Xorazmga 2025 yilda 1,5 milliard dollar investitsiya jalb etish rejalashtirildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 noyabr kuni Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, viloyatga kelgusi yil 1,5 milliard dollar investitsiya jalb etish rejalashtirilgan.
Ta’kidlanishicha, bu ko‘plab korxonalar, ish o‘rinlari va turmush farovonligiga asos bo‘ladi. Masalan, Qo‘shko‘pir tumanida 175 gektar yer sanoat zonasiga qo‘shib berilsa, 1 milliard dollarlik loyihalarga yo‘l ochiladi. U yerda elektrotexnika, kimyo, mashinasozlik va farmatsevtika yo‘nalishida 2 mingta ish o‘rni yaratiladi.
Shovot kanalining himoya zonasi 50 metrdan 25 metrga qisqartirilsa, 30 million dollarlik loyihalarni joylashtirish mumkin bo‘ladi. U yerda 1 trillion so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilib, 2,5 mingta yangi ish o‘rni ochiladi. G‘azovot va Polvon kanallari atrofida ham 50 million dollarlik loyihalar uchun imkoniyat bor.
Qishloq va suv xo‘jaligida ham omilkorlik zarur. Masalan, Qo‘shko‘pirda parrandachilik, Bog‘ot tumanida baliqchilikni kengaytirish uchun sharoit yetarli. Yangiariqda suv ta’minotini yaxshilab, poliz, sholi va baliq yetishtirish hisobidan 1,2 ming kishini band qilish mumkin.
Ijtimoiy sohada 44 ta maktab va bog‘chani ta’mirlash, davlat-xususiy sheriklik asosida yangilarini qurish rejalashtirilgan. Shuningdek, Urganch, Bog‘ot, Shovot va Yangibozor tumanida ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari tashkil etish mo‘ljallangan.
Davlat rahbari bu takliflarni mujassam qilib, qaror loyihasi tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Imkoniyatlarni natijaga aylantirib, odamlarni ish bilan ta’minlash va daromadini oshirish muhimligini ta’kidladi.
Mavzuga oid
22:12 / 22.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Suma Chakrabarti bilan uchrashdi
21:33 / 22.11.2024
Xitoy Surxondaryodagi mis va kumush konlariga 2,7 milliard dollar investitsiya taklif qilmoqda
20:24 / 22.11.2024
2025 yilda madaniyat va san’at, axborot-kutubxona va muzeylar sohasi xodimlari ish haqi oshiriladi
07:31 / 22.11.2024