Jamiyat | 23:19 / 07.11.2022
27682
9 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkor “dom”lar orasida 8 qavatli imorat qurmoqchi. Aholi esa bunga qarshi

Tadbirkor Toshkentning Chilonzor tumani Ko‘tarma mahallasi 1-, 3-, 9- va 39- uylar oralig‘idagi hududda ko‘p qavatli turar joy qurmoqchi. Lekin mahalliy aholi vakillari bundan norozi. Kun.uz hodisa tafsilotlarini o‘rgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, Ko‘tarma mahallasi 1-, 3- va 9-uylar orasidagi 15 sotix yer maydoni Toshkent shahar hokimining 2020 yil 9 dekabrdagi 1147-sonli qarori asosida fuqaro Mirhamid Mirxodjayevga kompensatsiya tariqasida doimiy foydalanish huquqi asosida ko‘p qavatli turar joy qurish uchun ajratilgan.

1-, 3- va 9-uylarda yashovchi fuqarolar ushbu hududda bolalar va sport maydonchasi, qariyalar dam olishi uchun shiypon, avtoturargoh qurish sharti bilan qurilish olib borilishiga rozilik bildirishgan. Shu bilan birga, bu haqda mahalla fuqarolar yig‘inining bayonnomasi ham rasmiylashtirilgan.

Mahalliy aholi vakillari “Max Building Project” MChJ bu yerda bino qurmoqchi ekanidan umuman xabari yo‘qligi, rozilik imzosi haqiqiy emasligini aytishmoqda.

“To‘rtta “dom” oldida bitta ham bolalar maydonchasi yo‘q. Natijada bolalarimiz qayerga chiqib o‘ynashni bilmaydi. Mahalladan hamma joyda bolalar maydonchasi bor, nega bizda hali ham bunday maydoncha qurilmagani haqida so‘raganimizda mas’ullar tez orada bo‘ladi deb javob berishgandi.

Oradan qanchadir vaqt o‘tgach, shahar hokimining qarorini ko‘rsatishdi. Sobiq mahalla raisi bolalar maydonchasi, shiypon qurilishi uchun aholidan imzo yig‘ishni boshladi. Ammo atrofdagi domlarda yashovchilardan hech kimning bu yerda ko‘p qavatli imorat qurilishidan xabari bo‘lmagan.

Imzolar esa qalbakilashtirilgan. Bugun tadbirkorning qo‘lida turgan bayonnomada ko‘plab mahalladoshlarimiz ism-familiyasi yozilgan joyda boshqa imzo turgani ko‘rib bu ularning imzosi emasligini aytishdi. Bir necha kun oldin quruvchilar dabdurustdan kelib ekskavatorlarini ishlatib ketishmoqda. Agar “uchastkavoy”lar kelib, ularni to‘xtatishmaganda “kotlovan”lar qo‘yib qurishni boshlab yuborishardi”, deydi 39 uyda yashovchi Dildora Hamroyeva.

Botir Norqobilov 

“Shu yil fevral oyida “Yashil makon” dasturi doirasida daraxt ko‘chatlarini ekdik. Tadbirkorning joyi bo‘lganda nega daraxt ekmanglar, bu maydonda bino quriladi, keyin menga ta’na qilmanglar deb ogohlantirmadi? Bir yuz ellikta manzarali ko‘chat ekkanmiz.

Hududda yosh ko‘chatlardan tashqari o‘ndan ziyod ko‘p yillik daraxtlar ham bor. O‘tgan safar ekskavatori bitta daraxtni sindirib ketdi. Bizni kislorod manbasidan mahrum qilishmoqchi. Shahar ekologiya boshqarmasidan ham mas’ullar kelib tadbirkorni qurilishni boshlamaslik to‘g‘risida ogohlantirib ketishgan.

Ko‘chatlarni o‘zimiz pul yig‘ib sotib olib, hashar yo‘li bilan ekkanmiz. Bular 39 domning orqa tarafida qurgan binosi na bolalar maydonchasi va na mashinalar stoyankasi bor. Biz bu yerda o‘zimizga o‘zimiz sharoit yaratmoqchimiz. Hokimiyatdan hech qanday yordam bo‘lmayapti. Dom oldidagi yo‘llarni ham 22 mln so‘m pul yig‘ib o‘zimiz ta’mirladik”, deydi shu yerda yashovchi Botir Norqobilov.

E’tiborlisi, 2018 yil 18 maydagi 370-sonli hukumat qaroriga asosan Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi tomonidan 2021 yil 19 iyuldagi arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqilgan hamda loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining 2022 yil 30 iyundagi 47871-sonli xulosasi olingan.

Ushbu masala yuzasidan joriy yil 5 noyabr kuni tuman ishchi guruhi, tadbirkor hamda aholi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Lekin masalaga yechim topilmagan, tomonlar bir to‘xtamga kelolmagan. Fuqarolar yana norozilik bildirishgani sababli 7 noyabr kuni hokimlik mutasaddilari aholining xonadonlariga birma-bir kirib, ovoz yig‘ish taklifini bergan.

Tadbirkor qo‘lida qonuniy hamma hujjatlari borligiga qaramay Chilonzor tuman hokimligi mutasaddilari hududda qurilish boshlash uchun yana aholidan ovoz yig‘ish kerak degan taklifni bildirishayotgani, shu paytgacha mahalla ahli bilan uch yo to‘rt marta uchrashuv bo‘lgani, lekin fuqarolar bu yerda qurilish boshlashga to‘la haqli ekanini tushunishni istamayotganini ta’kidlamoqda.

Sa’dulla Sayfullayev, tadbirkor

“2020 yil dekabr oyida ushbu yer uchastkasi tegishli ruxsatnoma bilan bizga ajratib berilgan. 2021 yil eskiz loyihalarini chizdirib tayyorlaganmiz. Dekabr oyida loyihani 1 va 9-ko‘p qavatli uylarda yashovchilarga ko‘rsatib roziligini olganmiz.

2022 yil fevral oyida yana bir kelib loyihalarimizni odamlarga ko‘rsatib yig‘ilish bayoni asosida aholi roziligi olingan. Shu paytgacha bu joyda hech narsa ekilmagani, quruq yerligi haqida hujjatlar bor. O‘sha oy oxirida esa 39-uyda yashovchilar qurilish bo‘lmaydi deb bu yerga daraxtlar ekishgan. Hozir ular bu yerga mehnatimiz singan, ungacha qarovsiz chiqindixona bo‘lib yotardi deb noroziligini bildiryapti.

Vaholanki, yer kadastr qilingani, hamma narsa ro‘yxatdan o‘tganidan ularning xabari bo‘lmagan. Biz ko‘pchilikdan roziligini olganmiz. Odamlar qurilish muddati besh-olti yil davom etadi deb ham norozi bo‘lishmoqda. Biz ruxsat berilgan vaqtda ya’ni ertalab 8-00 dan kechki 19-00 gacha ishlashimizga kafolat berganmiz. Ko‘p qavatli uydan tashqari bolalar maydonchasi, kattalar uchun sport maydonini ham qurishimiz kafolatini yozib berganmiz. Barcha kafolat xatlari mahallaga topshirilgan.

Quradigan imoratimiz sakkiz qavatdan iborat. Eskiz loyihalari tegishli tasdiqdan o‘tgan va ruxsat olingan. Avval odamlar rozi bo‘lib, keyin birdan fikri o‘zgarib qolganini tushunolmayapmiz. Masalaga oydinlik kiritilguncha qurilishimiz hozir to‘xtab turibdi. Tuman hokimligi mutasaddilari bu yerga kelishib, qonuniy hujjatimiz bo‘la turib, uyma-uy yurib ovoz yig‘amiz deyishmoqda”, deydi tadbirkor Sadulla Sayfullayev.

Ma’lum bo‘lishicha, nizoli hudud tadbirkor tomonidan o‘zboshimchalik bilan o‘rab olingandan keyin aholi keskin norozilik bildirib chiqqan va bu holat aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan. Bu bo‘yicha Chilonzor tuman hokimligi mutasaddisi munosabat bildirdi.

“Hududni o‘rab olish jarayoni ikkinchi noyabr kuni boshlangan. O‘sha kunning o‘zida kechki payt tuman hokimi shaxsan o‘zi kelib, vaziyatni o‘rganib tunuka to‘siqlar olib tashlanib, ishlar to‘xtatilgan. 2020 yil Toshkent shahri hokimining 1147-sonli qarori asosida ushbu yer uchastkasi kompensatsiya tariqasida tadbirkorga ajratib berilgan. Undan keyin bu yerda qurilish me’yorlariga asosan qurilish qilish uchun ruxsat berilgan. Bu ishlarning barchasi qonun asosida boshlangan.

Pozitsiyamizga keladigan bo‘lsak, birinchi o‘rinda aholini fikrini inobatga oldik. Aholi bu yerda qurilish ishlaridan norozi bo‘lgani uchun ishlar to‘xtatildi. Agar tadbirkor bu yog‘iga o‘zboshimchalik bilan ish qilsa, huquq-tartibot organlari xodimlari u bilan shug‘ullanishadi.

Mahalla raisi va fuqarolar o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilib, tegishli tartibda bayonnoma tuzilgan. Unga ko‘ra, o‘ninchi mavzedagi 1-, 3- va 9- domlarda yashovchilar o‘z roziligini berishgan. Aholi hujjatdagi imzolar o‘zlariga tegishli emasligini aytmoqda. Tadbirkor esa mana imzo qo‘ygansizlar, roziligingiz bor deyapti. Bayonnomada tadbirkor aholi tomonidan berilgan taklifga rozi bo‘lgan. Unda obodonlashtirish va aholiga qulayliklar yaratish ishlari ko‘rsatilib o‘tilgan”, deydi Chilonzor tumani hokimi maslahatchisi. 

Botir Rasulov, Chilonzor tumani hokimi maslahatchisi

Mutasaddilarning ma’lum qilishicha, holat bo‘yicha tuman hokimligida ishchi guruh tuzilib, mazkur hududda o‘rganish ishlari olib borilmoqda. 8 noyabr kuni mahalliy aholi vakillari, tadbirkor, OAV va keng jamoatchilik ishtirokida uchrashuv bo‘lishiga kelishib olindi. O‘sha yerda ovoz berish natijalari ham e’lon qilinishi, nizoli hudud masalasi hal bo‘lishi kutilmoqda.

Mavzuga oid