Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Arxitekturada yangi trend: matodek mavjlanuvchi shisha fasadlar
Brisbendagi “puls urayotgan” teatrdan tortib Tokiodagi sadafsimon yaltiroq flagman butikkacha - bu binolar arxitektorlar hamma joyda uchraydigan to‘g‘ri chiziqli shisha hajmlardan voz kechayotganini ko‘rsatadi. Ular to‘liq shishalangan fasadlar bir xil va zerikarli ko‘rinishga ega bo‘lmasligi mumkinligini isbotlaydi.
Brisbendagi teatrning to‘lqinsimon shisha fasadi konsol ko‘rinishida chiqib turgan birinchi qavatni o‘rab, ikki ko‘chaga qaragan fasad bo‘ylab cho‘ziladi. Uning dizayni bino hajmini vizual jihatdan yengillashtirish va birinchi darajadagi foyeni yo‘lovchilar nigohiga ochiq bo‘lgan o‘ziga xos “ochiq teatr”ga aylantirish uchun o‘ylab topilgan.
Yaponiyaning SANAA studiyasi Parijdagi La Samaritaine universal do‘konini yangilab, Rivoli ko‘chasi tomondan kirishni belgilab turuvchi to‘lqinsimon shisha fasad yaratdi. Arxitektorlar so‘zlariga ko‘ra, bu fasad qo‘shni Osman uslubidagi binolar derazalari ritmiga ishora qiladi va ayni paytda universal do‘konning tashqi qiyofasini yumshatadi.
Arxitektorlar fasadga shamolda tebranayotgan “glitsiniyadan yasalgan pergola”ga o‘xshash yengillik berishga intilgan. Tiffany & Co.’ning firmaga xos moviy rangdagi egri shisha panellari burchaklarda xuddi bo‘rtib chiqqandek tuyuladi va birinchi qavat darajasida kirish qismini yumshoq aylanib o‘tadi, shu orqali matodek yopilganlik ta’sirini hosil qiladi.
Uchta shishali oranjyereya Shanhaydagi madaniy parkning bir qismini tashkil etadi, bu park sobiq metallurgiya zavodi o‘rnida joylashgan. Egri shakllar ataylab eski binolarning sanoatcha geometriyasiga qarama-qarshi qo‘yilgan bo‘lib, mavjud qurilishning qat’iy to‘ri orasidan xuddi “tabiiy ravishda unib chiqayotgandek” ko‘rinadi.
Bu shisha pavilon Yyel universiteti kampusidagi brutalistik va gotik arxitekturaga qarshi qo‘yilgan o‘ziga xos javob sifatida loyihalashtirilgan. Uning yumshoq to‘lqinsimon shakli 6,7 metr balandlikdagi shisha panellar orqali yaratilgan, ichida esa tashqi tomondan qaralganda mavjlanish ta’sirini yanada kuchaytiruvchi avtomatik qat-qat parda joylashgan.
Shisha qobiqning aks ettiruvchi va shaffof xususiyatlari pavilonga xuddi xameleondek o‘zgarib turish imkonini beradi: kunduzi u atrof-muhit va kampus hayotini aks ettiradi, kechasi esa yorug‘lik sochuvchi mo‘ljal nuqtasiga aylanadi.
Tokiodagi Louis Vuitton flagman do‘konida ham arxitektorlar to‘lqinsimon shisha panellardan foydalangan. Maxsus rang o‘zgartiruvchi plyonka tufayli fasad o‘ziga xos sadafsimon yaltiroqlikka ega bo‘lib, Tokio ko‘rfazi yaqinligiga ishora sifatida suv sathini eslatadi.
Nyu-Yorkdagi Central Park Tower osmono‘par binosi etagida joylashgan Nordstrom universal do‘konining egri fasadi besh qavatli shisha qobiqdan iborat. U yorug‘lik diodlari bilan yoritiladi, ichki tomondan esa metall to‘r bilan to‘ldirilgan bo‘lib, bu quyosh nurlari tufayli qizib ketishni kamaytirishga yordam beradi.
Bu loyihalar shishaning qattiq material sifatida emas, balki egiluvchan matodek “harakat qila olishi”ni yaqqol ko‘rsatadi. Natijada yengillik asosiy ifoda vositasiga aylanadigan arxitektura vujudga keladi.
Mavzuga oid
21:41 / 12.03.2026
Bosh me’moriy mukofot - Pritsker mukofotini Smilyan Radich oldi
23:02 / 05.01.2026
2026 yilda dunyo qiyofasini belgilaydigan 11 ta me’moriy loyiha
07:50 / 30.12.2025
2025 yildagi top-10 osmono‘par bino: Nyu-Yorkdan Shenchjengacha
23:34 / 25.12.2025