Iqtisodiyot | 12:00 / 07.08.2021
52151
8 daqiqa o‘qiladi

“Plastikdan to‘lasangiz, narxga 20 foiz qo‘shiladi” - naqd pul muammosi qanday hal etildi?

O‘zbekistonliklar plastik kartadagi pul 10–20 foiz, hududlarda esa hatto 30 foizga naqdlashtirilgan zamonlarni ham ko‘rdi. Va bu uzoq o‘tmish emas...

2017 yilda naqd pul islohotlari boshlanishidan avval mamlakatda holat shunday ediki, pulni naqdlashtirish uchun bankomatlar yetarli emas, banklarda naqd pul olish uchun soatlab navbat kutilar, plastik kartochkalardan to‘lov aksar joylarda qabul qilinmasdi.

Qisqasini aytganda, bu qo‘lida puli bo‘la turib, uni ishlata olmaydigan har qanday odamning og‘riqli muammosi edi. Bundan ham muammoli va achinarli jihati – aholi naqd pul yetarli emasligining tub mohiyatini to‘laqonli tushunmas, mantiqsizliklar aro sarson edi.

Pulni naqdlashtirib olishni qonuniy yo‘l bilan amalga oshirishning amalda iloji ham yo‘q edi. Aholi esa ko‘p holatlarda naqdlashtirilayotgan pulning 10, hatto undan ham yuqoriroq foizlarini xizmat haqi sifatida ushlab qoluvchi “naqdlashtiruvchilar” xizmatidan foydalanishga majbur edi.

Mablag‘larini naqdlashtirish masalasi biznes egalarining ham oldida turgan jiddiy masala bo‘lib, ular ham “naqdlashtirish”ning turli sxemalaridan foydalanishga mahkum edilar.

2017 yilgacha bank kassalaridan naqd pullarning asosiy qismi, ya'ni 66 foizi ish haqi, pensiya va ijtimoiy to‘lovlarga yo‘naltirilgan bo‘lsa-da, ish haqi va ijtimoiy to‘lovlarni amalga oshirishda qiyinchiliklar bor edi.

Bank kassalarida naqd pullar yetarli bo‘lmagani oqibatida ish haqi, pensiya va ijtimoiy to‘lovlar muqobil tarzda bank kartalari orqali to‘lab kelindi.

O‘z navbatida, banklarda naqd pullar yetarli emasligi bank kartalaridan naqd pullarni istalgan paytda naqdlashtirib olish imkoniyatini chegaralab, fuqarolarga bir qancha ovoragarchiliklarni yuzaga keltirgan edi.

Respublikaning olis va tog‘li hududlarida esa ahvol bundan ham ayanchliroq edi.

Naqd pul muammosiga qanday barham berildi?

Pul bozorini liberallashtirish bo‘yicha 2017 yildan boshlangan harakatlar natijasida naqd pul ta'minotida shakllangan murakkab vaziyatga deyarli to‘liq barham berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 2 fevralda “Ish haqi, pensiya va stipendiyalarni to‘lash mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Davlat rahbari shu yilning 18 aprelida O‘zbekiston hukumatining 2017 yil 1-choragi yakunlariga bag‘ishlangan majlisida aholini qiynab kelayotgan naqd pul muammosi haqida gapirib, mas'ullarning qo‘shtirnoq ichidagi yangiligi tufayli odamlar nega qiynalishi kerak degan savolni o‘rtaga tashladi.

Shavkat Mirziyoyev hukumat majlisida o‘sha vaqtdagi moliya vaziri Rustam Azimov va boshqa mas'ullar oldiga naqd pul aylanmasini qisqartirish bo‘yicha “kechiktirib bo‘lmas chora-tadbirlar” ko‘rish vazifasini qo‘ydi.

Naqd pul muammosini hal qilish borasida 2017 yilda boshlangan islohotlar aholi va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga naqd pullarini banklar orqali istalgan paytda olish imkoniyatini yaratdi.

Ma'lumki, banklarda yetarli miqdorda naqd pul bo‘lsa, mijozlarga o‘z vaqtida va yetarlicha naqd pul berish imkoni ham paydo bo‘ladi, bu esa aholi hamda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi sub'yektlar naqd pullarini banklarga topshirishini taqozo etadi.

Prezidentning 2017 yil 2 sentyabrda valuta siyosatini liberallashtirish borasidagi farmoni naqd pullarning banklar orqali aylanish mexanizmini rag‘batlantirdi. Farmon bilan:

  • mamlakatda valuta bozorining erkinlashtirilishi ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilarga xorijdan xomashyo va tovarlarni olib kelish uchun xorijiy valutalarni erkin xarid qilish imkoni berildi;
  • savdo va xizmat ko‘rsatish sektori tovar va xizmatlarni ishlab chiqaruvchilar va yetazib beruvchilardan naqd pulsiz sotib olishi tashkil etildi;
  • ular tovar va xizmatlarni sotishdan tushgan naqd pulni o‘zlarida olib qolmasdan, bankdagi hisobvaraqlariga topshirishi va yana tovar va xizmatlarni pul o‘tkazish yo‘li bilan sotib olish mexanizmi yaratildi.

Bundan tashqari, import bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga xorijiy valuta sotib olish imkoni berilishi ularning naqd pul tushumlarini bank kassalariga topshirishlarini rag‘batlantirdi.

Banklarda naqd pul yetarli miqdorda bo‘lishi o‘z navbatida nakd puldagi to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash imkoniyatini yuzaga keltirdi.

Raqamlar bilan izohlaydigan bo‘lsak, 2017 yil yakunida muomaladagi naqd pullarning 27,3 foizi banklarga kelib tushgan bo‘lsa, 2020 yil yakuni bo‘yicha bu ko‘rsatkich 65,4 foizga yetib, 2021 yil birinchi yarim yil yakunida 72,2 foizni tashkil qildi.

Bank kassalariga kelib tushgan naqd pullar miqdori 2017 yilga nisbatan qariyb 5 baravarga ko‘paydi.

2017 yilda bank kassalariga kelib tushgan naqd pullar miqdori 39,5 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilda 179,9 trln so‘m bank kassalariga kelib tushdi.

O‘z navbatida, naqd pullarning bank kassalari orqali aylanish hajmining oshgani, naqd pullar bank kassalarida yetarli ekani bugungi kunda aholi va xo‘jalik sub'yektlariga banklardan naqd pullarni istalgan paytda olishga zamin yaratdi.

Ayniqsa, pensiya va nafaqa to‘lovlari har oyning 27-sanasiga qadar to‘liq amalga oshirilmoqda. Tog‘li va olis hududlardagi ish haqi va ijtimoiy to‘lovlar to‘lanishi ham sezilarli yaxshilanganini e'tirof etish mumkin.

Bankomatlar – istalgan vaqtda naqd pul yechish imkoniyati

2017 yilda jami bankomatlar soni 445 tani tashkil etib, ular ham naqd pul o‘z vaqtida ta'minlanmagani oqibatida 3,1 trln so‘m naqdlashtirib olingan, xolos.

Bugunga kelib bankomatlardan naqdlashtirib olingan naqd pullar miqdori 2020 yilda 62,2 trln so‘mni, 2021 yilning 6 oyida 42,1 trln so‘mni tashkil etmoqda.

Bankomatlar soni esa 7 348 tani tashkil etib, ushbu infratuzilma tarmog‘ining yanada ko‘payib borish tendensiyasi kutilmoqda.

Yechilmagan muammolar hali bor

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, naqd pulga oid muammolar aholini deyarli qiynamay qo‘ydi. Islohotlar samarasini berdi desak yanglishmaymiz, biroq kamchiliklar hamon saqlanib qolgan.

Xususan, chekka hududlarda hamon plastik kartochkadagi pulni naqdlashtirish uchun bankomatlar yetarli emas. Ko‘plab savdo nuqtalarida, asosan bozorlarda hamon plastik kartochkaga savdo yo‘q.

Shuningdek, chekka hududlar emas, poytaxtda va viloyatlar markazlarida ham bankomatlar bilan bog‘liq texnik muammolar tez-tez uchrab turadi.

Tadbirkorlarda aylanmani terminal orqali qilish uchun rag‘batlar hamon juda kam. Pulingiz plastik kartada bo‘lsa, savdolasha olmaysiz.

Bank kartasi bilan to‘lamoqchi bo‘lsangiz, sotuvchilar to‘lovni terminal orqali emas, pul o‘tkazmalari orqali amalga oshirishni so‘rashadi. Bu holat soliq sohasidagi o‘zgarishlardan keyin ham davom etayotgani – iqtisodiyotda kompleks yangilanishlarni davom ettirish zaruratini ko‘rsatadi.

Madina Ochilova

Mavzuga oid