O‘zbekiston | 17:45 / 20.10.2025
6176
3 daqiqa o‘qiladi

Hokimning ma’naviyat va davlat tili bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etiladi

«Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Foto: Kun.uz

Qarorda ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va samarali foydalanishga erishish, ta’lim tashkilotlarida davlat tilini o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish, davlat tilining sofligini saqlash va uning lug‘at boyligini muntazam oshirib borish, barcha millat va elat vakillari hamda xorijdagi vatandoshlarning davlat tilini o‘rganishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish asosiy maqsad ekani qayd etilgan.

Qaror 2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2025-2026 yillarda amalga oshirish dasturi tasdiqlangan.

Qayd qilinishicha, 2026 yil 1 yanvardan boshlab respublika darajasidagi davlat organlari va xo‘jalik birlashmalarining markaziy apparatlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklarida boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida rahbarning ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etiladi.

Shu bilan birga, ta’lim qardosh tillarda olib boriladigan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari uchun o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha yangi darsliklar yaratiladi. Bolalarga o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha zamonaviy animatsion video va audio mahsulotlar ishlab chiqilishi tashkil etiladi.

Shuningdek, Fanlar Akademiyasi 2026 yil 1 dekabrga qadar «Ona tili. Qomus» kitobini nashrga tayyorlaydi va chop etadi.

2026 yil 1 mayga qadar o‘zbek tilini sun’iy intellekt yordamida qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladigan platforma ishlab chiqish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Bundan tashqari, har yili «O‘zbek tili – qalbim tarjimoni» ko‘rik-tanlovi, «Jonajon o‘zbek tilim» tanlovi, umumta’lim maktablarida o‘zbek tili mavzusida insholar tanlovi, «Yilning eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi» tanlovi o‘tkaziladi.

O‘zbek tilini o‘rganish istagida bo‘lgan chet el fuqarolarini o‘qitish maqsadida «Ibrat farzandlari» loyihasi bilan hamkorlikda alohida sun’iy intellekt yordamida o‘zbek tilini o‘rgatish moduli ishga tushiriladi.

Mavzuga oid