Jahon | 17:48 / 07.03.2024
11091
6 daqiqa o‘qiladi

Hindiston va Pokiston o‘rtasida navbatdagi mojaro: yadro dasturiga aloqador deb topilgan kema Mumbayda to‘xtatildi

Xitoydan Pokistonning Karachi portiga qarab suzib ketayotgan kema Mumbay sohillariga yetganda Hindiston maxsus xizmatlari tomonidan to‘xtatib qolingan. Hindlar Nhava-Sheva portida to‘xtatilgan kemada Pokiston yadro dasturi va ballistik raketa dasturida ishlatilishi mumkin bo‘lgan ikki maqsadli tovarlar bor deb hisoblagan.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi holatni tanqid qilib, kemada tijoriy yuklar bo‘lganini ma’lum qildi. Pokiston tomoniga ko‘ra, kemada tijoriy kompaniyaga tegishli avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarishga moslashgan chilangarlik dastgohlari bo‘lgan. Pokiston Hindistonni «tijoriy yuklarni tortib olish»da ayblagan.

«Pokiston Hindistonning tijoriy yuklarni musodara qilish kabi harakatini qoralaydi. Bu erkin savdo qonunlariga zid bo‘lib, shubhali reputatsiyasiga qaramay o‘zini xalqaro politsiyadek tutayotgan davlat bilan bog‘liq xatarlarni tasdiqlaydi. Bu ba’zi davlatlar xalqaro huquq normalariga rioya qilmaganiga qaramay jazosiz qolayotganining ham oqibatidir», deyiladi Pokiston tomoni bayonotida.

Shimoliy Koreyadagiga o‘xshash holat

Hindiston maxsus kuchlari tomonidan to‘xtatilgan kemada o‘z vaqtida Shimoliy Koreya yadro dasturida ham ishlatilgani aytiladigan dastgoh ham topilgan. Shuningdek, kemada Italiya kompaniyasi ishlab chiqargan dasturiy boshqaruv mashinasi ham bo‘lgan. Bu mashinalar qo‘lda qilish imkonsiz bo‘lgan darajada aniq effektlarni bajarib beradi. Shu sababli bunday qimmat mashinalar odatda raketalarda ishlatiladi.

Bunday turdagi mashinalar 1996 yilda imzolangan Vassenaar kelishuviga ko‘ra qurol ishlab chiqarishda qo‘llash mumkin bo‘lgan qo‘sh foydalanuvdagi tovarlar qatoriga kiritilgan bo‘lib, xalqaro qurollanishga qarshi kelishuvga bo‘yicha taqiqlangan. Bunday turdagi mahsulotlar xalqaro nazoratni talab qiladi. Hindiston Vassenaar kelishuvini imzolagan 42 davlatdan biridir.

Pokiston tomoni Karachi portiga ketayotgan kemada tijoriy yuklar bo‘lgan degan versiyani takrorlamoqda. «Bu tijoriy importning oddiy ko‘rinishi. Bu tovarlar Karachidagi Pokiston avtomobilsozligi uchun detallar yetkazib beradigan kompaniya tomonidan buyurtma qilingan. Dastgohlarning texnik imkoniyati ular faqat tijoriy maqsadlarga mo‘ljallanganini tasdiqlaydi. Oldi-sotdi ochiq bank kanallari orqali kerakli hujjatlar taqdim etilgan holda amalga oshirilgan», deyiladi Pokiston TIV bayonotida.

Hindiston Mudofaa tadqiqotlari tashkiloti kemadagi texnikalar Islomoboddagi yadro dasturida ishlatilishi mumkinligini tasdiqladi.

Taqdim etilgan hujjatga ko‘ra, yuklar Xitoyning Shanghai JXE Global Logistics Co Ltd kompaniyasi tomonidan Pokistonning Pakistan Wings Pvt Ltd kompaniyasiga yuborilgani qayd etilgan. Ammo Hindiston maxsus kuchlari bu yuklar aslida Xitoydagi Taiyuan Mining Import and Export Co Ltd kompaniyasi tomonidan Pokistondagi Cosmos Engineering kompaniyasiga yuborilayotganini aniqlagan.

Qizig‘i, bu Hindiston maxsus kuchlari Pokistonga ketayotgan yuklarni qo‘sh foydalanishga mo‘ljallangan degan sabab bilan qo‘lga olgan yagona holat emas. 2022 yil 12 martda hindlar aynan Pokistondagi Cosmos Engineering kompaniyasi uchun olib ketilayotgan Italiyada ishlab chiqarilgan termoelektrik vositalarni qurol-yarog‘ ishlab chiqarishda foydalanish mumkin degan vaj bilan aynan Nhava-Sheva portida to‘xtatib qolgan. O‘shandan buyon Cosmos Engineering Hindiston tomonidan kuzatuvga olingan.

The Times of Indian'ning yozishicha, 2020 yil fevral oyida Xitoy Pokistonga go‘yoki «sanoat quritkichlari» ko‘rinishida avtoklavlar yetkazib bergan.

2023 yil AQSh Sanoat xavfsizligi byurosi Pokiston ballistik raketasi dasturiga texnikalar yetkazib bergani uchun Xitoyning uchta kompaniyasiga nisbatan sanksiya joriy qilgandi.

Hindiston va Pokiston munosabatlari

Ikkinchi jahon urushidan keyin 1947 yil Britaniya Hindistoni parchalanib, mamlakatdagi musulmon qatlam Pokiston degan davlatga asos solganidan buyon ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar keskin bo‘lib kelmoqda. Musulmonlar yashaydigan Kashmir Hindiston tarkibida qolgani tomonlar o‘rtasidagi asosiy tortishuvli masala hisoblanadi.

Shu bois, ikki davlat ham o‘zaro to‘qnashuvga doimiy tayyorgarlik ko‘rib keladi. Pokiston o‘z mustaqil yadro dasturiga ega bo‘lishi o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun muhim qadam deb hisoblaydi. Chunki dunyoning eng boy davlatlaridan biriga aylangan Hindiston harbiy jihatdan sezilarli darajada qudratli hisoblanadi.

O‘z navbatida, Hindiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar ham bir tekis emas. Bu ikki davlat 2000 yil avval o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan va diplomatik aloqalar tarixidagi eng qadimiy munosabatlardan biriga asos solgan. Shunday bo‘lsa-da, chinliklar va hindlar kelisha olmaydigan jihatlar bor. Xitoy Hindistonning eng yirik iqtisodiy hamkori bo‘lishiga qaramay, hindlar Xitoy Pokiston bilan strategik sheriklik qilishini qabul qila olmaydi.

Bundan tashqari, ikki davlat o‘rtasidagi bahsli yerlar ham bor. Janubiy Xitoy dengizidagi bunday hududlar sabab har ikki davlat chegarada qo‘shinlarni kuchaytirishga zo‘r berib keladi. Bu esa Xitoy va Hindiston o‘rtasidagi yashirin ziddiyat mavjudligini ko‘rsatib qo‘yadi.

Mavzuga oid