O‘zbekiston | 11:26 / 10.03.2023
27460
2 daqiqa o‘qiladi

Yakshanba kuni ayrim hududlarda kuchli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi kutilmoqda

Bugun mamlakat hududi bo‘yicha quyoshli va juda iliq ob-havo bo‘lishi kuzatiladi, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kunduzi termometr ustuni +25...+28 darajagacha, janubda ba’zi joylarda +30 darajagacha ko‘tariladi.

Foto: Kun.uz

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, shanba va yakshanba kunlari O‘zbekiston hududiga Kaspiy dengizi hududlaridan nam va salqin havo massasi kirib kelishi kutilmoqda. Ertaga Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarida va kechga tomon Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo viloyatlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Yakshanba kuni respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda, ayrim joylarda kuchli bo‘ladi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shimoliy hududlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Bugun va ertaga respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15–20 metr/soniyagacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatiladi. Harorat kechasi +10...+15 daraja atrofida, ertaga kunduzi +21...+26 daraja bo‘ladi, yakshanba kuni havo salqinroq bo‘ladi, havo harorati +13...+18 darajadan yuqori bo‘lmaydi.

10 martda respublikaning tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi bor. 10–12 martda kutilayotgan yomg‘irlar hisobiga tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Poytaxtda bugun yog‘ingarchilik kutilmaydi, ertaga kechga tomon va yakshanba kuni kun davomida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 7–12 metr/soniya tezlikda esadi. Bugun va ertaga kunduzgi havo harorati +24...+26 darajani tashkil etadi, yakshanba kuni +17...+19 darajagacha salqinlashadi.

Mavzuga oid