etish to‘g‘risidagi chaqiruvchilari sabab Isroilda tanqid o‘qlari ostida qolgan edi.

«Urushgacha G‘azo ochiq osmon ostidagi jahonning eng katta qamoqxonasi edi. Bugun esa bu ochiq osmon ostidagi eng katta qabristonga aylandi. Bu yerda nafaqat o‘n minglab odam ko‘mildi, shuningdek humanitar huquqning ko‘prab muhim prinsiplari ham dafn etildi», — degan edi Borrel.

Ukrainadagi navbatdagi zarbalar

Ukrainada Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasining xodimlari halok bo‘ldi.

Donetsk oblastining o‘qqa tutilishi natijasida Xalqaro Qizil xoch qo‘mitasining uch nafar xodimi halok bo‘lgan. Bu haqda qo‘mita X ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntida ma’lum qilgan.

Bayonotga ko‘ra, frontning old chizig‘ida joylashgan aholi punktlaridan birida insonparvarlik yordami tarqatilayotganda ularga qarata o‘t ochilgan. Uch kishi halok bo‘lgan, yana ikki kishi yaralangan.

«Bu — Rossiyaning urushdagi yana bir jinoyati», deb yozgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy rossiyalik harbiylar Qora dengizda Misr uchun mo‘ljallangan g‘alla ortilgan yuk kemasiga raketa zarbasini berganini ma’lum qildi.

«Jahonning bu boradagi munosabatini kutamiz. G‘alla va oziq-ovqat xavfsizligi hech qachon raketalar nishoniga aylanmasligi kerak», — degan Zelenskiy.

Ukraina Harbiy-dengiz kuchlariga ko‘ra, hujumga uchragan AYA kemasi Sent-Kits va Nevis bayrog‘i ostida suzadi. Rossiya harbiylari tomonidan uchirilgan raketa chap bortga shikast yetkazgan. Kema bortida hech kimga zarar yetmagan. Rossiya tomoni hozircha holatga hech qanday munosabat bildirmadi.

Putinning yangi dag‘dag‘asi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin NATO davlatlarida ishlab chiqarilgan qurollardan Rossiya ichkarisiga chuqur zarba berishga ruxsat berilayotgani to‘g‘risidagi xabarlarga izoh berdi.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina G‘arb davlatlaridan keltirilgan yuqori aniqlikdagi qurol-yarog‘lardan Rossiya ichkarisiga zarba berish «salohiyatiga ega emas». Bunday qurol-yarog‘lardan samarali foydalanish uchun Ukraina qurolli kuchlariga AQSh va Yevropa Ittifoqining sun’iy yo‘ldoshlaridan tushirilgan ma’lumotlar kerak bo‘ladi, shuningdek, «raketa tizimlariga parvoz vazifalarini faqat NATO davlatlari harbiy xizmatchilari yuklay oladi».

Shuning uchun Vladimir Putin Kiyevga uzoq masofalarga parvoz qila oladigan raketalardan foydalanishga ruxsat berilishi ehtimolini Shimoliy Atlantika alyansining Rossiyaga qarshi urushda «to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtiroki» deb atagan.

«Bu NATO mamlakatlari, jumladan AQSh va Yevropa davlatlari Rossiya bilan urushayotganini anglatadi», — degan Putin.

Putin agar Kiyevga Rossiyaga qarata g‘arb qurollari bilan zarba berishga ruxsat etilsa «yaratilayotgan tahdidlardan kelib chiqqan holda tegishli qarorlar qabul qilinishi»ni ta’kidlagan.

Avvalroq Buyuk Britaniya Ukrainaga Rossiya hududiga hujum uchun 550 km olislikka ucha oladigan Storm Shadow qanotli raketalaridan foydalanishga ruxsat berishga qaror qildi, deb xabar bergan edi The Guardian gazetasi.

Debatda yutqazgan Tramp

AQSh prezidentligiga nomzod Donald Trampning moliyaviy donorlari uning debatdagi chiqishidan mutlaqo qoniqmagan.

Respublikachilar sobiq prezident Donald Tramp Kamala Harris bilan ilk saylovoldi debatida muvaffaqiyatsizlikka uchraganini tan olmoqda. Respublikachilar partiyasining bir qator mansabdorlari, homiylari va maslahatchilari Tramp ochiqchasiga chiqishni barbod qilganini ta’kidlashgan. Garchi sobiq prezident o‘z chiqishi «o‘ta yorqin» bo‘lganini ta’kidlashdan charchamayotgan bo‘lsa ham.

Trampning eng ko‘zga ko‘rinarli ittifoqchisi respublikachi senator Lindsi Grehem Trampning chiqishi juda yomon bo‘lganini omma oldida ta’kidlagan partiyaning kam sonli yetakchilaridan biri bo‘ldi.

«Yo‘qotilgan imkoniyat», — degan bir so‘z bilan Grehem Trampning debatdagi chiqishini. Unga ko‘ra sobiq prezident diqqatini jamlay olmagan va o‘z muvaffaiyatlari bilan maqtanish imkoniyatini boy bergan.

Trampning sobiq ittifoqchisi Kris Kristi Kamala Harris debatga «juda yaxshi» tayyorgarlik ko‘rgani, Tramp esa tayyorgarliksiz chiqqanini ta’kidlagan.

Seshanba kuni Filadelfiyada bo‘lib o‘tgan televizion duelni dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra amerikaliklarning 60 foizi tomosha qilgan. Bu saylovoldi kampaniyasida Trampning zarariga xizmat qiluvchi yangi burilish nuqtasi bo‘lishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.

Financial Times nashri tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda donorlar garchi Trampning chiqishidan noroziligini bildirgan bo‘lsa-da, debat uning saylovoldi kampaniyasini barbod qila olmasligini ta’kidlagan. Respublikachi nomzod hamon saylovda ikkilanuvchi yetti shtatning to‘rttasida yetakchilik qilmoqda.

Durovni «ko‘ndirishdi»

Telegram Fransiya politsiya so‘rovlariga javob berishni boshladi, deb yozmoqda Fransiyaning Liberation nashri. Pavel Durov Parijda hibsga olingach, messenjer fransuz politsiyasining yuridik so‘rovlariga javob berishni boshlagan.

Liberation nashri manbalariga ko‘ra, Telegram Fransiya politsiyasining voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyasi (OFMIN) so‘roviga ko‘ra, bir qancha tergov jarayonlarida gumonlanuvchini identifikatsiya qilish imkonini beruvchi ma’lumotlarni taqdim qilgan.

«Eshiklar rostdan ham ochilmoqda», — degan Parij prokuraturasi vakili Joanna Brus. Ushbu ma’lumot Fransiyadagi barcha prokuraturalar orasida tarqalmoqda. Ularga Telegram bilan bog‘liq muzlatib qo‘yilgan jinoyat ishlari tergovini qayta boshlash tavsiya qilingan.

Ushbu tendensiya Belgiyada ham kuzatilgan. «Biz bir qancha vaqt davomida Telegram sud hokimiyati bilan hamkorlikka moyil bo‘lganini qayd etdik», — degan Belgiya federal prokuraturasi.

Mavzuga oid