Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari ham AQSh vizasi uchun 15 ming dollargacha garov to‘laydi
Garov qaytariladigan puldir. Agar ariza beruvchiga viza berish rad etilgan bo‘lsa yoki viza egasi AQShda bo‘lish shartlarini buzmasdan o‘z vaqtida chiqib ketgan bo‘lsa, pul qaytariladi.
Foto: Getty images
2026 yil 21 yanvardan boshlab Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari AQShga B-1 (ishbilarmonlik safarlari) va B-2 (turizm) toifasidagi noimmigratsion vizalar uchun ariza berishda 5 ming dollardan 15 ming dollargacha bo‘lgan miqdorda qaytariladigan garov puli to‘lashi shart. Bu haqda AQSh Davlat departamenti saytida e’lon qilingan hujjatda aytiladi.
Aniqlik kiritilishicha, garov faqat AQSh Moliya vazirligi tizimi orqali to‘lanadi. To‘lov uchun havolani konsullik xodimi suhbatdan so‘ng taqdim etadi. Bunda garov to‘lash viza berishni kafolatlamaydi.
Shuningdek, garov evaziga berilgan viza egalari AQShga faqat uchta aeroport - Bostondagi Logan, Nyu-Yorkdagi Jon Kennedi yoki Vashingtondagi Dalles aeroportlari orqali kirishi va mamlakatni tark etishi kerakligi belgilandi.
Garov miqdori konsullik xodimi tomonidan intervyu paytida belgilanadi va 5 ming, 10 ming yoki 15 ming dollarni tashkil qilishi mumkin.
Garov qaytariladigan puldir. Agar ariza beruvchiga viza berish rad etilgan bo‘lsa yoki viza egasi AQShda bo‘lish shartlarini buzmasdan o‘z vaqtida chiqib ketgan bo‘lsa, pul qaytariladi.
Viza garovi dasturi AQSh Davlat departamenti tomonidan 2025 yil avgust oyida sinov tariqasida joriy etilgan va dastlab Malavi va Zambiya fuqarolariga tatbiq etilgan. 2026 yil 1 yanvardan boshlab u Turkmaniston fuqarolariga tatbiq etildi. Endi esa Qirg‘iziston va Tojikistonni o‘z ichiga olgan yana 38 mamlakat fuqarolariga tatbiq etilmoqda.

Qaror B-1/B-2 vizalari bo‘yicha Qo‘shma Shtatlarda bo‘lish muddatining tez-tez buzilishi bilan izohlangan.