O‘zbekiston | 14:51 / 02.01.2026
29291
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada O‘zbekiston fuqarosi kaltaklab o‘ldirilgani aytilmoqda. O‘zbekiston nota yubordi

O‘zbekiston TIV Rossiyaning Xabarovsk shahrida OMON xodimlari O‘zbekiston fuqarolarini kaltaklagani, ulardan biri vafot etgani haqida tarqalgan xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Arxiv foto

Ijtimoiy tarmoqlarda 2025 yil 12 dekabr kuni Rossiyaning Xabarovsk shahrida OMON xodimlari O‘zbekiston fuqarolarini kaltaklagani, ulardan ikki nafari komaga tushgani haqida ma’lumot tarqaldi. Keyinroq ulardan biri vafot etgan. Ma’lum qilinishicha, voqea kafelardan birida o‘tkazilgan reyd vaqtida sodir bo‘lgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi holat yuzasidan ushbu mamlakatga nota yuborilgani haqida xabar berdi.

Qayd etilishicha, Rossiya Federatsiyasining Xabarovsk shahrida O‘zbekiston fuqarosining vafoti bilan bog‘liq holat O‘zbekistonning Vladivostokdagi bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi tomonidan nazoratga olingan.

Bosh konsulxona marhumning yaqinlari bilan doimiy aloqada bo‘lib, ularga zarur konsullik va amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Fuqaroning jasadini vatanga qaytarish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda.

Vazirlik hodisa yuzasidan O‘zbekiston bosh konsulxonasi tomonidan Xabarovsk o‘lkasi prokuraturasi, Tergov boshqarmasi hamda Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining Xabarovsk o‘lkasidagi vakolatxonasiga notalar yuborilib, holatni har tomonlama xolisona va qonuniy tartibda o‘rganish so‘ralganini ta’kidlagan.

«Ayni paytda fuqaroning vafot etish sabablari bo‘yicha rasman tasdiqlangan ma’lumot mavjud emas. Tegishli idoralardan aniq ma’lumotlar kelib tushishi bilan jamoatchilikka qo‘shimcha axborot beriladi. Ijtimoiy tarmoqlarda tilga olingan ikkinchi fuqaro haqidagi ma’lumotlar tasdiqlanmadi»,  deyiladi TIV xabarida.

Mavzuga oid