Sport | 16:24 / 01.12.2016
8245
2 daqiqa o‘qiladi

Oksana Chusovitina tayanch sakrash musobaqalarida jahonda tengsiz ekanligini isbotladi

Foto: olympic.uz

25-26 noyabr kunlari Mexikoda (Meksika) sport gimnastikasi bo‘yicha Abierto Mexicano de Gimnasia xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi. Musobaqalarda dunyoning 10 mamlakati sportchilari ishtirok etishdi - Braziliya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Kolumbiya, Meksika, Ruminiya, O‘zbekiston, Ukraina va Yaponiya. Bu haqida Milliy olimpiya qo‘mitasining matbuot xizmati xabar berdi. 

O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Oksana Chusovitina tayanch sakrash musobaqalarida eng yaxshi natijani ko‘rsatib, 14,25 ballni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni esa 13,975 ball bilan ukrainalik gimnastikachi Angelina Kisla egalladi. Uchinchi o‘rin 13,92 ball bilan meksikalik Miriana Almeidaga nasib etdi. 

4 xil mashqni o‘z ichiga olgan ko‘pkurash musobaqasida Chusovitina 52,225 ball bilan turnirning bronza medalini qo‘lga kiritdi. Kumush medal - braziliyalik gimnastikachi Karolin Pedro (53,975), oltin esa ukrainalik Angelina Kislaga (54,400) taqdim etildi. 

Oksana Chusovitina — gimnastika tarixida - yozgi Olimpiada o‘yinlarida 7 marta ishtirok etgan yagona gimnastikachi hisoblanadi. U uch karra jahon chempioni, dunyo birinchiligining to‘rt kumush va to‘rt bronza medallari sohibidir. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева

Mavzuga oid