«25 yil davomida «O‘zavtomotors»ning «erkalik»larini ko‘tarib keldik». Deputatlar norozi, muammo yechimi nimada?
Shu yilning 29 iyul kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga «O‘zavtomotors» AJning avtomashinalar narxi yuzasidan deputatlik so‘rovi yuborilgan. So‘rovga javoban, agentlik tomonidan ish qo‘zg‘atilgani va kompaniya faoliyati o‘rganib chiqilayotgani ma'lum qilindi. So‘rov mualliflari «O‘zLiDep» fraksiyasi a'zolari Nodir Jumayev, Rasul Kusherbayev hamda Doniyor G‘aniyev deputatlarning maqsadi va kompaniya faoliyati xususida fikr-mulohazalarini Kun.uz'ga bildirishdi.
Deputatlik so‘rovi qanday savollardan iborat bo‘ldi va nima uchun aynan monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga yuborildi?
R.Kusherbayev: Bilamiz, O‘zbekistonda raqobat muhitini yaratish, alohida monopol tarzda faoliyat yuritayotgan tuzilmalar ustidan ham davlat nazoratini amalga oshirish, ishtirokchilarga teng sharoit yaratib berishda vakolatli davlat organi, bu — monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi. «O‘zavtomotors» tomonidan ishlab chiqarilayotgan avtomobillar narxi masalasida yaqinda boshlangan bahslarda, agar mohiyatga qaraydigan bo‘lsak, eng katta norozilik shu tuzilmani monopol sifatida faoliyat yuritayotgani va iste'molchilarga tanlov imkoniyatini bermayotgani bilan bog‘liq. Shuni inobatga olib, vakolatli davlat organi oldiga talablar qo‘yish nuqtai nazaridan, biz so‘rovnoma yuborishga qaror qildik. Mart oyida narxlar oshgach fuqarolardan ko‘plab murojaatlar kelib tushganidan keyin, qo‘mita avtomobillarga nisbatan korxona faoliyati o‘rganayotgani haqida ma'lumot bergan edi. Lekin negadir bu jamoatchilikka e'lon qilinmadi. Bizni xalq vakili sifatida haqqimiz bor-ku, buni bilishga, ya'ni u yerda narxlar nimaga asosan shakllanyapti va umuman monopol sifatida faoliyat yuritishiga nima asoslar bor o‘zi, degan ma'noda bu masalani tegishli tartibni o‘rganib, mana shu vakolatli davlat organi oldiga masala qo‘yishimiz kerak edi. Bu ham bo‘lsa, fuqarolar talabidan kelib chiqqan holda, albatta. Agar faoliyatiga e'tibor bersak, bu tashkilot hatto monopollik shartlarini ham buzayotgani ma'lum bo‘ladi. Avtomashinalar narxlari ham asoslantirilmagan tarzda oshirilgan.
Doniyor aka, hozir qo‘mitaga yuborilgan deputatlik so‘rovidan qanday javob kutyapsizlar?
D. G‘aniyev: «O‘zavtomotors» rasmiy monopol korxona hisoblanadi. Shu bilan birga, «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, monopol korxonaning ham o‘ziga xos majburiyatlari bor. Ustun mavqega ega bo‘lib faoliyat yuritayotgan korxona boshqa iste'molchilarni, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarni huquqlarini kamsitadigan bo‘lsa, tegishli vakolatga ega davlat organi sifatida Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi unga nisbatan choralar ko‘rish vakolatiga ega. Shundan umid qilyapmizki, so‘rov natijasida, agar qo‘mita o‘rganishlari biz kutgan tahlillarni tasdiqlasa, ya'ni «O‘zavtomotors» tomonidan narxlash siyosati asossiz amalga oshirilayotgan, iste'molchilarni huquqlarini buzilishi qo‘pol tarzda aks etayotgan bo‘lsa, tegishli tarzda qo‘mita xulosasini taqdim etgan holda ularga nisbatan chora ko‘rilishi kerak. Mansabdor shaxslarga ma'muriy tarzda chora ko‘riladigan bo‘lsa, agarda chindan ham iste'molchilar huquqi kamsitilgani aniqlansa, yetkazilgan zarar qoplanishi ko‘zda tutilishi kerak. Biz kutayotgan minimum natija shu. Modomiki, biz monopol bilan yashashga majbur bo‘lsak, hech bo‘lmasa monopol korxona sifatida u belgilangan qonun-qoidalarga amal qilib ishlashini talab qilishga o‘ylaymanki, deputat va oddiy fuqaro sifatida, iste'molchi sifatida haqqim bor.
N.Jumayev: Rasul va Doniyor akalar gaplarini uzviy davomi sifatida aytamanki, albatta bu ma'lum darajada ishlab chiqarish, minglab odamlarni ish o‘rni. Katta investitsiya. Shu bilan birga, bu zavodning mashina ishlab chiqarishi xalq manfaatiga mos bo‘lishi kerak. Shu yilning 28 may kuni iqtisodiyotda raqobat muhitini ta'minlash va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlatimiz rahbari boshchiligida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda prezident «Raqobat bo‘lmasa sifat bo‘lmaydi. Narx tushmaydi. Zamon o‘zgaryapti. Lekin monopol korxonalar o‘zgara olmayapti. Qat'iy choralar ko‘rish vaqti keldi. Iqtisodiyotda, bu hayot-mamotimiz» deb aytdilar. Nima haqida gap ketmoqda?! Agar biz monopol korxonalarni «endi bor zavodimiz shu» deb uni himoya qilaversak narx ham tushmaydi, raqobat ham bo‘lmaydi. Demak, bunda iqtisodiy jihatdan ham yutqizyapmiz.
Farg‘onada pandemiya paytida tez tibbiy yordam xizmatiga «Damas»lar xarid qilinayotganida munozara kelib chiqdi. Shunday sharoitda ham «Damas»lar narxi oshirilgan holda sotilayotgani tanqid qilindi. Mana shu munozarani keltirib chiqargan sabablar haqida so‘zlab bering.
R.Kusherbayev: Boshqa mamlakatlarni bu kabi zavodlari pandemiya sharoitda xalqiga katta yordam berayotganini ko‘ryapmiz. Ishchilar pulidan emas, korxonaning o‘z pulidan beryapti. Asosiy e'tiroz hozirda chaqiruvlar soni tez tibbiy yordamda nihoyatda ortib ketdi. Viloyatlardagi tashkilotlarda mashina sotib olish uchun mablag‘ yetmasligi mumkin. Og‘ir vaqtda mart oyigacha bo‘lgan narxda berishi mumkin edi-yu, zavod qimmat avtomobillarga nisbatan chegirma beryapti. «Damas»ga o‘xshash ommabop avtomobillar narxini oshiryapti. Kuzatib yurdim. Balki o‘zgarishar, dedim. Bular odamlar bilan hisoblashmaydigan darajaga boryapti. Tanqidimizga «O‘zavtomotors» ham javob qaytarmoqchi bo‘ldi. Lekin mening muddaom boshqa edi. Menimcha, bugungi pandemiya sharoitida oshirilgan narxda sotishi insofsizlikdek ko‘rindi.
«O‘zavtomotors» munosabat bildirgan bayonotda aytilishicha, kompaniya hisobidan tibbiyot anjomlari sotib olish uchun 2 mlrd so‘m, Sardoba falokati uchun 2 mlrd so‘m, Andijonga 6ta «Damas» bepul berilgan. Xayriya pullariga 37 milliard so‘m ajratganini keltirib o‘tdi. Bunga qanday munosabat bildirasiz?
D.G‘aniyev: Bunaqangi pandemiya sharoitida tibbiyot anjomlar, dori-darmon va boshqa eng zaruriy narsalarga pul ajratilayotgan paytda tez tibbiy yordam mashinalarini, ya'ni o‘zimizda chiqarilgan «Damas»larni ham qimmat narxlarda sotib olishga majbur bo‘lyapmiz. Chunki xorijda muqobil variantlarini ko‘rsak, u yoqda ancha arzon. Lekin bu monopol imtiyozi orqali biz o‘sha muqobil variantlarni arzon narxlarda sotib olish imkonidan mahrum bo‘lyapmiz. Biz 25 yil davomida «O‘zavtomotors»ning «erkalik»larini ko‘tarib keldik. Balki bugungi og‘ir vaziyatda erkalikni qaytarishga urinib ko‘rsak to‘g‘ri bo‘lar, deb o‘yladik. Uni qilayotgan ehsonini pesh qilishi, bilmadim qanchalik to‘g‘ri. Hatto kichik-kichik tadbirkorlar ham daromadining katta qismini ehson qilganini ko‘rdik. Bu korxona ehsonini minnat qilayotgandek tuyuldi, bizga.
Korxonani munosabatida qiziq ma'lumot bor. Unda keltirilishicha, deputatlar qabul qilgan xayriyalar to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan korxonalar 10 foizdan ortiq sof daromadni xayriya qila olmaydi deyiladi, ammo va 37 milliard so‘m xayriya qilingani aytiladi. Bu degani, kompaniya daromadlari 370 mlrd. so‘mga teng bo‘lgani va korxona daromad ustida ekanini bildiradimi?
D.G‘aniyev: Albatta, ular daromadga ishlaydi, buni hammamiz bilamiz. Lekin qiziq tomoni ular qonunlarni o‘z manfaatlariga to‘g‘ri kelganda esga olishadi. Va o‘sha deputatlar qabul qilgan raqobat yoki iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlarni eslashmaydi. Mana shu qonunda ham aytiladiki, tovar yoki xizmatni taklif qilayotgan odam uni bahosini iste'molchiga ochiq-oydin ko‘rsatishi kerak. Iste'molchilar huquqlarini kamsitmasligi kerak. Ular iste'molchiga avtomobil narxlarini 5-10 foiz yashirincha tarzda qimmat sotishyapti. Bu qonunlarni ochiq-oshkora buzishayotganini bildiradi.
Monopoliyani kuni ertami kechmi baribir oxiriga yetadi. Bugungi kunda hukumat tomonidan Jahon savdo tashkilotiga yoki YevroOsiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish masalalari o‘rganilyapti. Agar buni yakuniga yetib shulardan biriga qo‘shilsak, albatta monopoliyani yo‘q qilishga majbur bo‘lamiz. Monopollarga qanchalik og‘ir yoki yengil bo‘lishi ular o‘zlarini jarayonga qay darajada moslab borishiga bog‘liq bo‘lib qoladi. Bular o‘zlarini yangi zamonga, integratsiyaga tayyorlamasalar, monopolni «arqon»ini qo‘yib yuborgan paytimizda kech bo‘ladi. Bu «bomba»ni portlashi davlat budjeti, soliq to‘lovchilarning cho‘ntagiga juda katta zarar bo‘ladi, deb o‘ylayman.
7-savol. Korxona o‘z faoliyatini tartibga solish, bozor iqtisodiyotiga o‘tishi uchun va narxlarni muvofiqlashtirishi uchun unga nima yetishmayapti deb o‘ylaysiz??
R.Kusherbayev: Birinchi navbatda jur'at yetishmayapti. Ya'ni «to‘liq bozor o‘yinlari bilan ishlashga o‘tsak, biz yutqazib qo‘yamiz» degan qo‘rquv bor. Undan tashqari, hali ochiqlanmagan boshqa qanaqadir manfaatlar borki, buni ochiqlashmayapti. Ishonchim komil, bu yerda bizga ma'lum bo‘lmagan manfaatdor guruhlar bor. Ular butun bir brendni noqulay ahvolga solib qo‘ymoqda. Yashirin manfaatdor bo‘lib turgan tomonlar mardlik sari, ochiq bozor qoidalariga va qonunlarga to‘liq rioya qilishga o‘tishsa, keyin yaxshi bo‘ladi.
D.G‘aniyev: Bu yerda bir necha omillar birlashishi kerak. Hukumat ham siyosiy iroda ko‘rsatishi lozim. Monopoliyaga qarshi kurashishni kuchaytirishi zarur. Menimcha ham manfaatdor guruhlar bor. Chunki men korxonani yangi kadrlarini ko‘rganman. Gaplashganimda ular orasida salohiyatli, yosh mutaxassislar ko‘pligini guvohi bo‘ldim. Lekin ichkarida qandaydir to‘siqlar borligi aniq. Davlat «O‘zavtomotors»ga nisbatan bosqichma-bosqich tarzda imtiyozlarni kamaytirib borsa, kelajakda bozor iqtisodiyotiga o‘tishda yaxshi natijaga erishish mumkin.
N. Jumayev: Biz «O‘zavtomotors» faoliyatini yanada yaxshi davom ettirishi uchungina shu masalani ko‘tarib chiqdik. Kompaniyaning bozor qonunlariga moslashishi tarafdorimiz. Rivojlanish optimallashtirish bilan bo‘ladi. Bizning bu chiqishlarimiz, e'tirozlarimiz faqatgina shu kompaniyaga emas, albatta. Barcha monopol kompaniyalarga tegishli. Zamon o‘zgardi. Bizlar raqobatga mos, bozor iqtisodiyotida o‘z o‘rniga ega bo‘lishga intilish tarafdorimiz. Maqsadimiz bitta-xalq xalq manfaati yo‘lida ishlash.
Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi
Mavzuga oid
17:18
Elektromobil bozorini qisish uchun oxirgi bir yilda nimalar qilindi?
20:33 / 13.11.2024
«O‘zbekiston temiryo‘llari» 1 dekabrdan yuk tashish tariflarining vagon qismini 30 foizga oshiradi
08:08 / 07.11.2024
Monopoliyaga qarshi organ roziligisiz davlat ishtirokidagi korxona tashkil etilgan 4 ta holat aniqlandi
14:06 / 26.10.2024