O‘zbekiston | 17:36 / 28.05.2019
43335
8 daqiqa o‘qiladi

Alifbo bo‘yicha yakuniy xulosa: yosh-u qari, ilm-fan va keng jamoatchilik talabi qondirildimi?

Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshidagi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini isloh qilish bo‘yicha ishchi guruh a'zolari o‘tgan uch yil davomida bir nechta alifbo loyihasini e'lon qildi. Har safar yangi alifbo loyihasi e'lon qilingach, internetda, ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahs-munozaralar avj oldi, turli taklif-u e'tirozlar bildirildi.

Tan olish kerak, Ishchi guruh a'zolari jamoatchilik tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalarni o‘rganib, alifbo loyihalarini tobora takomillashtirib bordi. Nihoyat, yaqinda Ishchi guruh tomonidan isloh qilingan alifboning yakuniy varianti e'lon qilindi. Mana, o‘sha alifbo loyihasi:

Ochig‘i, boshidan aytib qo‘yay, menga ushbu alifbo loyihasi juda ma'qul bo‘ldi. Birgina men emas, joriy alifbomizning noqulayliklarini va yangi loyihaning afzalliklarini chuqur his qilgan, zamonaviy texnologiyalar talablarini yaxshi anglagan barcha yurtdoshlarimiz ushbu alifbo loyihasini qo‘llab-quvvatlamoqda. Sababi:

1) ushbu alifbo tufayli shu paytgacha yozuvda duch kelinayotgan deyarli barcha texnik va imloviy muammolar yechim topadi;

2) alifbomiz tugal va ko‘rkam holatga keladi;

3) turli qarashga ega vatandoshlarimizning fikr-mulohazalari inobatga olingani uchun mazkur alifbo barcha hamyurtlarimizni yagona yozuv atrofiga birlashtiradi. Ya'ni:

·                        Ó/ó, Ǵ/ǵ, Ç/ç va Ş/ş harflarining joriy etilishi tufayli yozish va o‘qish jarayoni har tomonlama yengillashadi;

·                        O‘/o‘ va G‘/g‘ harflarining teskari aks belgisidan qutulamiz va matnlarimiz orasidagi bo‘shliqlar yo‘qolib, ko‘rkamlashadi;

·                        milliy va zamonaviy jihatlar uyg‘unlashgani uchun loyiha yoshu qari, ilm-fan va keng jamoatchilik vakillarining talabiga birday javob beradi.

Mazkur alifbo loyihasi haqida e'tiroflar bilan birgalikda, ba'zi e'tirozlarni ham o‘qiyapmiz. Eng qizig‘i, bildirilayotgan e'tirozlarning o‘zi bir-birini rad etadi.

Ba'zilar, «milliy yozuvimiz lotin alifbosining asosiy harflaridan tashkil topishi kerak», deyishyapti. Holbuki, taqdim qilingan loyihada lotin alifbosidagi mavjud 26 harfning 25tasi ishtirok etyapti!

Ayrimlar, bu harflar turkcha, demoqda. Holbuki, alifbo loyihasidagi 29ta harfdan bor-yo‘g‘i 2tasi (Ç/ç va Ş/ş) nafaqat turk, shuningdek, ozarboyjon, turkman, gagauz, tatar lotin alifbolari bilan uyg‘unlashmoqda. Qolgan 25ta harf umumiy, akutli 2ta harf qoraqalpoq, qozoq va turkman alifbolari bilan birxillashmoqda. Qolaversa, 1929–1940, 1993–1995 yillardagi milliy alifbomizda mavjud bo‘lgan Ç/ç va Ş/ş harflari faqat umumturkiy belgi sanalmaydi – ular fransuz, ispan, rumin kabi Yevropa xalqlari yozuvida ham qo‘llaniladi.

Yana boshqalar, «alifboga C/c harfi kiryapti, demak, milliy talaffuzimiz ruschalashadi», deb ayyuhannos solishyapti. Holbuki, biz kirill yozuvida Ts/ts harfi bilan yozadigan so‘zlarning aksariyati asliyatda C/c harfi bilan yoziladi. Ishchi guruh xulosasida bu aniq misollar bilan ko‘rsatilgan. «To‘g‘ri, lekin inglizlar «sirk»ni «sirk» deb emas, «sirk» deb o‘qiydi-da», deyishingiz mumkin, lekin, bizda ham bu harf faqat unli tovushlardan keyin kelsagina (licey, administraciya) ts — ts deb, boshqa barcha holatlarda (cirk, koncert, kvarc ) S/s kabi o‘qiladi, deyilyapti-ku? Ya'ni, milliy talaffuzimizga hech qanday ziyon yetmaydi, ushbu so‘zlarni hozir qanday o‘qisak, shunday o‘qib-talaffuz etishda davom etamiz, faqat C/c harfini alifboga kiritish orqali rasmiy, ilmiy matnlarni, o‘zga xalqlarga mansub ism-familiyalarni, atoqli otlar va atamalarni yozishda qulaylikka, aniqlikka ega bo‘lamiz, turli chalkashliklarga barham beramiz.

Yana ba'zilar, alifbomizdan -ng chiqib ketsa, bodring, shudring degan so‘zlarni qanday yozamiz, deb hayron bo‘lishmoqda. Baraka topgurlar, -ng tovushi imlomizdan, talaffuzimizdan emas, alifbo tarkibidan chiqarilyapti, xolos. Axir, ming yil davomida qo‘llanilgan arab alifbomizda ham, hozirgacha ishlatilayotgan kirill alifbomizda ham bu tovushga alohida harf ajratilmagan-ku? Bu masalani huquqshunos, bloger Xushnud Xudoyberdiyev o‘z Telegramm kanalida yetarlicha izohlab bergani uchun ortiqcha to‘xtalmayman.

E'lon qilingan alifbo loyihasining yana bir ma'qul jihati – o‘zbek tilini bilmagan kishi ham bu alifboda yozilgan matnga ko‘z tashlab, biz haqimizda birlamchi to‘g‘ri ma'lumotga ega bo‘ladi: alifbodagi asosiy 25ta harf bizning rivojlangan dunyo bilan hamqadam ekanimizni, Ç/ç va Ş/ş harflari bizning umumturkiy dunyoga mansubligimizni, Ó/ó va Ǵ/ǵ harflari Markaziy Osiyo vakili ekanimizni bildiradi. Bu jihatlarning barchasi birlashib, o‘ziga xos o‘zbek milliy alifbosini tashkil qiladi! Axir, kirill alifbomiz rus tilinikiga o‘xshaydi, deb dod deymiz-u, nega hozirgi lotin alifbomiz ingliz alifbosiga o‘xshash ekanini tan olmaymiz. Qordan qochib do‘lga tutilishdan muddao ne?! Axir, har bir xalqning alifbosi, eng avvalo, o‘ziga xos bo‘lishi, qolaversa, qondosh bo‘lgan xalqlarning alifbosi bilan uyg‘un bo‘lishi tilshunoslik nuqtai nazaridan ham, ijtimoiy jihatdan ham to‘g‘ri emasmi?!

«Faqat mening fikrim to‘g‘ri, men bilgan haqiqatni boshqa hech kim bilmaydi», deyish eng kamida xudbinlikdan boshqa narsa emas, sizu biz aytayotgan ko‘plab «aqlli» mulohazalarni zukko olimlarimiz ham aql va mantiq tarozisiga solib ko‘rishgani aniq, faqat ular muayyan bir qutbning emas, barcha qutblarning qarashlarini o‘rganib, so‘ng bir qarorga kelishgan, deb o‘ylayman.

Xullas, bizga mana shunday optimal alifbo loyihasini taqdim etgan mutaxassislarimizga minnatdorchilik bildirishimiz kerak. Ishonmanki, ushbu loyiha rasman qabul qilinsa, bugun e'tiroz bildirayotgan ba'zi hamyurtlarimiz ham o‘qish-yozish jarayonidagi afzalligu yengilliklarni shaxsan his qilishgach, ichlarida bo‘lsa ham, rahmat aytishadi.

Shuhrat ShOKIRJONOV.

Mavzuga oid