Huergo 475 — Buenos-Ayresdagi turarjoy osmono‘par binosi. U yashilsimon tusli betondan qurilgani va ifodaga boyligi bilan yilning eng taniqli loyihalaridan biriga aylandi. Arxitektorlar binoga ham monolit ko‘rinish berish, ham uni shahar muhitiga uyg‘un singdirishni maqsad qilgan.

Buenos-Ayresdagi yana bir loyiha — Rafael Viñoly Architecs studiyasi ishlagan 16 qavatli minora. U hajmlarning kaskadli kompozitsiyasi va ikki qavat balandligidagi (double height) katta qavatlari bilan ajralib turadi.

Bino aeroportlar operatori Corporación América kompaniyasi uchun bosh qarorgoh sifatida loyihalashtirilgan. Fasadi esa o‘lchami 7,15 × 2,2 metr bo‘lgan yarim shaffof shisha panellar bilan qoplangan bo‘lib, bu binoga yengil va zamonaviy qiyofa beradi.
Ehtimol, yilning eng muhim osmono‘par binosi baland inshootlar “jahon poytaxti” hisoblanadigan Nyu-Yorkda yakunlangan. Britaniyaning Foster + Partners studiyasi loyihalagan bu bino moliyaviy gigant JPMorgan Chase’ning yangi bosh qarorgohiga aylandi va 2025 yilda bitkazilgan eng baland osmono‘par bino bo‘ldi.

423,1 metr balandlikdagi minora XX asr boshi osmono‘par binolarini eslatuvchi pog‘onali siluetga ega. Bino kirish qismi chuqurlashtirilgan hudud ustida yoy shaklida tarqaladigan yirik kolonnalarga tayanadi.
Florida shtati, Uest-Palm-Bich shahrida SOM kompaniyasi mintaqaga xos tropik modernizmdan ilhomlangan The One Flagler osmono‘par binosini qurdi. Bino oq beton fasadlar bilan qoplangan bo‘lib, ular panjarasimon pergolalarni eslatadi.

Tarixiy, boz-ar (Beaux-Ars) uslubidagi cherkov yonida joylashgan ushbu osmono‘par bino atrof-muhit bilan muloqotda bo‘lish, bir vaqtning o‘zida yangi shahar dominantasiga aylanish g‘oyasida yaratilgan.




















