O‘zbekiston | 22:12 / 22.11.2024
4724
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Suma Chakrabarti bilan uchrashdi

Uchrashuvda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni doirasidagi keyingi qadamlar muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev 22 noyabr kuni iqtisodiy taraqqiyot, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchi Suma Chakrabarti bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuvda «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini joriy yilgi davlat dasturi doirasida amalga oshirishning holati hamda kelgusi yilda islohotlarni yanada ilgari surish istiqbollari ko‘rib chiqilgan.

Shuningdek, davlat boshqaruvida kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

«Uchrashuvda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni doirasidagi keyingi qadamlar muhokama qilindi. Milliy qonunchilikni JST qoidalari va talablari bilan uyg‘unlashtirishni jadallashtirish, shuningdek, mamlakatning global reytinglardagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha ishlarni davom ettirish zarurligi qayd etildi.

Prezident rejalashtirilgan barcha loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish, strategik islohotlar kun tartibini yangi tashabbuslar bilan, ayniqsa, mamlakatimizda e’lon qilingan Atrof-muhitni muhofaza qilish va «yashil» iqtisodiyot yilidagi vazifalarni hisobga olib yanada boyitish muhimligini ta’kidladi», – deyiladi xabarda.

Suma Chakrabarti 2020 yil yozida O‘zbekiston prezidenti farmoniga ko‘ra «O‘zbekiston Respublikasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasidagi strategik sheriklikni yo‘lga qo‘yish va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi ulkan xizmatlari» uchun «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangandi. U 2020 yil kuzida O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi etib tayinlangan.

Ma’lumot uchun, Suma Chakrabarti 2012 yil iyulidan 2020 yil iyuligacha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti bo‘lib ishlagan. YeTTBga rahbarlik qilishdan avval u Xalqaro taraqqiyot departamentining doimiy kotibi (2002-2007) bo‘lgan va Birlashgan Qirollikning Adliya vazirligida (2007-2012) ishlagan.

Mavzuga oid