Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tojikiston Rog‘un GES orqali O‘zbekistonga elektr energiyasi yetkazib beradi
Bu haqda hukumatlararo 20 yillik shartnoma imzolandi. Ta’kidlanishicha, Rog‘un GES tomonidan yetkazib beriladigan elektr energiyasi narxi 1 kVt·soat uchun 3,4 AQSh sentini (≈ 435 so‘m) tashkil etadi.
Foto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmati
Tojikiston hukumati O‘zbekiston hukumati bilan elektr energetikasi sohasidagi hamkorlikning asosiy tamoyillari to‘g‘risidagi Bitim loyihasini tasdiqlash va imzolash to‘g‘risida farmoyish chiqardi.
Tojikiston Adliya vazirligining huquqiy axborot portalida e’lon qilingan hujjat loyihasida Rog‘un GES tomonidan O‘zbekistonga elektr energiyasi yetkazib berish ko‘zda tutilgan.
Elektr energiyasini yetkazib berish hajmi va shartlari «Rog‘un GES» OAJ va «O‘zenergosotish» AJ o‘rtasida elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi alohida bitim bilan belgilanadi.
Rog‘un GES tomonidan yetkazib beriladigan elektr energiyasi narxi 1 kVt·soat uchun 3,4 AQSh sentini (≈ 435 so‘m) tashkil etadi va shartnomaning butun muddati uchun belgilangan narxning bir foizi miqdorida yillik indeksatsiya qilinadi. Bunda indeksatsiya rejalashtirilgan elektr ta’minotining ikkinchi yilidan boshlab qo‘llaniladi.
Rog‘un GES tomonidan elektr energiyasi O‘zbekistonga ikki davlat tizim operatorlari tomonidan kelishilgan jadvalga muvofiq, asosan, O‘zbekiston elektr energetika tizimida rejali quvvat taqchilligi bo‘lgan vaqtlarda davlatlararo elektr uzatish liniyalari orqali yetkazib beriladi.
Rog‘un elektr energiyasini O‘zbekistonga yetkazib berish «Barqi tojik» OAJ tomonidan elektr energiyasini yetkazib berish bilan parallel ravishda amalga oshiriladi.
Rog‘un GES qurilishi jarayonida elektr energiyasi ta’minoti faqat vegetatsiya davrida (1 aprelidan 30 sentabrgacha) ta’minlanadi. GES to‘liq quvvatda ishga tushirilgach, bir yil davomida har oy elektr energiyasi yetkazib beriladi.
Shartnoma 20 yilga mo‘ljallangan va yana 10 yillik davrlarga uzaytirilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, «Barqi tojik» 2018 yildan buyon vegetatsiya davrida O‘zbekistonga elektr energiyasi yetkazib bermoqda.
Quvvati 3780 MVt bo‘lishi kutilayotgan Rog‘un GES Markaziy Osiyodagi eng yirik gidroelektr stansiyadir. GES to‘liq ishga tushirilgach, yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 14,4 milliard kVt·soatni tashkil etishi kutilmoqda.
Stansiyada quvvati 630 MVt bo‘lgan 6 ta blok qurilmoqda, ulardan so‘nggisi 2029 yilda ishga tushirilishi kerak. Ayni paytda 2018 va 2019 yillarda ishga tushirilgan ikkita agregat past quvvatda ishlamoqda.
Tojikiston Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Rog‘un GES 1 milliard 220 million kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqargan. Bu respublikada ishlab chiqarilgan umumiy elektr energiyasining 5,5 foizini tashkil etadi.
Mavzuga oid
18:36
Tojikistonda 2026 yilgi Haj ziyorati narxi arzonladi
19:00 / 11.01.2026
Tojikistonga noqonuniy olib ketilayotgan 1 mlrd so‘mlik dori vositalari to‘xtatib qolindi
09:33 / 09.01.2026
Tojikistondagi zilzila O‘zbekistonda ham sezildi
18:09 / 07.01.2026