Jahon | 20:59 / 16.04.2026
4262
3 daqiqa o‘qiladi

Oq uy «olimlarning sirli o‘limi va g‘oyib bo‘lishi» haqidagi ma’lumotlarni tekshiradi

2024 yildan beri AQShda kamida o‘n nafar olim bedarak yo‘qolgan yoki vafot etgan va ro‘yxat kengayishda davom etmoqda.

Foto: Daily Mail

AQSh ma’muriyati internet va ommaviy axborot vositalarida olimlarning yaqinda vafot etishi yoki g‘oyib bo‘lishi bir-biri va ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi haqidagi da’volarni o‘rganadi, deb yozdi The Times Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt so‘zlarini keltirgan holda.

2024 yildan beri AQShda kamida o‘n nafar olim bedarak yo‘qolgan yoki vafot etgan va ro‘yxat kengayishda davom etmoqda. Ushbu holatlarning bir-biri bilan bog‘liqligini ko‘rsatadigan dalillar bo‘lmasa-da, internetda olimlarning g‘oyib bo‘lishi va o‘limini bog‘laydigan fitna nazariyalari tarqalmoqda.

Oq uyda bo‘lib o‘tgan brifingda Fox News muxbiri Levitt xonimdan ushbu holatlar, shuningdek, bedarak yo‘qolgan yoki halok bo‘lgan olimlar «maxfiy yadroviy yoki aerokosmik materiallarga kirish imkoniyatiga ega bo‘lgani» haqidagi ma’lumotlarga izoh berishni so‘radi. Matbuot kotibining aytishicha, Tramp ma’muriyati, agar tegishli idoralar buni munosib deb topsa, bu mavzuni o‘rganishni va hisobot berishni rejalashtirmoqda.

Bedarak yo‘qolganlar orasida mudofaa korxonasida ishlagan 48 yoshli Stiven Garsiya, Pentagonning ilmiy-texnik rivojlanish dasturi uchun mas’ul bo‘lgan 68 yoshli iste’fodagi general Uilyam Nil Makkasland va mudofaa va kosmik kompleksda ishlagan 60 yoshli Monika Reza bor. Los-Alamos milliy laboratoriyasi xodimlari Entoni Chaves va Melissa Kasyas hamda Novartis kompaniyasining biologi Jyeyson Tomas ham g‘oyib bo‘lgan.

NASA tadqiqotchilari 59 yoshli Maykl Devid Xiks, 61 yoshli olim Frenk Mayvald, shuningdek, Massachusets texnologiya institutining 47 yoshli portugaliyalik yadro professori Nuno Loureyro va 67 yoshli kanadalik astrofizik Karl Grillmeyr o‘limi ham olimlarning g‘oyib bo‘lishi bilan bog‘lanmoqda.

O‘tgan oyda Missuri shtati vakili, respublikachi kongressmen Erik Berlison ilg‘or tadqiqotlar bilan bog‘liq bir qancha olimlar va harbiylarning g‘oyib bo‘lishidan chuqur xavotir bildirdi. Shuningdek, u FTB aralashuvini so‘raganini va javoblarga erishish niyatida ekanligini aytdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid