Jahon | 12:07 / 15.03.2024
17391
7 daqiqa o‘qiladi

«Harbiy harakatlar hududi». Ukraina Belgorod va Kursk oblastlarida diversantlar harakatlanayotganini tasdiqladi

Rossiyalik harbiy blogerlar Belgorod oblastidagi qishloqlardan biriga desant tushirilgani haqida xabar bergan. Chegara hududlar aholisi evakuatsiya qilinmoqda.

Foto: VYaCheSLAV GLADKOV/TELEGRAM

Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi vakili Andrey Yusov diversiya guruhlari Rossiyaning ikki chegaradosh hududi bo‘lmish Kursk va Belgorod oblastlarini «faol harbiy harakatlar hududi»ga aylantirgani haqida xabar berdi. Rossiya hukumati chegarani buzib o‘tishga urinishlar bartaraf etilganini xabar qilmoqda.

Yusov ukrain televideniyesi efirida «RFning Putin rejimiga qarshi kurashda o‘z fuqarolik huquqlarini qo‘lda qurol bilan himoya qilishdan boshqa varianti qolmagan fuqarolari» Rossiya regionlariga bostirib kirayotganini ma’lum qildi.

«Kursk va Belgorod oblastlari — hozirda faol harbiy harakatlar hududi hisoblanadi. Biz buni tasdiqlashimiz mumkin», — degan razvedka vakili «Inter» telekanalida.

Payshanba kuni davomida Belgorod shahri ham uch bor o‘qqa tutildi, buning natijasida kamida ikki kishi halok bo‘lib, o‘ndan ortiq kishi jarohatlangan.

Bundan avvalroq Ukraina hududida Rossiya fuqarolaridan tuzilgan uchta qurollangan guruh: «Rossiyaga ozodlik» legioni va «Rossiya ko‘ngillilar korpusi», shuningdek «Sibir batalyoni» chegaradagi oblastlarga bostirib kirish rejasi haqida e’lon qilgandi.

12 mart kuni Rossiya mudofaa vazirligi Rossiya bo‘linmalari Belgorod oblastining Spodaryushino qishlog‘i hududida Ukraina qurolli kuchlarining janglar orqali chegaradan o‘tishga bo‘lgan urinishlarini to‘xtatgani haqida xabar bergandi. Vazirlik janglar oqibatida 195 nafar ukrain harbiy xizmatchisi o‘ldirilib, beshta tank yo‘q qilingani haqida ma’lum qilgan. Bu ma’lumotni mustaqil manbalar orqali tasdiqlash imkoni yo‘q.

12 mart kuni RF mudofaa vazirligi Ukrainadan Rossiya hududiga bostirib kirishga uringan kadr kadrlarini namoyish etgandi

Bundan avvalroq rossiyalik harbiy muxbirlar ham Belgorod va Kursk oblastlarining chegara hududlarida «ukrain diversantlari» bilan janglar haqida xabar qilgandi. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, hujum qilganlar orasidagi qurbonlar soni ancha kam.

Rossiyadagi Z-kanallar 14 mart kuni kechqurun Kozinka qishlog‘i hududida Rossiya-Ukraina chegarasini buzib o‘tishga harakat qilinayotgani, u yerga vertolyot orqali desant tushirilgani hamda og‘ir janglar ketayotganini xabar qilgan. Lekin bu bayonotni tasdiqlovchi hech qanday videoyozuv keltirilmagan.

Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov payshanba kuni kechqurun Grayvoron shahar okrugiga, jumladan Kozinka qishlog‘iga tashrif buyurdi.

U shuningdek hodisa joyidan bir qancha fotosuratlar e’lon qilgan.

Gladkov jabrlangan qishloqlar aholisi bilan uchrashganini yozgan

«Tasdiqlashim mumkin: region hududida ukrain qo‘shini yo‘q, jang tashqarida kechmoqda. Ammo Kozinkamiz qattiq zarbaga uchragan, vayrongarchiliklar juda jiddiy», — deb yozgan Gladkov.

Juma kuni tongda Gladkov Grayvoron shahar okrugidan 400 ga yaqin kishi evakuatsiya qilinganini ma’lum qildi, jumladan chegaradagi Gora-Podol, Glotovo va Kozinka qishloqlari aholisi ko‘chirilgan.

«Uyma-uy yurib o‘tkazilgan so‘rov vaqtida o‘z uylarida qolishga qaror qilgan fuqarolar agar fikridan qaytgan bo‘lsa, biz ularga uylarini tark etishda yordam ko‘rsatishga tayyormiz», — deya yozgan Gladkov «VKontakte» tarmog‘idagi sahifasida.

Gubernatorning yozishicha, payshanba kuni Belgorod shahri, Belgorod rayoni va Grayvoron okrugi hududlarida jami 22 kishi jarohatlangan. Juma kuni tongdagi ma’lumotlarga ko‘ra, ulardan to‘qqiz nafari shifoxonada qolmoqda.

Bundan tashqari, oldinroq jarohatlangan aholi vakillaridan yana to‘rt kishi shifoxonada qolmoqda, deya yozgan Gladkov. Shifoxonadagi 13 yaradordan besh nafari — og‘ir ahvolda, deya qo‘shimcha qilgan u.

Kursk oblasti gubernator Roman Starovoyt ukrain diversiya-razvedka guruhi Tetkino posyolkasiga kirishga behuda uringani haqida xabar qilgan.

Rosgvardiya matbuot xizmati xabariga ko‘ra, idora xodimlari harbiylar va Rossiya FXX chegarachilari bilan birgalikda posyolkaga hujumlarni qaytarishda ishtirok etmoqda.

«Rossiyaga ozodlik» legioni va «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» so‘nggi bor 2023 yil yozida Rossiya hududiga kirishga uringandi. O‘shanda ular Belgorod oblastining Shebekino rayonida Ukraina bilan chegarada joylashgan Novaya Tavoljanka qishlog‘i egallab olinganini xabar qilgandi.

O‘tgan yil bahorida esa diversantlar Belgorod oblastidagi «Grayvoron» chegara nazorat-o‘tkazish punktiga kirgan, shuningdek Bryansk oblastidagi ikki qishloqni egallab olgandi.

So‘nggi kunlardagi voqealar rivoji

  • 8 mart kuni. AQSh va G‘arbning boshqa mamlakatlari yaqin kunlar ichida Moskva shahrida teraktlar ro‘y berishi ehtimolidan ogohlantirdi.
  • 9 mart. Ukrain dronlari Rossiya regionlari bo‘ylab yoppasiga hujum qildi, RF mudofaa vazirligi 47 ta dron urib tushirilganini xabar qildi.
  • 12 mart. Chegara hududlarida Rossiya hududiga yorib kirishga uringan ukrainparast tuzilmalar bilan janglar bo‘lib o‘tdi. Ivanovo oblastida mudofaa vazirligi samolyoti quladi, 15 kishi halok bo‘ldi. Dronlarning navbatdagi hujumi amalga oshirildi: to‘qqiz region zarba ostida qoldi, Belgorod shahrida dron oblast ma’muriyati binosiga kelib urildi.
  • 13 mart. Yana bir bor dronlarning yopirilma hujumi kuzatildi: 60 dan ortiq dronlar urib tushirilgani xabar qilingan. Ryazanda «Rosnefti» zavodi, Belgorodda — FXX binosi hujumga uchradi.
  • 14 mart. Belgorod reaktiv snaryadlar bilan o‘qqa tutildi, mahalliy aholi vakili bo‘lgan ayol halok bo‘ldi. Rossiya-Ukraina chegarasida — Rossiya hududiga kirishga uringan diversantlar bilan navbatdagi janglar bo‘lib o‘tdi. FXX Sankt-Peterburgda terakt amalga oshirishga tayyorlanishda gumonlangan to‘rt kishi qo‘lga olindi.

Mavzuga oid