Qishloq xo‘jaligida yangi tizim: Oilalarga 1 gektardan 5 gektargacha ijara asosida yer ajratib beriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 noyabr kuni meva-sabzavotchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish va eksportini oshirish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni ta'minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.
Yig‘ilishda seleksiya borasida ilmiy tadqiqotlar yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagani bois urug‘likni import qilishga to‘g‘ri kelayotgani haqida gapirildi.
«Mineral o‘g‘itlar ta'minoti, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashish ishlari tizimli tashkil etilmagani ham dehqonning ortiqcha ovora bo‘lishiga olib kelib, hosildorlikni oshirishga salbiy ta'sir qilmoqda», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Sohadagi masalalar yechimi uchun eskirgan tizimdan butunlay voz kechib, mutlaqo yangi uzluksiz zanjirni ya'ni, kooperatsiya va klaster tizimini tashkil etish kerakligi ta'kidlandi.
«Bunday yo‘l jahon tajribasida o‘zining samaradorligini isbotladi, klasterning joriy etilishi sohada yuqori natijalarga olib kelayotganini ko‘rsatmoqda.
Shu munosabat bilan prezident O‘zbekistonda bir nechta yirik eksportyor klaster tashkil etish, qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish va daromadni oshirish, mahsulot ishlab chiqaruvchilarni aniq bozor, aniq moliyaviy manba bilan ishlaydigan tadbirkorga biriktirish zarurligini ta'kidladi.
Xorijiy mutaxassislar ko‘magida tashkil etilgan Surxondaryo tajribasi asosida 55ta tumanni eksportbop muayyan mahsulotlar turini yetishtirishga ixtisoslashtirish vazifasi qo‘yildi.
Bundan tashqari, har bir viloyat va tuman hokimi klasterlar bilan meva-sabzavotni to‘g‘ri joylashtirishga, agrotexnik tadbirlarning o‘tkazilishiga, yetishtirilgan mahsulotni eksportyor yoki qayta ishlovchiga to‘liq yetkazilishiga shaxsan javobgarligi belgilandi.
Moliya vazirligiga yangi tizim asosida eksportbop mahsulotlar yetishtirishni rag‘batlantirish bo‘yicha moliyalashtirish yuzasidan taklif kiritish topshirildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Qishloq aholisi bandligini ta'minlash maqsadida yangi tashkil qilinayotgan kooperatsiyalar negizida 1 gektardan 5 gektargacha ijara asosida yer ajratib beriladi. Yangi bog‘ va tokzorlarni barpo etishga «Har bir oila – tadbirkor» dasturi doirasida 1 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
Kam ta'minlangan oilalar bandligini ta'minlash maqsadida Farg‘ona vodiysining 22ta tumanida 31ta namunaviy kooperatsiya tashkil qilinadi. Har bir kooperatsiyaga kamida 50 nafardan ishsiz fuqaro a'zolikka qabul qilinib, ularga foydalanilmayotgan yerlar, subsidiyalar hamda imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Xalqaro hamda mahalliy moliya tashkilotlaridan mablag‘lar jalb etish orqali gilos, o‘rik, anor, shaftoli, olxo‘ri, yong‘oq kabi mevalarga ixtisoslashgan yangi zamonaviy bog‘ tashkil qilish hisobiga hosildorlikni keskin oshirish zarurligi ta'kidlab o‘tildi. Shu bilan birga, eksportbop uzumzorlarni tashkil etish yuzasidan «manzilli dastur» tasdiqlash vazifasi yuklatildi.
Oziq-ovqat va spirtli ichimliklar sanoatida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish, ishlab chiqarish hajmini keskin oshirish, marketing va innovatsiyani keng qo‘llagan holda eksportbop mahsulotlar assortimentini ko‘paytirish va sifatini yaxshilash, yangi bozorlarni topishga qaratilgan yangicha tizim tashkil etish zarurligi ta'kidlandi.
Prezident bog‘dorchilik rivoji uchun avvalo ko‘chat zarurligi, shuning uchun har yili 20 million dona ko‘chat yetishtirishni yo‘lga qo‘yish va eksport qilish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tdi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligiga manfaatdor tashkilotlar bilan birga kelgusi yili o‘rik, gilos, shaftoli, xo‘raki va sanoatbop uzum, anor, yong‘oq, bodom ko‘chatlari yetishtirish plantansiyalari tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, Jahon banki mablag‘lari hisobidan Mahmud Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining hududiy uchastkalarida «in-vitro» laboratoriyalari tashkil etish bo‘yicha ham ko‘rsatma berildi.
Intensiv ko‘chatlar va payvandtaglarni sotib olish xarajatlarining bir qismini fermerlarga subsidiya sifatida qoplab berish, 2020 yil 1 apreldan boshlab «sog‘lomlik» sertifikatiga ega bo‘lmagan ko‘chatlarni yurtimizga olib kelib, ekishni to‘xtatish zarurligi qayd etildi.
Mamlakat aholisining oziq-ovqatga bo‘lgan talabini qoplash va eksport hajmini oshirish uchun meva-sabzavot yetishtirishni yiliga 8-10 foizga ko‘paytirish va qo‘shimcha 1 million tonnadan ortiq mahsulot yetishtirish zarur. Shu bois Qishloq xo‘jaligi vazirligi, viloyat va tumanlar hokimlariga 2020 yilda qayta foydalanishga kiritiladigan 77 ming gektar maydonga oziq-ovqat ekinlari, ertagi mahsulot yetishtirish uchun 200 ming gektarda to‘qsonbosti usulida sabzavotlar ekilishini ta'minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
O‘simliklarga kimyoviy ishlov berish va zararkunandalarga qarshi kurashish ham muhim masalalardan. Prezident Shavkat Mirziyoyev buning uchun ixtisoslashgan tumanlarda mineral o‘g‘itlar do‘konlarini tashkil etish, fermerlar va aholi tomorqalariga shu borada xizmat ko‘rsatish tizimini yaratish zarurligini ta'kidladi.
Yig‘ilishda aytilgan chora-tadbirlar ijrosini samarali tashkil etish uchun har bir yo‘nalishga mutasaddi rahbarlar mas'ul etib belgilandi.
Mavzuga oid
22:12 / 22.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Suma Chakrabarti bilan uchrashdi
21:33 / 22.11.2024
Xitoy Surxondaryodagi mis va kumush konlariga 2,7 milliard dollar investitsiya taklif qilmoqda
20:29 / 22.11.2024
Xorazmga 2025 yilda 1,5 milliard dollar investitsiya jalb etish rejalashtirildi
20:24 / 22.11.2024