Jahon | 21:54 / 08.07.2025
25199
4 daqiqa o‘qiladi

Oq uyning kadrlar bo‘yicha direktori Serxio Gor Toshkentda tug‘ilgan - OCCRP

Donald Tramp ma’muriyatida muhim lavozimlardan birini egallab kelayotgan Serxio Gor 1986 yili O‘zbekistonda tug‘ilgani ma’lum bo‘ldi. Amaldorning advokati ham o‘z mijozi Toshkentda tug‘ilganini tasdiqladi.

Serxio Gor va Donald Tramp / Foto: The White House

Oq uyning kadrlar bo‘yicha direktori 38 yoshli Serxio Gor O‘zbekistonda tug‘ilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Times of Malta va OCCRP xabar berdi.

Gor o‘zining qayerda tug‘ilganini oshkor etmagan. Amaldorga bag‘ishlangan The Washington Post’dagi maqolada u maltalik immigrant ekani haqida so‘z boradi. The New York Post ham iyun oyidagi maqolasida Donald Tramp ma’muriyati xodimi maltalik ekani to‘g‘risida yozgan. Unda, shuningdek, Gor maxfiy ma’lumotlardan foydalanish uchun ruxsat olishda o‘zining biografiyasiga oid hujjatlarni topshirmagani qayd etilgan.

Amaldor gazetaga qayerda tug‘ilganini aytishdan bosh tortib, «faqat Rossiyada emasligini» bildirgan. Gorning tanishlari The Dispatch’ga bergan ma’lumotlarga ko‘ra, u SSSR hududida dunyoga kelgan. Ammo shu vaqtgacha buni isbotlovchi boshqa dalillar yo‘q edi.

Times of Malta va OCCRP’ning aniqlashicha, Oq uyning kadrlar bo‘yicha direktori Serxio Goroxovskiy 1986 yil 30 noyabrda Toshkentda tug‘ilgan. Bunga oid ma’lumotlar Gorning Maltadagi ko‘chmas mulkiga oid hujjatlarda keltirilgan — jurnalistlar ushbu hujjatlarni qo‘lga kiritgan. Amaldorning advokati Robert Garson ham o‘z mijozi Toshkentda tug‘ilganini tasdiqlagan.

Surishtiruv ma’lumotlariga ko‘ra, Gor bolaligida kamida 5 yil Maltada yashagan. Xususan, 1996 yildan 1999 yilga qadar u Vittorioza shahridagi o‘g‘il bolalar uchun mo‘ljallangan katoliklar maktabida o‘qigan. Keyinroq (aynan qachon ekaniga aniqlik kiritilmagan) Gorning oilasi AQShga ko‘chib kelgan va u mamlakat fuqaroligini olgan.

Jurnalistlarning aniqlashicha, Gor Tramp ma’muriyatida ish boshlagunga qadar ikki marta Rossiyaga tashrif buyurgan. 2017 yilda u Vashingtondan Moskvaga uchgan, Rossiya poytaxtida bir kun o‘tkazgan, ertasi kuni esa Rimga uchib ketgan. 2018 yilda, respublikachi senator Rend Pol bilan ishlagan Gor Amerika libertarian tahliliy markazi — Katon insituti moliyalashtirgan tadbir doirasida Moskvaga borgan. Mazkur tashrif «Rossiya va AQSh bilan bog‘liq masalalarni o‘rganish, muhokama qilish va tahlil qilish bo‘yicha faktlarni aniqlash safari» deb atalgan.

Gorning advokati uning Moskvaga tashrifini amaldor — «ashaddiy sayohatchi» ekani bilan tushuntirgan. Gorning 2017 yil Rossiya poytaxtiga tashrifini esa u «tranzit reys» deb atagan.

Axios nashri Serxio Gorni Trampning Oq uydagi eng kuchli ta’sir doiraga ega maslahatchilaridan biri deya ta’riflagan. Gor Trampning o‘g‘li bilan birgalikda Winning Team Publishing nashriyotiga asos solgan. 2020 yilda Gor Trampning saylovoldi kampaniyasida mablag‘larning yig‘ilishiga mas’ul bo‘lgan, 2024 yilda esa siyosiy harakatlar qo‘mitasini tuzgan — u AQShning amaldagi prezidenti kampaniyasi uchun qariyb 72 million dollar sarflagan. Oq uyda lavozimga ega bo‘lgach, Gor Tramp ma’muriyati xodimlarini sodiqlik tekshiruvidan o‘tkazgan.

Mavzuga oid