O‘zbekiston | 08:03 / 25.08.2023
12554
2 daqiqa o‘qiladi

Oliy sud qatag‘on qurbonlarining yana bir guruhini oqladi

Sovet hukumatiga qarshi qurolli qo‘zg‘olon yoki aksilinqilobiy maqsadlarda harakatlarni amalga oshirganlikda ayblangan O‘zbekiston SSR va Qozog‘iston SSR fuqarolari bo‘lgan 240 nafar shaxsga oid jinoyat ishi Oliy sud tomonidan ko‘rib chiqildi.

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

Tarixiy adolatni tiklash, mustabid tuzum davrida nohaq ayblangan, mol-mulki musodara etilib, surgun va qatag‘onga duchor bo‘lgan vatandoshlarni aniqlash, ularning nomini oqlash yo‘lida izchil ishlar davom etmoqda.

24 avgust kuni Oliy sudda sovet davridagi «Uchlik Kengashi»ning maxsus yig‘ilish qarorlariga ko‘ra, 1929-1931 yillarda hozirgi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari hududlarida «bosmachilik harakati»da, qurolli to‘da tuzib, sovet hukumatiga qarshi qurolli qo‘zg‘olon yoki aksilinqilobiy maqsadlarda harakatlarni amalga oshirganlikda ayblangan O‘zbekiston SSR va Qozog‘iston SSR fuqarolari bo‘lgan 240 nafar shaxsga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Bosh prokuror o‘rinbosari tomonidan bu ish yuzasidan Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya protestini berish muddatini tiklash haqidagi iltimosnomalar hamda apellyatsiya tartibida protestlar keltirildi.

Ochiq sud majlisida ushbu iltimosnomalar va protestlar ko‘rib chiqilib, qanoatlantirildi hamda Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan 240 nafar shaxsga nisbatan Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining oqlov hukmi chiqarildi.

Oliy sudning hukmi bilan reabilitatsiya qilinib, oqlangan qatag‘on qurbonlari ro‘yxati xabarda keltirilgan.

Mavzuga oid