Jahon | 19:41 / 17.12.2025
14426
5 daqiqa o‘qiladi

«U endi Putinga kerak emas». The Guardian Bashar Asadning Moskvadagi hayoti haqida yozdi

Jurnalistlar aniqlashicha, Suriyaning sobiq rahbari rus tilini o‘rganmoqda, deyarli hech kim bilan muloqot qilmayapti va oftalmologiya sohasidagi bilimlarini chuqurlashtirmoqda.

Foto: Miguel Medina / AFP / Scanpix / LETA

Suriyaning sobiq prezidenti, bir yildan buyon Moskvada yashayotgan Bashar Asad yana tibbiyot bilan shug‘ullanmoqda. Bu haqda The Guardian nashri Rossiya va Suriyadagi manbalariga tayanib xabar berdi.

Asadlar oilasiga yaqin bo‘lgan shaxsning jurnalistlarga aytib berishicha, sobiq prezident oftalmologiya bo‘yicha darslarga qatnamoqda. «U pulga muhtojligidan bunga qo‘l urayotgani yo‘q, u bu sohaga mehr qo‘ygan. Suriyadagi urushdan oldin ham u Damashqda muntazam tarzda oftalmologiya bilan shug‘ullanar edi», – deya qayd etgan u. The Guardian suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Bashar Asad rus tilini ham katta ishtiyoq bilan o‘rganmoqda.

Nashr maqolasida yozilishicha, Asadlar oilasi hashamat ichida hayot kechirmoqda, ammo uning o‘zi ihotalangan – unga Suriya yoki Rossiya elitasi vakillari bilan aloqa o‘rnatishiga ruxsat yo‘q. «Uning tashqi dunyo bilan aloqasi juda kam, agar shu ham bor bo‘lsa», – deydi Asadlar do‘sti va u «faqat bir necha kishi» bilan gaplashishini aytadi. Bunday odamlar orasida prezident ishlari bo‘yicha sobiq vazir Mansur Azzam va sobiq iqtisodiy maslahatchisi Yassar Ibrohim bor.

Kremlga yaqin bo‘lgan manbaning nashrga aytishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Asadni endi muhim figura deb hisoblamaydi, chunki «hokimiyatdan mahrum bo‘lgan yetakchilarga uning toqati yo‘q». Moskvada suriyalik sobiq diktatorni endi nufuzli shaxs sifatida ham, hatto «kechki ovqatga taklif qilish mumkin bo‘lgan qiziqarli mehmon» sifatida ham ko‘rishmayapti.

So‘nggi vaqtlarda Asadlar oilasi vakili faqat bir marta ommaga ko‘rinish berdi, shu yil yozida uning qizi – 22 yoshli Zeyn Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutini (MGIMO) tamomlagan va bitiruv marosimida qatnashgandi. U yerda sobiq diktatorning rafiqasi Asma va uning ikki o‘g‘li – 24 yoshli Hafiz va 21 yoshli Karim ham bor edi. Oila a’zolari e’tibor jalb qilmaslikka harakat qilishgan, talabalardan biri bu borada shunday deydi: «Oila uzoq vaqt qolmadi va boshqa oilalar kabi Zayn bilan sahnada suratga tushmadi».

Asadning farzandlari Birlashgan Arab Amirliklariga tez-tez tashrif buyurishadi. Ta’kidlanishicha, oila hokimiyat tepasida bo‘lgan davrda ham BAA ularning sevimli dam olish maskani bo‘lgan. Avvaliga Asadlar BAAga doimiy yashash uchun ko‘chib o‘tishga umid qilishgan, chunki bolalar Moskvada moslashishda qiyinchiliklarga duch kelishgan, ammo bu rejalardan voz kechishga to‘g‘ri kelgan. The Guardian qayd etishicha, ushbu mamlakat rasmiylari jamoatchilik fikri haqida unchalik qayg‘urmasa-da, Suriya sobiq diktatorini qabul qilish «hatto BAA uchun ham noqulay bo‘lardi».

Asadning o‘zi Rossiyaga qochib ketganidan keyingi dastlabki oylarda asosiy e’tiborini leykemiya tashxisi qo‘yilgan rafiqasining sog‘lig‘iga qaratgan. U Suriya rejimi qulashidan oldin ham Moskvada davolangandi. The Guardian manbasining so‘zlariga ko‘ra, u «Rossiya maxsus xizmatlari nazorati ostida o‘tkazilgan eksperimental terapiya»dan so‘ng o‘zini yaxshi his qila boshlagan.

Endi, deb yozadi The Guardian, Bashar Asad OAV bilan gaplashib, Suriyada sodir bo‘lgan voqealar bo‘yicha o‘z versiyasini bayon qilmoqchi. U allaqachon Rossiyaning RT propaganda kanali va o‘ng yo‘nalishdagi amerikalik podkastchilardan biri bilan intervyu o‘tkazishga kelishib olgan (nashrda uning ismi aytilmagan). Biroq, bu intervyular amalga oshishi uchun u Rossiya hukumatining ruxsatini kutmoqda.

Mavzuga oid