Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kapitulyatsiyaga teng tinchlik rejasi, Sudan urushiga yuzlangan Tramp va Eron yadro dasturi mojarolari – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Kapitulyatsiyaga teng bo‘lgan — tinchlik rejasi
Ukraina urushini yakunlash bo‘yicha reja yuzasidan Vashington bilan ishlashga tayyorligini bildirdi.
AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlangan reja bo‘yicha, Kiyev butun Donbass mintaqasidan voz kechishi hamda harbiy kuchlarini keskin qisqartirishi talab qilinadi. Lekin bu shartlar Ukraina ittifoqchilari tomonidan uzoq yillardan beri taslim bo‘lishga teng deb baholandi.
Reutersʼning yozishicha, rejada «Ukraina armiyasi 600 ming askardan oshmasligi lozim va unga kuchli xavfsizlik kafolatlari beriladi» deyilgan, biroq tafsilotlar keltirilmagan.
Rejada Rossiya foydasiga bir nechta yon berishlar ham bor: jumladan, Qrim, Luhansk va Donetsk AQSh tomonidan de-fakto Rossiyaniki sifatida tan olinadi. Rossiya Ukraina kuchlari nazoratidagi Donetskning ayrim hududlaridan chiqib ketadi.
Shuningdek, loyiha bo‘yicha NATO bundan buyon kengaymasligi va Ukraina hududiga qo‘shin joylashtirmasligi qayd etilgan. Rossiya esa global iqtisodiyotga qayta integratsiya qilinadi, sanksiyalarning bekor qilinishi «bosqichma-bosqich va har bir holat bo‘yicha alohida kelishiladi».
Prezident Volodimir Zelenskiy AQSh armiyasi kotibi Daniel Driskoll bilan uchrashuvdan so‘ng rejaning ayrim bandlari borasida birga ishlashini aytdi. «Biz vijdonan, konstruktiv va tezkor ishga tayyormiz», dedi Ukraina prezidenti.
Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari esa — Kiyevdan og‘ir yon berishlarni talab qiladigan shartlarga rozi bo‘lmasliklarini bildirdi.
«Ukrainaliklar suvereniteti hurmat qilinadigan adolatli tinchlik istaydi. Ammo tinchlik — taslim bo‘lish degani emas», dedi Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro.
AQSh davlat kotibi Marko Rubio tinchlik uchun Kiyev ham, Moskva ham yon berishi kerakligini aytdi.
Kreml esa aniq biror narsa aytmadi. «Hozircha hech qanday maslahatlashuvlar olib borilmayapti. Aloqalar bor, albatta, ammo buning nomini maslahatlashuv deb bo‘lmaydi», dedi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Eron yadro dasturi
Eron Xalqaro atom energiyasi agentligiga «mamlakatda tekshiruvlarni qayta boshlashga ruxsat beruvchi kelishuv»ni bekor qilmoqda. Bu qaror — MAGATE kengashi Tehrondan boyitilgan uran va yadroviy obektlar haqida «aniq ma’lumotlarni» «darhol» taqdim etish talabi ortidan qabul qilindi.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiyning aytishicha, rezolyutsiya uchun ovoz bergan davlatlar — Fransiya, Britaniya, Germaniya va Qo‘shma Shtatlar «Eronning ijobiy niyati va konstruktiv munosabatini mensimasliklarini» ko‘rsatdi. Ular MAGATE bilan Eron o‘rtasidagi hamkorlikni izdan chiqardi.
Joriy yil Isroil va AQShning bombardimonidan keyin — Donald Tramp Eronning yadroviy dasturini «butkul yo‘q qilganini» ta’kidlagandi. Shundan so‘ng Eron ham inspeksiyalar faoliyatini to‘xtatgan, biroq sentabrda ularni qayta boshlashga rozilik bergandi.
Eron o‘zining yadroviy dasturi faqat tinch maqsadlar uchun ekanini ta’kidlab keladi. MAGATE bosh direktori Rafael Grossining aytishicha, Eron 60 foizgacha boyitgan uran miqdori — taxminan 90 foizlik qurol darajasiga juda yaqin. Agar Eron dasturini qurollantirishga qaror qilsa, 10 ta yadro bombasini tayyorlashga yetadi.
Sharqiy Osiyodagi tabiiy ofatlar qurbonlari oshmoqda
Indoneziyaning Markaziy Yava hududidagi ikki mintaqada yuz bergan ko‘chkilar oqibatida halok bo‘lganlar soni 30 nafarga yetdi. Mamlakatning ofatlarni kamaytirish agentligi qutqaruv ishlari davom etayotganini bildirdi.
Agentlikka ko‘ra, o‘tgan haftadagi kuchli yomg‘irlardan keyin yuzaga kelgan ko‘chkilar ortidan 21 kishi hanuz bedarak yo‘qolgan.
Qutqaruvchilarning aytishicha, hududlardan qariyb ming nafar aholi evakuatsiya qilingan. Kamida 700 nafar qutqaruvchi, jumladan, politsiya va harbiy xizmatchilar yo‘qolganlarni izlashni davom ettirmoqda.
Mamlakat ob-havo agentligiga ko‘ra, Indoneziyada yomg‘irli mavsum sentabr oyida boshlangan va aprelgacha davom etadi. Bu esa ko‘plab hududlarda suv toshqinlari va kuchli yomg‘ir xavfini oshiradi.
Bir necha kundan buyon Vetnamning markaziy hududlarida davom etayotgan kuchli yomg‘ir, suv toshqinlari va ko‘chkilar natijasida halok bo‘lganlar soni esa 41 nafarga yetdi.
Janubiy–Sharqiy Osiyoning ushbu hududida ham suv bosgan shahar va qishloqlarda suv sathi yanada ko‘tarilmoqda. Xususan, so‘nggi uch kun ichida Vetnam markaziy hududlarida yog‘ingarchilik 1 500 millimetrdan oshdi.
Tramp Sudandagi urushni tugatmoqchi
AQSh prezidenti Donald Tramp chorshanba kuni Sudandagi davom etayotgan gumanitar inqirozga e’tibor qaratish niyatini bildirdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu masalani seshanba kuni Vashingtonga kelgan Saudiya valiahd shahzodasi Bin Salmon Trampdan iltimos qilgan.
Saudiyaliklar Vashingtondan BAAni Sudandagi qurolli guruhga yordam berishni to‘xtatishga ko‘proq undashini xohlaydi. Tramp buni AQSh–Saudiya investitsiya forumidagi nutqida ham eslatdi:
«Janobi oliylari Sudanga oid juda kuchli bir ish qilishimni xohlaydi. Men bu masalaga aralashish rejalarimda yo‘q edi,» dedi u. «Men buni shunchaki aqldan ozgan va nazoratdan chiqqan narsa deb o‘ylagandim. Ammo siz va bu xonadagi ko‘plab do‘stlaringiz uchun bu qanchalik muhimligini ko‘ryapman», dedi Tramp.
Sudanda ikki yarim yildan beri armiya va Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari (RSF) o‘rtasidagi fuqarolar urushi bormoqda. Xalqaro tashkilotlar Birlashgan Arab Amirliklarini RSFni qo‘llab-quvvatlashda ayblagan. Bu mojaro o‘n millionlab odamni humanitar falokatga giriftor qilgan.
Mavzuga oid
14:02 / 01.04.2026
AQShga «yo‘q» degan yevropaliklar, Qrimda qulagan harbiy samolyot va Bag‘dodda o‘g‘irlangan amerikalik jurnalist – kun dayjesti
16:20 / 31.03.2026
Isroilda falastinliklarni kamsituvchi qonun, Ho‘rmuzda yoqib yuborilgan Kuvayt tankeri va Germaniyaga kelgan Ash-Shar’a – kun dayjesti
15:30 / 30.03.2026
Yaqin Sharqqa kelgan AQSh desantchilari, Kubaga kelayotgan Rossiya tankeri va Trampga qarshi namoyishlar – kun dayjesti
15:21 / 28.03.2026