O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Isroil G‘arbiy sohilda yana 19 ta posyolka qurmoqchi

Isroil hukumati bosib olingan G‘arbiy sohilda 19 ta yangi yahudiy posyolkalarini qurish taklifini ma’qulladi.

Xavfsizlik kabinetining ushbu qarori amaldagi hukumat davrida G‘arbiy sohildagi aholi punktlari sonini qariyb 50 foizga oshirdi. «Peace Now» nodavlat tashkilotiga ko‘ra, ayni vaqtda ularning soni 210 taga yetdi. Ushbu yahudiy posyolkalari xalqaro huquqqa ko‘ra noqonuniy hisoblanadi.

Mazkur qaror G‘azo bo‘yicha sulhning ikkinchi bosqichiga o‘tishga harakat boshlangan bir paytda qabul qilindi. AQSh vositachiligidagi reja Falastin davlatiga olib boruvchi ehtimoliy «yo‘l xaritasi»ni nazarda tutadi. Isroil qurayotgan noqonuniy aholi punktlari esa Falastin davlatini tuzish imkoniyatini yo‘qqa chiqarishga qaratilgan.

Isroil hukumati tarkibida aholi punktlari harakatining ashaddiy tarafdorlari radikal vazirlar – Bezalel Smotrich va Itamar Ben-Gvir hisoblanadi.

Isroil 1967 yilgi urushda — falastinliklar kelajakdagi davlat uchun da’vo qilayotgan hududlarni egallab olgan. Bugungi kunda Isroil G‘arbiy sohilda 500 mingdan ortiq, bahsli Sharqiy Quddusda esa 200 mingdan ortiq kishini joylashtirgan.

AQSh yana bir neft tankerini quvib bormoqda

21 dekabr, yakshanba kuni AQSh Sohil qo‘riqlash xizmati Venesuela yaqinidagi xalqaro suvlarda bir neft tankerini quvib borishni boshlagan. Bu haqda AQSh rasmiylari Reutersʼga ma’lum qilgan.

«U soxta bayroq ostida suzmoqda va sud tomonidan musodara qilish to‘g‘risidagi qaror mavjud», dedi AQSh rasmiylaridan biri. Uning aytishicha, to‘xtatib qolish turli shakllarda bo‘lishi mumkin — jumladan, shubhali kemalarga yaqin masofada suzish yoki uning ustidan uchib o‘tish orqali ham.

AQSh dengiz xavfsizligi manbasiga ko‘ra, gap Bella 1 kemasi haqida bormoqda. Bu juda yirik neft tashuvchi tanker bo‘lib, u Eron bilan aloqador ekani bildirilgan.

AQSh 20 dekabr kuni ham xalqaro suvlarda bo‘lgan Centuries kemasi sahniga kirib borib, uni musodara qilgan edi. OAVga ko‘ra, shanba kuni qo‘lga olingan Centuries kemasi AQSh sanksiyalari ostida bo‘lmagan, Trampning blokada haqidagi buyrug‘i esa sanksiya ostidagi tankerlarga tegishli hisoblanadi.