O‘zbekiston | 11:46 / 18.12.2020
5668
3 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari va vaksina uchun 3 trln so‘m ajratish rejalashtirilmoqda – Timur Ishmetov

O‘zbekiston 2021 yilda koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari va vaksina sotib olish xarajatlari uchun 3 trillion so‘m ajratishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda moliya vaziri Timur Ishmetov Senat yalpi majlisida ma'lum qildi.

Oliy Majlis Senatining o‘ninchi yalpi majlisida «2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi masala muhokama qilindi va moliya vaziri sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilishi rejalashtirilgan mablag‘lar haqida ma'lumot berdi.

«Sog‘liqni saqlash tizimida jami tadbirlar uchun 4 trillion so‘m, shu jumladan, koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari va vaksina sotib olish xarajatlari uchun 3 trillion so‘m ajratish rejalashtirilmoqda», deya vazirning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Jumladan:

  • Sirdaryo viloyatida tajriba tariqasida «Elektron sog‘liqni saqlash» tizimini keng joriy etish, yagona milliy standartlar asosida integratsiyalashgan axborot tizimlari va ma'lumotlar bazasi majmuasini yaratish uchun 28 milliard so‘m;
  • Onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi uchun 126 milliard so‘m (joriy yilda 100 milliard so‘m);
  • fuqarolarimizga nefrologiya va gemodializ yordami ko‘rsatish samaradorligini oshirish xarajatlari 138 milliard so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilmoqda (joriy yilda 131 milliard so‘m).

Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha statsionar muassasalarda imtiyozli tarzda davolanuvchi bemorlarga, birinchi navbatda, ijtimoiy ahamiyatga ega hamda infeksion kasalliklarni davolovchi muassasalarda oziq-ovqat xarajatlari hozirgi kundagi oziq-ovqat normalaridan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqilgan. Buning natijasida oziq-ovqat xarajatlari joriy yildagi 353 milliard so‘m mablag‘ 1,7 barobarga oshirilgan holda 614 milliard so‘mga, dori-darmon uchun joriy yilda ajratilgan 1 trillion 400 milliard so‘m mablag‘ 1,3 barobarga oshirilgan holda 1 trillion 800 milliard so‘mga yetkazilgan.

Shuningdek, aholining sog‘lom ovqatlanishini ta'minlash uchun 28 milliard 870 million so‘m, tibbiy profilaktika ishlari samaradorligini yanada oshirish orqali jamoat salomatligini ta'minlash xarajatlari uchun 2 milliard so‘m, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 20 milliard so‘m, sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish xarajatlari uchun 7 milliard 700 million so‘m ajratilmoqda.

Mavzuga oid