Jahon | 14:44 / 10.10.2025
6443
10 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda urush tugaganini e’lon qilgan Tramp, xatoni tan olgan Putin va Hindistonga kelgan «Tolibon» vaziri – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Tramp G‘azodagi urush tugaganini e’lon qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp G‘azo sektorida urush tugaganini e’lon qildi. «Yodingizda bo‘lsa, biz yettita mojaroni hal qildik. Bu sakkizinchisi. Hammadan ham Rossiya–Ukraina osonroq bo‘ladi deb o‘ylagandim. O‘ylaymanki, bu ham amalga oshadi», dedi Tramp jurnalistlarga.

Oq uy rahbari so‘zlariga ko‘ra, shu hafta oxirida Misrga yetib boradi va G‘azo sektorida tinchlik o‘rnatish bo‘yicha to‘liqroq kelishuv imzolanadi. Shuningdek, u ikki yil oldin Hamas tomonidan garovga olingan barcha isroilliklarni dushanba-seshanba kunlari ozod qilish kerakligini qo‘shimcha qildi.

AQSh prezidenti G‘azo boy arablar hisobidan to‘liq qayta qurilishini e’lon qildi. «Bu mintaqada ba’zi mamlakatlar ulkan boyliklarga ega... Ular qiladigan ish G‘azo uchun mo‘jiza bo‘ladi», dedi Tramp.

Reutersʼning yozishicha, Donald Tramp dunyodagi boshqa yetakchilar uddalay olmagan ishni amalga oshirdi: Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahuni kengroq tinchlik bitimining birinchi bosqichini qabul qilishga majbur qilib, boshqa Yaqin Sharq davlatlarini Hamasga bosim o‘tkazishga ko‘ndirdi.

«Bosimsiz hech qanday bitim bo‘lmasdi. Bibi Trampga «yo‘q» deya olmaydi», dedi Yaqin Sharq bo‘yicha sobiq maslahatchi Dennis Ross.

AQSh milliy razvedkasi idorasi sobiq rasmiysiga ko‘ra, Tramp va undan avvalgi prezident Jo Bayden davrida buzilgan boshqa bitimlar singari bu safargi kelishuvni ham barqaror ushlab turish uchun prezident va uning xavfsizlik jamoasidan uzluksiz, puxta mehnat talab etiladi.

8 oktyabr kuni Tramp Isroil va Hamas G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasining birinchi bosqichini imzolaganini ma’lum qilgandi.

Hamas payshanba kuni vositachilar va AQSh ma’muriyatidan G‘azodagi urush to‘liq yakunlanganiga kafolat olganini ma’lum qildi.

«Biz vositachilar bo‘lgan birodarlarimizdan va AQSh ma’muriyatidan urushning to‘liq tugaganini tasdiqlovchi kafolatlarni oldik», — dedi al-Hayya.

Al-Hayya aytishicha, bitimga muvofiq 250 nafar umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan falastinlik va 2023 yildan keyin hibsga olingan 1 700 kishi ozod qilinadi. Shuningdek, ayollar va bolalardan iborat barcha mahbuslar ham qo‘yib yuboriladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Hamas falastinliklar manfaatlarini himoya qilish hamda Quddusni poytaxt qilgan mustaqil davlat barpo etish yo‘lida harakatni davom ettiradi.

Bugun erta tongda Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu idorasi hukumat G‘azodagi urushni yakunlash hamda falastinlik guruhlar bilan mahbuslar almashinuvi bo‘yicha kelishuvni tasdiqlaganini e’lon qildi.

Bundan tashqari, AQSh G‘azodagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni kuzatish uchun Isroilda 200 nafargacha amerikalik askarni joylashtirish variantlarini ishlab chiqmoqda.

New York Times ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh harbiylari logistika, transport, muhandislik va rejalashtirish bo‘yicha yordam beradi. «Ular G‘azoda bo‘lmaydi. G‘azoda birorta ham amerikalik askar bo‘lmaydi», — deya aniqlik kiritdi manbalardan biri.

Putin AZAL samolyoti halokatida Rossiya aybini tan oldi

9 oktabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahridagi sammit doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ozarboyjon yetakchisi Ilhom Aliyev bilan uchrashdi va 2024 yil dekabr oyida yuz bergan aviahalokat sabablarini aytib berdi. Putin 2024 yil dekabr oyi oxirida «Ozarboyjon havo yo‘llari» aviakompaniyasining yo‘lovchi samolyoti halokatga uchrashida Rossiya javobgar ekanini tan oldi.

«Fojia ro‘y bergan kuni Rossiya osmonida Ukraina dronlari bo‘lgan. Biz Rossiya chegarasini kesib o‘tgan uchta dronni bir vaqtning o‘zida kuzatganmiz.

Ikkinchi sabab – Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimidagi texnik nosozliklar. Otilgan ikkita raketalar bir necha metr, taxminan o‘n metr masofada portladi... Laynerga raketaning zarba beruvchi elementlari emas, katta ehtimol bilan parchalari urilgan. Aynan shuning uchun uchuvchi buni qushlar galasi bilan to‘qnashuv sifatida qabul qildi va bu haqda rossiyalik dispetcherlarga xabar berdi, bularning barchasi «qora qutilar»da qayd etilgan.

Unga Maxachqal’aga qo‘nishni taklif qilishgandi va bu ham «qora qutilar»da bor, yaxshi eshitilmoqda, lekin u baza aeroportiga, keyin esa Qozog‘istonga qaytishga qaror qildi. Shunga qaramay, fakt faktligicha qolaveradi», dedi Putin.

Shuningdek, u fojiali holatlarda talab qilinadigan hamma narsa, jumladan, kompensatsiyalar Rossiya tomonidan amalga oshirilishini aytdi. Ozarboyjon samolyoti bilan bo‘lgan o‘sha halokatda samolyotda bo‘lgan 38 kishi halok bo‘lgan edi.

Chexiya Ukrainaga qurol uchun pul bermaydi

Partiyasi mamlakatdagi parlament saylovlarida g‘alaba qozongan chex o‘ng populistlari yetakchisi Andrey Babish Rossiya tajovuzini qaytarishda Ukrainaga harbiy yordam yukini Chexiyadan to‘g‘ridan to‘g‘ri Yevropa Ittifoqiga yuklashga chaqirdi.

Agar «Norozi fuqarolar aksiyasi» partiyasi Chexiya parlamenti quyi palatasida hukmron koalitsiyani tuzishga muvaffaq bo‘lsa, unda mamlakat budjetidan Ukrainaga harbiy yordam uchun mablag‘ ajratish to‘xtatiladi. Bu haqda partiya yetakchisi, milliarder Andrey Babish ma’lum qildi.

«Chexiya uchun pulimiz yo‘q. O‘ylaymanki, biz Ukrainaga to‘g‘ridan to‘g‘ri yordam berdik, endi ularga Yevropa Ittifoqi orqali yordam beriladi», dedi u.

Andrey Babish, shuningdek, Chexiyaning Ukraina armiyasi uchun snaryadlar va o‘q-dorilar sotib olish tashabbusini to‘xtatishga yana bir bor va’da berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina uchun snaryadlar sotib olish jarayoni shaffof emas va xususiy kompaniya undan «o‘n milliardlab daromad olmoqda». Babish boshqa tafsilotlarni keltirmadi.

Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Hindistonga keldi

Afg‘oniston «Tolibon» harakati tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiy Hindistonga bir haftalik muzokaralar uchun yetib keldi. BBC’ning yozishicha, bu tashrif ilgari deyarli imkonsiz deb hisoblangandi.

Bu 2021 yilda hokimiyatni egallaganidan beri «Tolibon»ning Hindistonga amalga oshirgan eng yirik darajadagi tashrifi bo‘lib, Muttaqiy Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jaishankar va boshqa rasmiylar bilan sakkiz kunlik safar davomida diplomatik, savdo va iqtisodiy aloqalarni muhokama qiladi.

Tahlilchilarga ko‘ra, bu tashrif Hindistonning Afg‘onistonga nisbatan siyosatini faol bosqichga olib kiradi.

Bu safar Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi, shuningdek, Pokiston va «Tolibon» hukumatining yomonlashgan aloqalari fonida o‘tmoqda. Uzoq yillar «Tolibon»ning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Pokiston bu jarayonni diqqat bilan kuzatmoqda.

2021 yil avgustida «Tolibon» Kobulni egallagach, Hindiston elchixonasini va to‘rtta konsulligini yopgandi, barcha afg‘onlarga, hatto talabalar, bemorlar, tadbirkorlar va siyosatchilarga berilgan vizalarni bekor qildi.

2023 yil noyabrida esa aloqalar yaxshilana boshladi. Hindiston «Tolibon» elchisining Dehlida faoliyat boshlashiga ruxsat berdi, avval Bombayda, keyin esa Haydarobodda konsulliklar ochildi.

Putin Rossiyaning Tojikistondagi harbiy bazasi haqida

Rossiyaning Tojikistondagi harbiy bazasi mintaqadagi asosiy xavfsizlik elementlaridan biridir, dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin 9 oktyabr kuni Dushanbe shahrida Tojikiston rahbari Imomali Rahmon bilan uchrashuvda.

Putin Rossiya Markaziy Osiyoda tinchlikni saqlashga katta hissa qo‘shayotganini ta’kidladi. «Tojikistonda va butun mintaqada xavfsizlik kafolati, jumladan, respublikada joylashgan 201-Rossiya harbiy bazasidir», dedi Rossiya prezidenti.

201-baza Rossiyaning eng yirik xorijiy harbiy obekti bo‘lib, bir necha ming askarga ega va Moskvaning mintaqadagi ta’sir kuchlaridan biridir.

Baza bir nechta garnizonlarda — Dushanbe va Boxtarda (sobiq Qo‘rg‘ontepa) joylashgan hamda Rossiya Markaziy harbiy okrugiga bo‘ysunadi. Obektda motoo‘qchi, tank va artilleriya bo‘linmalari, aloqa, razvedka va havo hujumidan mudofaa qismlari joylashgan. 2012 yilda Rossiya va Tojikiston bazaning respublika hududida 2042 yilgacha qolishini uzaytiruvchi kelishuvni imzolagan. 

Mavzuga oid